Navoiy davlat universiteti tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-oktyabr, Navoiy viloyatiga tashrifi kuni Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Qaror matni OʻzAda eʼlon qilindi.
Hujjatga koʻra, Navoiy davlat pedagogika institutining barcha talabalari oʻqishini yangi oliygohda davom ettiradi. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchilarga universitet diplomi beriladi.
Kelasi oʻquv yilidan boshlab universitetda aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofazasi, logistika kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻquv mashgʻulotlarini amaliyot bilan uzviy bogʻlash maqsadida oʻquv jarayoni dual taʼlim shaklida yoʻlga qoʻyilib, korxona va tashkilotlarda tegishli yoʻnalishlar boʻyicha kafedralar filiallari tashkil etiladi.
Respublika va xorijiy davlatlarning boshqa oliy oʻquv yurtlari bilan birgalikda bitiruvchilarga ikkita diplom berish orqali taʼlimning yangi yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish koʻzda tutilgan.
Alohida bakalavriat va magistratura guruhlarida taʼlim jarayoni xorijiy tillarda tashkil etiladi, taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishga tayyorlanadi.
Universitetga 2025-yil 1-yanvardan akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Universitet faoliyatini takomillashtirish va taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda universitetda Transformatsiya markazi tashkil etilmoqda.
Mutaxassislar universitet taʼlim dasturlarini xalqaro taʼlim standartlariga moslashtirish, universitetni dunyoning nufuzli universitetlari reytingiga kiritish ustida ish olib borish, universitet dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, universitet diplomlarining xorijda tan olinishiga erishish va boshqa masalalarga masʼul boʻladi.
Universitet faoliyatini moliyalashtirish Davlat byudjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi belgilangan.
Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A.Sharipov hamda Navoiy viloyati hokimi N.T.Tursunov belgilangan.
Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir A.N.Aripov va Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.K.Abduraxmanov zimmasiga yuklatilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring