Namanganlik talabalar robot mashina ixtiro qilishdi

20:29 08 May 2024 Ilm-fan
535 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qudratilla NAJMIDDINOV/«Xalq soʻzi». Namangan muhandislik-texnologiya institutining bir guruh iqtidorli talabalari tomonidan muassasada ilk bor robot mashina yaratildi. Umumiy ogʻirligi 45 kilogramm, uzunligi 110/50 sm boʻlgan ushbu qurilma masofadan boshqariladi. U 80-110 kilogramm vazndagi yukni hech qanday qiyinchiliksiz belgilangan manzilga yetkaza oladi.

— Zamon shiddat bilan oʻzgarayotgan bir pallada robototexnika sohasi jadal rivojlanmoqda, — deydi ixtirochi talaba Shohruz Toshqulov. — Biz ham ayni sohadagi harakatlarga qoʻshilib, innovatsion gʻoyamizni amalga oshirdik. Institutimizdagi texnoparkda kashf qilingan robot mashina insonga yaxshigina yordamchi boʻla oladi. Unga «ARDUINO SMD» platasini oʻrnatdik va bu bizga boshqaruv tizimini toʻliq nazorat qilish imkonini beradi.

Talabalar kashf qilgan robot quvvatni toʻla akkumulyatordan oladi. Elektr hamda yuk koʻtarish imkoniyatini oshirish maqsadida talabalar qurilmadagi elektrodvigatellar sonini oshirishgan. Qulay tomoni, robotni oddiygina smartfon orqali ham boshqarish mumkin.

Foto: “Xalq soʻzi”

Ixtirochi talabalar oʻz yangiliklari bilan ilk sovrinni qoʻlga kiritishga ham ulgurdilar. Joriy yilning 2-4-may kunlari poytaxtimizda oʻtkazilgan «Mudofaa sanoatida innovatsion texnologiyalar festivali»da OTM jamoasi Robototexnika yoʻnalishida oʻtkazilgan musobaqada faxrli ikkinchi oʻrinni egallab, yirik miqdordagi pul mukofotini qoʻlga kiritdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер