Namangan shahar hokimi qarori bilan doʻkoni buzilgan tadbirkorga kompensatsiya puli nega toʻlanmayapti?

16:42 06 Mart 2024 Jamiyat
256 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyat adliya boshqarmasiga Namangan shahar “Dambogʻ” mahallasida yashovchi Mahmudjon Qozoqboyevdan ariza kelib tushdi. Unda fuqaro shahar hokimining tegishli qarori bilan buzilgan “Savdo doʻkoni” bino-inshootlari uchun kompensatsiya pullari undirish boʻyicha yordam soʻrab, murojaat qilgan edi.

Maʼlum boʻlishicha, Namangan viloyatining yoʻl-transport va muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasini yanada takomillashtirish, shuningdek, magistral koʻchalar boʻyida zamonaviy obyektlar qurish, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish asosida shaharning markaziy qiyofasini arxitektura talablari asosida tubdan yangilash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hamda viloyat hokimining tegishli farmoyishlariga asosan Uychi koʻchasida keng miqyosdagi ishlar olib borilishi munosabati bilan turar va noturar joy obyektlarining buzilishi paytida ushbu fuqaroning Uychi koʻchasida joylashgan “Savdo doʻkoni” bino-inshootlari ham “snos”ga tushgan. Biroq, mulkdorga kompensatsiya pullari hozirgacha toʻlab berilmagan.

— M. Qozoqboyevning murojaati atroflicha oʻrganilib, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyish munosabati bilan yetkazilgan zararni, yaʼni baholash hisobotidagi 466 186 939 soʻm miqdoridagi kompensatsiya pulini undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudiga davo ariza kiritildi, — deydi viloyat adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Dilshodbek Abdullayev.

Endilikda fuqaroni anchadan buyon qiynab kelayotgan muammo yechimini topib, sud qarori ijroga yoʻnaltirilgan. Shu oʻrinda yana haqli savol tugʻiladi, shahar hokimligining har tomonlama asoslangan holda qabul qilingan hujjatini oxirigacha yetkazish masalasini sudgacha yetkazib kelish shartmidi?!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер