Namanganda 500 gektar yerda lavanda yetishtirilmoqda
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Lavanda jahon bozorida yuqori baholanayotgan mahsulot. Inson salomatligiga ham foydasi bor. Guli tarkibida 1,2-2,3 foiz miqdorida efir moyi boʻlib, u tinchlantiruvchi, asab, yurak bilan bogʻliq bir qancha kasalliklarni davolashda qoʻllaniladi. Oʻsimlikning gektaridan 70-80 litrgacha moy olinadi. Dehqonchilikka qulay jihati, lavanda koʻp suv va parvarish talab qilmaydi. Bir marta ekib, oʻttiz yilgacha hosil olish mumkin.
Namangan viloyatida lavanda yetishtirish tashabbusi bilan chiqqan “Mehrigiyo” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Chorkesar mahallasi hududidan 500 gektar maydon ajratib berildi. Hozirga kelib rang-barang tusdagi lavandazorlar koʻrgan kishining koʻzini yashnatadi.
— “Mehrigiyo”ning farmatsevtika, parfyumeriya sanoati uchun qimmatli giyohlarni qadoqlash loyihasi yangi imkoniyatlarimizni harakatga keltirdi, — deydi Pop tuman hokimining investitsiyalar va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Umidjon Mirzayev. — Uning qiymati 35 million AQSH dollariga teng boʻlib, tibbiy sayyohlik xizmatini yoʻlga qoʻyish, dorivor oʻsimliklarni parvarishlash, qayta ishlash va qadoqlash singari istiqbolli yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan.
Ayni paytda bu yerga ekilgan oʻsimliklardan hosil yigʻib olishga kirishilgan. Ularni shu joyning oʻzida saralash, qayta ishlash va qadoqlash yoʻlga qoʻyiladi. Bundan tashqari, hududda sayyohlik inshootlari barpo etish ham boshlandi. Yaqin yillarda tumanimizning sayyohlik salohiyati tibbiyot turizmi hisobiga sezilarli darajada ortadi.
Darhaqiqat, oʻtgan yili ayni yoʻnalishda 7 million AQSH dollariga teng hajmdagi ishlar roʻyobga chiqarildi. Keyingi bosqich uchun moʻljallangan yiliga 1300 tonna shokolad tayyorlash sexini bunyod etish yumushlari ham boshlab yuborildi. Bir paytning oʻzida yiliga 300 tonna shifobaxsh choyni qadoqlay oladigan quvvatlar ham tez orada yaratiladi. Soʻnggi bosqichda kunlik 1000 nafar sayyohlik sigʻimiga ega markaz qurib ishga tushiriladi.
Yana bir eʼtiborli jihati, MCHJda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning barchasi ekologik soflik talablariga toʻla javob berib, yiliga 12 million AQSH dollari miqdorida Saudiya Arabistoni, BAA, AQSH, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa bir qator davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring