Muzrabotlik Oshin momo

15:28 29 Noyabr 2024 Jamiyat
215 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Muzrabot tumani Fidokor mahallasidan 70 yoshli fermer Oybahor Jabborova qariyb yarim asrdan buyon sholichilik bilan shugʻullanadi. U bu borada oʻziga xos maktab yaratgan. Birgina sholining oʻzidan yiliga 1 milliard soʻmdan ziyod daromad topadi. Halol mehnati orqali shuhrat qozongan ayolni hamqishloqlari “Oshin momo” deb chaqiradi.

Surxondaryo zamini qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining har qanday turini yetishtirish uchun qulay hudud. Bu yerda pishib yetilgan meva, sabzavotlar, don va dukkakli oʻsimliklar oʻzining mazasi, toʻyimliligi bilan mashhur. Ayniqsa, Surxon vohasida yetishtirilgan sholi boshoqlari boʻliq va guruchi shirali boʻlgani bilan ajralib turadi.

— Guruchning sifatli va toʻyimliligi maysalarning issiq quyosh nuridan bahra olib, minerallarga boy obi hayotga toʻyinib oʻsganiga bogʻliq, — deydi oʻzimizning Oshin momo. — Mamlakatimiz Janubida yetishtirilgan sholi mazali va xaridorgir. Hududimiz guruchning qadimiy maskani. Sholichilik ota-bobolarimizdan meros. Afsus, uzoq yillar viloyatimizda sholi yetishtirish eʼtibordan chetda qoldi. Shundan sholi maydonlari qisqarib ketdi. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 15-avgustdagi “Sholi yetishtiruvchilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sholichilikni yangi bosqichga koʻtardi.

Hamqishloqlari Oybahor ayani “Oshin momo” deb bejiz aytmaydi. Tinib-tinchimagan fermer quyosh ufqqa koʻtarilmasdan uyidan 25 chaqirim naridagi dalasiga oshiqadi. Axir, ayol boshi bilan 200 gektar yerni eplashning oʻzi boʻlmaydi-da!

— Fermer xarajat qilmasa, daromad koʻrmaydi. Zahmat chekmasa, foyda olmaydi, — deydi Oybahor aya. — Kechalari bilan dalamni oʻylab chiqaman. Yangi rejalar tuzaman. Tongda ekinlarimga oshiqaman. Dalamda oʻttizdan ortiq ishchi mehnat qiladi. Ularning ham roʻzgʻori but boʻlishi, orzu-havaslari roʻyobga chiqishiga masʼulman. Bir mavsumda yer maydonlaridan ham gʻalladan, ham sholidan moʻl hosil olamiz. Buning oʻziga yarasha tajribasi bor. Masalan, gektariga 250 kilogramm urugʻlik don sepilishi kerak boʻlgan joyga 300 kilogramm, sholida 320 kilogramm urugʻ qadaymiz. Dorilashda ham shunday yoʻl tutamiz. Ortiqcha urugʻ va dorilarni shaxsiy jamgʻarmamiz hisobidan xarid qilamiz. Har mavsumda rejadan ortgan 150, hatto 200 tonna gʻalla uyimizga kiradi. Sholidagi yillik daromadimiz 1 milliard soʻmdan ortadi.

Olimlar vohada sholi parvarishlash dehqonchilikning eng qadimgi turlaridan biri boʻlganini aniqlagan. Jumladan, qadimshunoslar Amudaryoning shimoliy qirgʻoqlarida olib borgan arxeologik qazishmalari chogʻida topgan guruch qoldiqlari eramizdan avvalgi 236-194-yillarga toʻgʻri keladi. Bu dunyoda sholi yetishtirishning ilk boshlanish davri sifatida qayd etilgan.

Fermer ayolning bu borada boshqalarga ibrat boʻladigan oʻz tajribasi bor. Hurmati ham uning himmatida! Oʻzi otaliqqa olgan oilalardan, ehtiyojmandlardan koʻmagini ayamaydi. “Berganga Xudo beradi” hikmati hayotiy shioriga aylangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер