Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risidagi Qonun takomillashtirilmoqda

Foto: «Xalq so‘zi»
Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda respublikamizda narkologik kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qo‘yish va ularni davolash, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya qilishni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni nafaqat narkologiya muassasalarining, oila a’zolarining (qarindoshlarining) iltimosnomalariga asosan, balki ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra ham rasmiylashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan mazkur Qonunga ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni rasmiylashtirish vakolati berilishini, shuningdek, mazkur materiallarni tayyorlash tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Yana bir kiritilayotgan qo‘shimchalardan biri fuqarolarning narkologik tekshiruvdan o‘tkazilishini, maslahat berilishini, tashxis qo‘yilishini, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ambulatoriya va stasionar sharoitlarda davolanishini hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya qilinishini davlat kafolatlashi belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserining o‘zida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazilishi haqidagi norma kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish tashabbusi bilan chiqadigan shaxslar doirasini kengaytirishga, huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga hamda narkologik yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring