“Nasaf”ning yangi mavsum oldidan tayyorgarligi qanday oʻtdi?

17:48 08 Fevral 2026 Jamiyat
339 0

“Nasaf” futbol klubi yangi mavsumga tayyorgarlikni anʼanaviy tarzda Turkiyaning Antaliya shahrida oʻtkazdi. Ikki haftalik yigʻin davomida jamoa jami 8 ta nazorat uchrashuvida ishtirok etdi. Ushbu yigʻin orqali murabbiylar shtabi jamoaning jismoniy holati, taktik tayyorgarligi hamda yangi futbolchilarning jamoaga moslashuvini baholashga harakat qildi.

Nazorat uchrashuvlarida “Nasaf” turli davlatlar klublariga qarshi maydonga tushdi. Ushbu bellashuvlar natijalari jamoaning hozirgi holati haqida bir qator savollarni yuzaga chiqardi. Germaniyaning “Svikkau” hamda Rossiyaning “Yenisey” jamoalariga yirik hisobda magʻlub boʻlindi. Ayrim uchrashuvlarda gʻalabalar qayd etilgan boʻlsa-da, umumiy manzara jamoa hali optimal holatda emasligini koʻrsatdi.

Qishki transferlar oynasi “Nasaf” uchun ogʻir kechdi. Jamoa bir qator yetakchi va tajribali futbolchilar bilan xayrlashdi. Igor Golban, Dragan Cheran, Suhrob Nurulloyev, Sherzod Nasrullayev, Javohir Sidiqov, Oybek Bozorov, Shuhrat Muhammadiyev hamda Oleksandr Vorobey kabi oʻyinchilarning ketishi tarkibga jiddiy taʼsir qildi. Bu futbolchilarning koʻpchiligi uzoq yillar davomida jamoaning asosiy ustunlaridan boʻlib kelgan edi.

Ularning oʻrnini Oybek Rustamov, Bobir Abdixoliqov, Akrom Komilov va Samandar Murodboyev toʻldirdi. Biroq yangi kelgan futbolchilar hozircha jamoaning yoʻqotishlarini toʻliq qoplay olgani yoʻq. Ayniqsa, tajriba va yetakchilik borasida sezilarli boʻshliq kuzatilmoqda.

Bobur Abduxoliqov uzoq vaqt “Nasaf”ning asosiy toʻpurarlaridan biri boʻlgan boʻlishi mumkin. Biroq hozir emas. Uning oʻyini soʻnggi yillarda yaxshigina ortga ketdi. Akrom Komilov va Oybek Rustamov esa Superliga darajasidagi futbolchilar. Ularni “Nasaf” uchun juda katta nom sifatida qabul qilish notoʻgʻri boʻladi. Yetmaganiga ularni yosh deb ham boʻlmaydi. Har ikki futbolchi 30 bilan “toʻqnashish arafasi turibdi”.

Samandar Muratbayevni kelajak koʻzlangan yaxshi transfer deb atash mumkin. Biroq jamoada Oʻzbekiston milliy terma jamoasining ikkinchi posboni Abduvohid Neʼmatov oʻynab kelmoqda. Katta ehtimol U bir necha yillar davomida “Nasaf” asosiy posboni boʻladi. Neʼmatov jarohat olsagina, asosiy oʻyinlarda Samandarni maydonda koʻrishimiz mumkin. Shunday ekan, bu transferni ham 2026-yilda jamoani kuchaytirish uchun yetarli “massaga” ega boʻlgan yurish sifatida baholashimiz qiyin boʻladi.

Klub atrofidagi yana bir dolzarb masala — homiylarning futbolga boʻlgan eʼtibori pasayganidir. Bu holat moliyaviy imkoniyatlarga ham, jamoa tarkibini saqlab qolishga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada “Nasaf” kelasi mavsumda koʻproq yosh futbolchilarga tayanishga majbur boʻlishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, jamoani yaqin orada muhim xalqaro bellashuv kutmoqda. Ertaga “Nasaf” Elit chempionlar ligasi doirasida Iroqning “Al-Shorta” klubiga qarshi maydonga tushadi. Hozirgi tayyorgarlik darajasi va tarkibdagi oʻzgarishlarni hisobga olganda, bu oʻyin jamoa uchun jiddiy sinov boʻladi.

Toʻgʻri, bu oʻyindagi gʻalaba jamoa uchun hech narsani anglatmaydi. Jamoa muddatidan avval Elit chempionlar ligasining pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatidan mahrum boʻlgan. Biroq, ushbu oʻyinda qozonilajak gʻalaba jamoaga 100 ming dollar pul mukofotini olib kelishi mumkin. Hozirda jamoa moliyaviy qiyinchiliklarga uchrayotgani inobatga olinsa, bu oʻyinga boʻlgan eʼtibor, Superliga oʻyinlarinikidan past boʻlmasligini tushunish mumkin.

Umuman olganda, “Nasaf”ning yangi mavsum oldidan tayyorgarligini toʻliq qoniqarli deb boʻlmaydi. Nazorat uchrashuvlari, tarkibdagi yoʻqotishlar va moliyaviy muammolar jamoaning mavsumni oson oʻtkazmasligini koʻrsatmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?