Namangan viloyatida xalqaro asal festivaliga tayyorgarlik koʻrilmoqda

14:45 10 Oktyabr 2023 Jamiyat
469 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Gullar shahrida bu bayram ikkinchi bor oʻtkazilmoqda. Birinchi festivalda mamlakatimiz viloyatlari, shuningdek, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlaridan hammasi boʻlib 200 dan ortiq asalarichilar jamlangan edi. Xalqaro festivalga tashrif buyurgan Namangani ahli va mehmonlar viloyat markazidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida tashkil etilgan boy koʻrgazma bilan tanishib, shifobaxsh neʼmatning   oʻziga xos xususiyatlari haqida batafsil bilib olgan boʻlsalar, koʻpchilik chiroyli idishlarga qadoqlangan totli mahsulotni mamnuniyat bilan xarid qilgan edi. Anjuman yakunida saxovat tadbiri uyushtirilib, imkoniyati cheklangan, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga 1000 kilogramm asal bepul tarqatilgangani ham ahamiyatga molikdir.

— Joriy yilning 27-29-oktyabr kunlari ikkinchi bor uyushtiriladigan xalqaro festival doirasi yanada kengayadi, —deydi Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. – Bu gal dogʻistonlik asalarichilar ham qatnashish istagini bildirishgan. Uch kun davom etadigan anjuman dasturidan shuningdek, qishloq xoʻjalik turizmi rivojiga bagʻishlangan ilmiy–amaliy konferensiya, sport musobaqalari, taniqli sanʼatkorlarning badiiy chiqishlari oʻrin olgan. Bundan tashqari havaskor asalarichilar uchun mahalliy va xorijiy mutaxassislarning mahorat darslari uyushtiriladi.

Aytish lozimki, Namangan viloyatida tabiiy darmondori hisoblangan asalni yetishtirish borasida boy tajriba toʻplangan. Ayni paytda 260 nafar mirishkordan iborat Viloyat asalarichilar uyushmasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ular parvarishida boʻlgan 210 mingdan ziyod asalari uyasidan yiliga 4,5 ming tonnadan ziyod bol yigʻib olinayotir.

                                                                      Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?