Namanganda oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmada mingdan ortiq zotdor hayvon va parrandalar namoyish qilindi
Foto: “Xalq soʻzi”
Yangi Namangan tumanidagi “Yoshlik baraka” bozorida tashkil etilgan birinchi koʻrgazma oʻz koʻlami bilan koʻpchilikni hayratga soldi. Boisi, tadbirga 250 dan ortiq mahalliy va xorijiy tadbirkorlar mingdan koʻproq zotdor hayvon va noyob parrandalarini olib kelishgan edi. Ularni oʻz koʻzi bilan koʻrish maqsadida tashrif buyurgan tomoshabinlar soni esa 30 mingdan ortdi.
— Gullar shahrida sayyohlarni jalb etuvchi nufuzli tadbirlar yildan-yilga koʻpayib bormoqda, — dedi ochilish marosimida soʻz olgan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. — Bugungi koʻrgazma ham chorvachilik va parrandachilik boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, sohaga ilmiy yondashuvlarni olib kirish, eng muhimi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda yuqori sifatli goʻsht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Bozor hududida oʻrnatilgan vaqtinchalik qoʻralardan oʻrin olgan koʻrgazmalarda vazni 1000 kilogrammdan oshadigan zotdor novvosdan tortib, 250 kilo tosh bosadigan hisori qoʻylargacha bor. Koʻrgan kishining havasini keltiradigan chopagʻon otlar, parhez goʻshti uchun parvarishlanayotgan quyon va echki, tuyaqush, naslli tovuq hamda bedanalar, kamalakrang patli tovuslar namoyishi ishqibozlarni oʻz atrofiga jamladi.
— Zotdor qoʻylar parvarishi oilamizning eng sevimli yumushi va ayni paytda daromadli biznesiga aylangan, — deydi viloyat markazida istiqomat qiluvchi Latifjon Mirzaboyev. — Hovlimizdagi qoʻrada hamisha 50- 60 boshga yaqin Arashan, Hisor zotlilari boʻladi. Tirik vazni 150 kilodan 250 kilogacha boʻlgan goʻshtdor qoʻylarimiz bilan Qirgʻiziston Respublikasida oʻtkazilgan koʻrgazmada ishtirok etib, sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritganmiz. Endi shahrimizda ham ushbu yoʻnalishdagi tadbirning yoʻlga qoʻyilishi ayni muddao boʻldi, tajriba almashamiz, sohani yanada rivojlantirish masalalari yechim topadi.
Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Bogʻi omor marva” ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi sohibi Muhiddin Abdullayevning koʻrgazmaga olib kelgan “Semental” zotli novvosi 1,5 tonnadan koʻproq vaznga ega ekan. Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi “Bolakay” fermer xoʻjaligidan keltirilgan zotdor echkilar ham tomoshabinlar eʼtiborini tortdi. Kuniga 5-6 litrdan sut beradigan bu mahsuldor jonzotlar parvarishining oʻziga hos jihatlari haqida fermer Qudratilla Fayzullayev atrofdagilarga gapirib berli.Uning echkilaridan biri shu kuni egiz uloq qildi.
Kecha oqshomga qadar davom etgan koʻrgazma ishtirokchilari yurtimizda chorvachilik sohasiga tatbiq etilayotgan yangiliklar, zotdor hayvonlar parvarishi ustalarining ilgʻor tajribalari bilan yaqindan tanishdilar. Pirovardida, “Eng zotdor qoʻy”, “Eng zotdor ot”, “Eng zotdor novvos” nominatsiyalari boʻyicha koʻrgazmaga qoʻygan chorva hayvonlari bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Akramjon Mashrabov, Akmaljon Yusupov, Nosirjon Rajabboyevlarning har biriga 30 million soʻmdan pul mukofotlari topshirildi. Keyingi oʻrin sohiblari va koʻrgazmaning faol tashkilotchilariga ham qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring