Namanganning ayrim tumanlarida Shahrisabz tajribasi asosida togʻ turizmini rivojlantirish master-rejasi ishlab chiqiladi

13:00 26 Mart 2024 Siyosat
504 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatining imkoniyatlarini ishga solish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Angren shahridan Toʻraqoʻrgʻon tumanigacha 100 kilometrlik yoʻlda avtomobillar oqimi kuniga 10 mingdan oshadi. Bu yoʻlni ikki tomoni yil davomida jozibali.

Lekin bu yerda odamlarni 2-3 soat ushlab qoladigan loyihalar kamligi qayd etildi. Yoʻl boʻyi servisi Pop, Chust, Toʻraqoʻrgʻon tumanlari uchun drayver boʻlishi, tadbirkorlar 2,5 trillion soʻm investitsiya kiritib, 10 ming aholini doimiy band qilishga tayyorligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga viloyat hokimligi huzurida alohida direksiya tashkil qilib, master-reja ishlab chiqish va yoʻl boʻyidagi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi.

Namangan viloyati maydonining 20 foizi togʻlardan iborat. Bu – togʻ turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyat.

Ayniqsa, bunday loyihalarni Pop, Chust, Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy va Chortoqda amalga oshirish mumkin.

Germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tajribasi asosida bu tumanlarda togʻ turizmini rivojlantirish master-rejasini ishlab chiqish va yil yakunigacha loyihalarni boshlash muhimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?