Muzrabotda yangi loyihaga start berildi

16:11 20 Oktyabr 2025 Jamiyat
266 0

Muzrabot tumanida Xitoyning “Jiangsu World Machinery Co. Ltd” kompaniyasi asos solgan “GF World Termez” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangi loyiha boshlandi. Uning asosiy yoʻnalishi — 5 ming gektar maydonda zamonaviy tomchilatib sugʻorish texnologiyasidan foydalangan holda paxta yetishtirish va uni qayta ishlash.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 80 million AQSH dollari sarflanmoqda. Foydalanishdan chiqib ketgan, unumdorligi past boʻlgan yer maydonlari qayta tiklanadi va suv tejovchi yuqori texnologiyalar joriy etiladi. Shuningdek, Xitoydan olib kelinayotgan yuqori hosildor paxta navlari ekiladi, bu esa hosildorlikni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida 800 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilib, yillik 10 milliard soʻmlik soliq tushumlari byudjetga kelib tushadi. 10 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilmoqda, bu esa mintaqaning tashqi iqtisodiy aloqalarini mustahkamlaydi.

“GF World Termez” faqat paxta yetishtirish bilan cheklanmay, tumanda suv tejovchi texnologiyalar uchun zarur boʻlgan asbob-uskuna, quvur va fitinglar ishlab chiqaradigan zamonaviy korxona qurishni ham rejalashtirmoqda. Bu loyihaning integratsiyalangan rivojlanishiga va qishloq xoʻjaligi sohasida uzluksiz innovatsiyalarni joriy etishga yordam beradi.

Viloyat hokimligi bu kabi xorijiy investitsiyalar orqali hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?