“Muzeyshunoslik va arxeologiya tadqiqotlari: dolzarb muammolar va zamonaviy yechimlar” 

20:01 25 May 2023 Madaniyat
703 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Samarqandda ana shu mavzuda xalqaro forum o‘z ishini boshladi. Ikki kunlik mazkur anjuman davomida ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘p jildli katalog taqdimoti, ko‘rgazma-savdolar, teatrlashtirilgan konsert-tomosha dasturlari tashkil etiladi.

Bugun 25 may kuni Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston fanlar akademiyasi hamda xorijiy hamkorlar ishtirokida “Muzeylar - madaniy merosning muhim manbai: an’analar va yangilanishlar” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Madaniy meros agentligi, Samarqand arxeologiya instituti, O‘zbekiston fanlar akademiyasi Millliy arxeologiya markazi, Oliy o‘quv yurtlari, davlat muzeylari xodimlari va boshqa ilmiy jamoatchilik xodimlari, Qozog‘iston, Rossiya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarning mutaxassis olimlari ishtirok etishdi.

Konferensiyada arxeologiya merosi ob’yektlarini konservasiya qilish va muzeylashtirishda ularning ahamiyatini aniqlash va baholashning ahamiyati, madaniy meros ob’yektlarining ahamiyatini aniqlash bosqichlari, baholash, muhofaza qilish va saqlashdagi o‘rni hamda bundan kelib chiqadigan maqsad, ularni kelajak avlodga yetkazish, shuningdek, foydalanishni yo‘lga qo‘yish usullarini ishlab chiqish kabi masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari so‘nggi yillarda noyob yodgorliklarni o‘rganish, tasniflash, restavrasiya va konservasiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar o‘z ifodasini topdi. Arxeologik yodgorliklarni muzeylashtirishda mavjud turli yondoshuvlar va mezonlar, ya’ni, yodgorlikning tarixiy ahamiyati, saqlanish darajasi va badiiy qiymati kabilarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tadqiqotlar natijasida arxeologik yodgorliklarni muzeylashtirish, konservasiya va restavrasiya qilish, saqlab qolish va hujjatlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tilib, ularni amaliyotga joriy etish usullarini yo‘lga qo‘yish takliflari kiritildi.

Mazkur xalqaro konferensiyadan ko‘zlangan maqsad nafaqat O‘zbekiston, balki butunjahon muzeyshunosligi hamda arxeologiya sohasida mavjud muammolarni aniqlash, ularning yechimi yuzasidan mutaxassislar oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilashdan iboratdir. Shu bilan birga konferensiya davlat muzeylari tizimini yanada takomillashtirish, ularning jamiyatdagi tutgan o‘rnini oshirish, muzey fondlarida saqlanib kelinayotgan nodir eksponatlarni asrab-avaylash, o‘rganish, muzey fondlarini boyitib borish, dunyo miqyosida targ‘ib qilish masalalarini muhokama qilishda muzokara maydonchasi vazifasini o‘taydi.

Konferensiyada ko‘tarilgan qator dolzarb masalalar soha olimlari o‘rtasida muzey ishi nazariyasi va amaliyoti, sohadagi yangi usul va vositalar, amaliyotda innovasion texnologiyalardan keng foydalanish, tarixiy-madaniy yodgorliklarni muzeylashtirish, muzeylarda ilmiy tadqiqot faoliyatni jonlantirish va albatta bugungi kunda zamonaviy muzeyshunoslikning muhim bo‘g‘iniga aylangan muzey menejmenti va marketingi kabi yo‘nalishlarni keng muhokama qilinishiga zamin yaratdi.

26 may kuni forumning ikkinchi kunida O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida “Samarqand muzeyi durdonalari turkumidan” ko‘rgazmasi ochilishi,  va “Buyuk ipak yo‘li tadqiqotlari” ko‘p jildli katalogining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tadi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?