Navoiy biobibliografiyasi nashrga tayyorlanmoqda
“Xalq soʻzi” gazetasining shu yil 23-yanvar sonida eʼlon qilingan “Mamlakat ustuni, davlat tayanchi” sarlavhali maqolada akademik Akmal Saidov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinovning “Amir Alisher” nomli kitobi haqida fikr yuritish asnosida yurtimizda navoiyshunoslikni yanada rivojlantirish masalalariga ham urgʻu bergan.
Olim maqolasida yangi Oʻzbekiston bilan bogʻliq bugungi davr voqeligi Alisher Navoiyning xalqimiz va jahon madaniyati hamda ilm-fani rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini yanada keng targʻib etishni kun tartibiga qoʻyayotganini taʼkidlaydi. Bunda mustaqillik sharofati bilan Navoiy biobibliografiyasini toʻliq oʻrganish va haqiqiy tarjimai holini yaratish, ul zotning ijodi va maʼnaviy merosini aslicha, mohiyatini teran tushungan holda tadqiq qilish borasida yuzaga kelgan imkoniyatlardan izchil va samarali foydalanish talab etilishini aytadi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bibliograflari tomonidan 1968-yili oʻzbek va rus tillarida “Alisher Navoiy” biobibliografik koʻrsatkichi tayyorlanib nashr etilgan. Bu muhim ahamiyatga ega boʻlib, undan hozirgi kungacha ilmiy tadqiqot ishlarida foydalanib kelinmoqda. Ammo bibliografiyaga asosan Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi fondidagi adabiyotlar kiritilgan.
1991-yil Alisher Navoiy hazratlarining 550-yillik yubileyi bahonasida kamina va Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bibliografi, malakali mutaxassis, hozirda pensioner Apipa Turopova bilan hamkorlikda “Alisher Navoiy” biobibliografiyasini oʻzbek va rus tillarida nashrga tayyorladik. Ayrim sabablarga koʻra uning oʻzbek tilidagi nusxasi gazeta qogʻozida nashr etildi, rus tilidagi nusxasi esa yoʻqolib ketdi.
Bilamizki, shaxs bibliografiyasi uning hayoti va ijodi, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy faoliyatiga oid barcha turdagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi koʻrsatkich hisoblanadi. Bibliograf har bir materialni, kitob yoki maqolani ilmiy tahlil qilib, mazmuniga yoxud belgilangan tartibga koʻra joylashtiradi. Bundan maqsad — foydalanuvchini qiziqtirgan mavzu, muammo, asar nomi, turi, nashr yili va joyi, qaysi tildaligidan qatʼi nazar, zarur maʼlumotni oson, tez va qulay topishiga hamda foydalanishiga imkon yaratishdir.
Shu jihatdan, “Alisher Navoiy” biobibliografiyasining yangi nashri, shubhasiz, buyuk shoir va mutafakkir bobomizning hayoti hamda ijodini oʻrganishda muhim qoʻllanma boʻladi.
Ustozim, marhum akademik Azizxon Qayumov taklifi va tashabbusi bilan 1979-yildan buyon Navoiy biobibliografiyasini tuzib nashr ettirib kelamiz. Avval yillik bibliografiyalar, keyinchalik alohida bibliografik koʻrsatkich, hozirgi vaqtda esa deyarli 100-yillik vaqtni oʻz ichiga olgan biobibliografiyani nashrga tayyorlayapmiz. Unga nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijiy mamlakatlarda nashr etilgan manbalar ham kiritilgan. Manbalar nashrlarning turlari, Alisher Navoiy va unga oid asarlarning turlari, masalalar boʻyicha alohida guruhlashtirilgan. Tadqiqotchilarning vazifasi, oldiga qoʻygan maqsadidan kelib chiqib, manbalarni nashr yili, turi, alohida asarlari boʻyicha topish mumkin. Hozirgi kunda koʻrsatkich 890 sahifadan iborat. Adabiyotlar jami 13 mingga yaqin raqamlar ostida tartibga solingan. Bu ishning ahamiyati shundaki, daho bobomizga oid qanday manba boʻlsa, kitobxon oʻziga keraklisini topadi, ular bilan ishlay oladi.
Masalan, hazrat Navoiyning “Mehribone topmadim” gʻazali 10 ta manbada nashr etilgan boʻlsa, endilikda ular bir joyga yigʻildi. Yoxud “Xamsa” haqidagi materiallar dostonlar nomi ostida alohida berilgan. Alisher Navoiy asarlari qaysi tilda, masalan, ingliz, nemis, latish, tojik tilida chop qilingan boʻlsa, til nomi ostida joylashtirilgan. Har bir material ilmiy nuqtai nazardan tahlil etilib, koʻrsatkichning tuzilishi belgilangan.
Oʻylaymizki, mazkur biobibliografiya navoiyshunoslikda sarhisob qilish vazifasini ham oʻtaydi, Alisher Navoiy ijodiga qiziqishni oshiradi, shoir bilan bogʻliq maʼlumotlarning saqlanib qolishiga asos boʻladi. Shuningdek, Oʻzbekiston bibliografiyasining takomillashib borishiga yordamlashib, shu sohada taʼlim olayotgan yoshlarning nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlab borishiga turtki beradi.
Zuhra BERDIYEVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
tarkibidagi Fundamental kutubxona direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring