Mutaxassis: Qoʻziqorinning isteʼmolga yaroqli va zaharli turlarini bir-biridan ajratish juda murakkab
Bahorda tez-tez yomgʻir yogʻishi tufayli dala-dashtlarda qoʻziqorinlar koʻpayadi. Bunday paytda ularni bilib-bilmay isteʼmol qilish gohida noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Chunki ushbu tabiat neʼmatining ayrim turlari oʻta zaharli boʻlib, inson salomatligi uchun xavfli hisoblanadi. Ayniqsa, qoʻziqorinlarning mogʻorlagan, shilliq bilan qoplangan va uzoq muddat turib qolganlari isteʼmol qilinganda organizmga jiddiy zarar yetkazishi hech gap emas.
— Oʻzbekiston zaminida zamburugʻlarning 200 ga yaqin turi aniqlangan, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Juman Toʻychiyev. — Shundan 20 ga yaqini isteʼmol uchun yaroqli. Bahor va kuz fasli qoʻziqorinni sevib isteʼmol qiluvchilar uchun qulay fursat hisoblanib, koʻcha-koʻylar, katta avtomagistral yoʻllarda ayrim shaxslar tomonidan qoʻziqorinlarni sotish holatlari kuzatiladi.
Uning isteʼmol qilish mumkin boʻlgan va zaharli turlarini bir-biridan ajratish juda murakkab. Koʻp hollarda ular bir-biriga juda oʻxshab ketadi. Yaroqlilariga — oq qoʻziqorin, qizil qoʻziqorin, shampinyon va opyonok kabilar, zaharlilariga — qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qoʻziqorin, soxta shampinyon va boshqalar kiradi.
Ayniqsa, rangsiz qurbaqasalla turdagisi eng zaharli boʻlib, uning ozgina miqdori yeyilganda ham kishi hayotini xavf ostida qoldirishi mumkin. Tuzlangan yoki marinadlangan qoʻziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda ham zaharlanish roʻy berishi ehtimoli yuqori.
Bundan tashqari, uning “smorchok” va “strochok” turlaridan notoʻgʻri taom tayyorlanishi ham zaharlanishga sabab boʻladi. Chunki uning tarkibida zararli gelvelat kislotasi boʻlib, u suvda yaxshi eriydi. Shu sababli ushbu qoʻziqorinlarni isteʼmol qilishdan oldin qaynatib, suvini toʻkib tashlash kerak.
Shuningdek, avtomagistral yoʻl yoqalari, kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida oʻsadigan qoʻziqorinlardan ham zaharlanish mumkin. Sababi mashinalardan chiqadigan is gazi va zaharli moddalarni qoʻziqorinlar tarkibiga singdirib olishi mumkin. Yaʼni bunday hollarda isteʼmolga yaroqli boʻlgan qoʻziqorinlardan ham zaharlanish mumkin.
Odatda ushbu mahsulotni tanovul qilganda bir yoki bir necha shaxslar zaharlanadi. Bunday paytda kasallik belgilari uning turiga qarab, turlicha namoyon boʻladi.
Asosan bemorda asab tizimi faoliyatida oʻzgarishlar, soʻlak oqishi, koʻp terlash, koʻngil aynishi, qayt qilish, kuchli bosh ogʻrigʻi, holsizlik, qorin sohasida qattiq ogʻriqlar, bosh aylanishi, ich ketishi, koʻzdan yosh oqishi kabi belgilar kuzatiladi.
Shuningdek, tomir urishi sekinlashadi va sustlashadi, alahsirash, titrash kuzatiladi. Koʻz qorachigʻi kengayadi yoki torayadi. Zaharlangan insonga oʻz vaqtida tez tibbiy yordam koʻrsatilsa, odatda 1-2 kundan soʻng sogʻayib ketadi. Aks holda, bemorning ahvoli ogʻirlashib, oʻlim bilan yakun topishi ham mumkin.
Bunday noxush holatlar kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qoʻziqorinlarni ajrata olishi lozim. Bozorlar va savdo doʻkonlaridan ushbu mahsulotni xarid qilmoqchi boʻlsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan maʼlumotnomani talab qilishingiz zarur.
Avtomagistral yoʻl yoqalari, zaharli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflari, koʻcha-koʻylarda aholi tomonidan sotilayotgan qoʻziqorinlarni aslo xarid qilmaslik kerak.
Eng toʻgʻrisi, uni turgʻun savdo shoxobchalari, belgilangan joylardan sotib oling va mahsulot sifatini kafolatlovchi tegishli hujjatlar borligiga eʼtibor qarating.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring