Namanganda terroristik tashkilot taʼsiriga tushgan 21 nafar shaxs qoʻlga olindi (+video)

09:51 22 Avgust 2025 Jamiyat
138 0

Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi va viloyati ichki ishlar organlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda “Islom davlati” terroristik tashkiloti gʻoyalari taʼsiriga tushgan 21 nafar shaxs qoʻlga olindi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu guruh yetakchisi, Pop tumani Yangiobod mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy kanallar yaratib, unga “Islom davlati” terroristik tashkiloti gʻoyalarini targʻib qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan.

Aniqlanishicha, ushbu fuqaro ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish davomida ayni paytda Janubiy Koreyada mavsumiy ishlab kelayotgan Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida roʻyxatda turuvchi shaxs bilan tanishib, uning virtual taʼsirida terroristik tashkilotlar faoliyatiga jalb qilingan.

Bundan tashqari, mazkur shaxslar ota-onalarining roziligisiz sharʼiy nikohdan oʻtgan holda kelgusida jangovar harakatlar amalga oshirilayotgan oʻchoqli hududlarga hijrat qilib ketishni rejalashtirgan. Shuningdek, ular oʻzining harakatlariga uzoq qarindoshi va mahalladoshini jalb qilib kelgan.

Qonunbuzarlar ijtimoiy tarmoqlarda yashirin kanallar tashkil qilib, unga oʻzining yaqin qarindoshlari, mahalladoshlari hamda ekstremizmga moyil boʻlgan shaxslarni aʼzo qilib, ularga terroristik tashkilotlarning amalga oshirayotgan qoʻporuvchilik harakatlari, qatl sahnalari, qonli janglar, amaldagi davlat tuzumini kuch bilan agʻdarib tashlashga qaratilgan gʻoyalarni singdirib kelgan.

Tezkor tadbir davomida jamoat aʼzolaridan diniy adabiyotlar, axborot tashuvchilar va boshqa ashyoviy dalillar tegishli tartibda, xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tadbir natijasida fosh qilingan mazkur jamoatning namanganlik 4 nafar yetakchilariga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 prim 1 hamda 244 prim 2 moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularning 2 nafariga qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Qolgan 17 nafar aʼzolarga nisbatan tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер