“Nasaf”ning yangi oʻyinchilari jamoatchilikka tanishtirildi

Qashqadaryo viloyat musiqali-drama teatrida “Nasaf” futbol klubi aʼzolarini taqdirlash hamda klubning yangi oʻyinchilarini keng jamoatchilikka tanishtirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joiz, “Nasaf” jamoasi oʻtgan yili oʻz tarixidagi eng samarali mavsumlardan birini oʻtkazdi. Xususan, jamoa Oʻzbekiston superligasida kumush medallarni qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston kubogi sohibiga aylandi. Osiyo chempionlar ligasi bahslarida qiyin guruhdan chiqib, pley-offga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Bu yil esa jamoaning maqsadlari yanada yuqori. Jamoa mavsumni 14-fevral kuni OCHL 1/8 finali doirasidagi BAAning “Al Ayn” klubiga qarshi kechadigan oʻyin bilan boshlaydi. Shuningdek, Oʻzbekiston superligasida oʻzining ilk chempionligini qoʻlga kiritishni, Oʻzbekiston kubogi bahslarida esa chempionlikni munosib himoya qilishni maqsad qilishgan.
Shunga muvofiq, mavsumlar oraligʻida jamoa rahbariyati va murabbiylar shtabi munosib tayyorgarlikni amalga oshirdi. Transferlar bozorida faollik koʻrsatdi. Xususan, “Lokomotiv”dan darvozabon Zafar Safayevni, “Neftchi”dan yarim himoyachi Sharof Muhiddinovni, “Qizilqum”dan yarim himoyachi Islom Kenjaboyevni, Qozogʻistonning “Shaxtyor” klubidan yarim himoyachi Temur Chogadzeni (Gruziya), Albaniyaning “Partizani” jamoasidan yarim himoyachi Viktor da Silvani (Braziliya), “Navbahor”dan himoyachi Igor Golbanni, Gruziyaning “Dinamo Tbilisi”sidan hujumchi Zoran Marushichni (Serbiya) va “Ordabasi” (Qozogʻiston)dan hujumchi Bobir Abduxoliqovni oʻz safiga qoʻshib oldi.
Tantanali marosimida “Nasaf”chilarga Oʻzbekiston superligasi kumush medallarini Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, klub prezidenti Shuhrat Aslanov topshirdi va jamoaga yangi mavsum hamda xalqaro maydondagi keyingi oʻyinlarda ham omad tilashdi. Shuningdek, jamoa tarkibiga kelib qoʻshilgan yangi futbolchilar keng jamoatchilikka tanishtirilib, ularga klub ramziy liboslari topshirildi.
Taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi katta konsert dasturi tadbirga yanada oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring