Navbahorning “Jannat bogʻlari”
Foto: Халқ сўзи
Navoiy viloyatida Xatirchi va Navbahor tumanlarining yer va iqlim sharoitlari meva va uzumchilik uchun nihoyatda qulay. Ushbu hududlarda yetishtirilgan olma, oʻrik, nok, shaftoli va uzum hamda mayizning taʼmi bir umr kishi ogʻzida qoladi.
— Jangda yarador boʻlib gospitalga tushdim, — deya xotirlagan edi Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, xatirchilik Ernazar bobo. — Koʻp qon yoʻqotgansan, deb har kuni besh-olti dona mayiz berishardi. Taʼmi oʻzimizning Uchqoraning mayizi. Keyin soʻrab-surishtirib oxiriga yetdim, mayiz solingan qoplarga “Xatirchiliklardan frontga”, deb yozib qoʻyilgan ekan.
Mana bu xotiralar esa Saudiya Arabistoniga olma, nok, anor olib borgan jurnalist hamkasbimiz Jonibek Shuhratovga tegishli.
— Nokdan tatib koʻrgan mezbonlarning barmoqlari shiradan bir-biriga yopishib qoldi, — deydi u. — Anordayam xuddi shunday boʻldi. Hayratdan yoqa ushlagan arablar “Agar shular Oʻzbekistondan boʻlsa, sen jannatdan kelibsan”, deyishdi.
Viloyatning Navbahor tumani “Qorajon” qishlogʻida “Paradise Garden” (“Jannat bogʻlari”) MCHJiga asos solinganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Korxona faoliyati uchun 30 gektarlik bogʻ maydoni ajratilib, Italiyaning “Dela Tof Fala” hamda Koreya Respublikasining “Beahd” kompaniyasida ishlab chiqarilgan texnologiyalar oʻrnatildi. Ushbu uskunalarda turli mevalar yuvilib, yuz foiz tabiiy sharbat siqib olinadi va pasterizatsiya qilinib (oziq-ovqat va ichimliklarning yaroqliligini uzaytirish uchun issiqlik bilan ishlov berish jarayoni — tahr) “Dovil Pak” paketlariga «Sok Vostoka» brendi bilan qadoqlanadi.
— Mahsulotimizning 70 foizi Rossiya, Belarus va Qozogʻiston hamda Koreya Respublikasiga eksport qilinadi, — deydi MCHJ rahbari Shavkat Turdiyev. — Shu tariqa Yevropa standartlariga toʻla mos sharbatlarimiz «Sok Vostoka» nomi bilan savdoga chiqarilmoqda.
Korxona ishlab chiqarish hajmini kengaytirish maqsadida Italiya va Sloveniya davlatlarining sharbat mashinasozligi korxonalari bilan yangi texnologiya xaridi boʻyicha shartnoma tuzdi. Ishlab chiqarish quvvatining oshirilishi korxona eksport geografiyasi va hozircha 33 kishilik mehnat jamoasi safining kengayishiga zamin yaratishi tayin.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring