Natijalar quvonchli, kelgusi marra yanada baland

16:56 03 Yanvar 2025 Jamiyat
464 0

Mahallaning oʻsish nuqtasi toʻgʻri tanlansa va qoʻllab-quvvatlansa, natija kutilganidek boʻladi. Bunga Namangan viloyatida erishilgan yutuqlar yaqqol misol. Keling, mavzuni uzoqdan boshlamasdan, aniq raqamlarga eʼtibor qaratsak.

Viloyatdagi drayver yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan mahallalardan 36 tasida hunarmandchilik, 69 tasida tikuvchilik, sanoat ishlab chiqarish, 112 tasida gulchilik, 46 tasida issiqxonachilik, 35 tasida dehqonchilik, 42 tasida bogʻdorchilik, 35 tasida uzumchilik va boshqa sohalar ommalashgan. Hatto echki boqish va koʻpaytirish keng tarqalgan mahallalar ham bor.

Xoʻsh, samara qanday, degan savol tugʻilishi tabiiy. Buning javobi ham aniq. Yana raqamlarga eʼtibor bering: 2021-yilda kambagʻal oilalar soni 104,5 mingni tashkil etgan boʻlsa, manzilli ish olib borilishi natijasida 32 mingdan ortiq oilalar (142 ming aholi) kambagʻallikdan chiqarildi.

Aytaylik, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Toshloq“ mahallasining drayveri — qoʻychilik. Buning ortidan aholi bandligi taʼminlangan boʻlib, fuqarolar durustgina daromadga ham ega boʻlmoqda.

— Hozir izlangan, harakat qilgan odam uchun katta imkoniyatlar bor, — deydi shu mahallada yashovchi Turdimat Mirzaqulov. — Yoshligimdan qoʻy boqishga qiziqqanim uchun oila qurgach, buni tirikchilik manbaiga aylantirdim. Hovlimdagi 3 sotix maydonda qoʻra qurganman. Hozir oʻrtacha 100 bosh qoʻy saqlayman. Shuning ortidan roʻzgʻor but, oilam toʻkis. Mahallamizning yarmidan koʻpi shu ish bilan mashgʻul. Bu borada 10 nafardan ortiq shogird tayyorladim.

Darhaqiqat, oxirgi ikki yilda “Toshloq”ning oʻzida qoʻy boqish bilan shugʻullanadigan 51 nafar yirik tadbirkor paydo boʻldi. Mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi Bahrom Tojiahmedovning aytishicha, mavjud 511 ta xonadonning qay biriga kirsangiz, albatta, oldi 50-100 boshgacha, aksariyatida oʻrtacha 5-10 bosh qoʻy parvarishlanayotganiga guvoh boʻlasiz. Ularga kreditlar berish va tajribali tadbirkorlarga biriktirish orqali soha ommalashtirildi. Shu bois, ishsiz odamning oʻzi yoʻq. Aholining yashash sharoitlari ham shunga yarasha yaxshilanib bormoqda.

Hokim yordamchisi odamlarning turmush sharoiti yaxshilanib borayotganiga isbot keltirdi. Eshitib, mahalladagi ahillik, uyushqoqlikka havas qildik: shu kuz faslida “Toshloq”ning 3,2 kilometr ichki yoʻllari toʻliq asfaltlanibdi. Eʼtiborlisi, bu ish davlat tomonidan emas, aynan mahalla ahlining oʻzaro birdamligi, shaxsiy mablagʻlari asosida hashar yoʻli bilan amalga oshirilgan.

— Yoʻllarini tayyorlash va asfalt yotqizish bilan bogʻliq ishlar uchun homiylik asosidagi mablagʻni shakllantirishga mahalla tadbirkorlari birinchilardan boʻlib qoʻl choʻzishdi, — deydi mehnat faxriysi Gʻulomjon Xudoyberganov. — Qoʻychilik bilan shugʻullanib kelayotgan Abdumalik Abdurahimov, Abdumajid Qoraboyev, Haydarali Mirzaqulov, aka-uka Turdimamat va Neʼmatilla Nuriddinovlarning har biri 50-60 million soʻmdan berdi, oʻziga toʻq koʻplab xonadonlar ular safiga qoʻshildi. Keksalar duoda, ikkita maktabimizga ravon yoʻldan oʻqishga qatnayotgan farzandlarimizning quvonganini aytmaysizmi?! Darvoqe, bizning harakatlarimizdan ilhom olib qoʻshni “Saroy” mahallasida ham yoʻllarni hashar usulida asfaltlashdi.

Kambagʻallikdan farovonlik sari tamoyilining asosiy maqsadi: odamlar band boʻlsa, yaxshi daromad topsa, shunga yarasha yashaydi va hududini ham obod qiladi. Xoʻsh, oldiga aniq bir maqsad qoʻyib, ish boshlashni niyat qilgan kishida mablagʻ boʻlmasa-chi? Bunaqalar kammi?!

Namangan viloyatida 2020-2024-yillarda tijorat banklari tomonidan 538,5 mingdan ortiq aholi va tadbirkorlik subyektlariga 30,1 trln soʻm. kredit mablagʻlari ajratildi. Bunda eng asosiy eʼtibor oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, drayver sohalarni ommalashtirishga qaratilgan. Yangi yilda esa bu kabi moliyaviy qoʻllab-quvvatlashlar hajmi yanada oshadi.

— Bunda sharoit va imkoniyat eʼtiborga olinib, aholini qiziqtirish orqali tadbirkorlar safini kengaytirish maqsad qilingan, — deydi Markaziy bankning Namangan viloyati bosh boshqarmasi boshligʻi Bekzod Sulaymonov. — Masalan, Norin tumanidagi 116 ta meliorativ tik quduqdan 34 tasida baliq yetishtirish loyihalari boshlandi. Yangi yilda yana 82 tasida davlat-xususiy sheriklik loyihasi rejalashtirilyapti. Bunda jami 3,8 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish, 450 ta yangi ish oʻrni yaratish va yiliga 2,9 ming tonna baliq yetishtirish nazarda tutilmoqda. Katta ishlarga bank tizimi bevosita bosh-qosh boʻlmoqda.

Hozir ayni oʻtgan yil sarhisobi chiqarilib, yangi yilga aniq vazifalar belgilanayotgan palla. Namanganliklar ham yutuq va kamchiliklarini tahlil qilib, oldilariga yana vazifalarni qoʻymoqda. Keling, shu oʻrinda ularning ayrimlari bilan tanishtirib oʻtaylik.

Eng avvalo, Toshkent viloyatining Angren shahridan Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanigacha boʻlgan 100 kilometr masofada yoʻlboʻyi infratuzilmasi tashkil qilish uchun “Master reja” ishlab chiqilmoqda. Uning 1-bosqichida umumiy qiymati 220 mln. AQSH dollari boʻlgan 300 ga yaqin loyiha amalga oshirilib, 5 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi, mahalliy byudjetga 550 mlrd. soʻmdan ortiq qoʻshimcha tushum boʻladi.

Yana bir katta yoʻnalish — “24/7 servis koʻchalari” tashkil etishdir. Uychi, Namangan, Kosonsoy, Toʻraqoʻrgʻon va Yangiqoʻrgʻon tumanlariga olib boruvchi yoʻllar boʻyida 285 mln. AQSH dollarilik investitsiya hisobiga 1,6 mingta xizmat va servis shoxobchalari tashkil qilib, 9 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkin. Shundan kelib chiqib, Namangan shahri unga chegaradosh 5 ta tuman bilan bogʻlovchi yoʻllar boʻyida “24/7 servis koʻchalari”ni barpo qilishga kirishilmoqda.

Eng asosiysi, 2025-2026-yillarda qolgan mahallalarning ham drayver yoʻnalishlari toʻliq ixtisoslashtiriladi. Buning uchun aniq rejalar tuzilib, loyihalar tayyorlanmoqda. Eʼtiborli jihati, bu loyihalarning aksariyati qayta va qayta qoʻrilyapti, “Yetti oʻlchab, bir kes”ilmoqda. Chunki, marra baland olingan.

Ilhomjon RAHMATOV,

Namangan viloyati hokimining axborot

siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер