Mustaqil Oʻzbekiston yoshlari — har sohada ilgʻor, salohiyatli va berilgan ishonchni oqlashga qodir

18:59 28 Avgust 2024 Siyosat
244 0

Bugun Oʻzbekiston yoshlari nimalarga qodir ekanini butun dunyoga isbotlashyapti. Mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida Parijda boʻlib oʻtgan Olimpiadada sportchilarimiz 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritib, dunyoda 13, Osiyoda 4, MDH va turkiy davlatlar orasida 1-oʻrinni egallashdi. Uch nafar sportchimiz ikki karra olimpiya chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganiday, bu bilan Yangi Oʻzbekiston yoshlari nimaga qodir ekanini butun dunyoga koʻrsatdi, ularning natijalari tarix kitobimizga zarhal harflar bilan muhrlandi.

Yurtimizning bunday yosh qahramonlari nafaqat sport balki, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohasida ham koʻp. Birgina 2023/2024 oʻquv yilida 42 nafar oʻquvchimiz xalqaro fan olimpiadalarida 5 ta oltin, 12 ta kumush, 25 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Madaniyat va sanʼat sohasida 8 674 nafar yosh nufuzli xorijiy tanlovlarda ishtirok etib, ulardan 383 nafari gran-pri, 1 359 nafari 1-oʻrin sohibi boʻldi. Ana shunday ilmga chanqoq yoshlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Albatta, bunday natijalarga erishish oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning isteʼdod va salohiyatini roʻyobga chiqarishda soʻnggi 7-yil katta oʻsish davri boʻldi. Oʻtgan yillar mobaynida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qarorlar qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyozlar ajratildi. Bu bilan cheklanib qolmay, davlatimiz rahbari oʻz navbatida Oʻzbekiston yoshlariga qaratilayotgan bunday eʼtibor va sharoitlarni karrasiga koʻpaytirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, yosh avlodga huquqiy kafolatlarni yaratishdan tortib, sifatli bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, shaxs sifatida kamol topishi, mehnat qilib, farovon kelajagini bunyod etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Yoshlar taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanish, muammolarini vaqtida hal etish, ularni shaxs sifatida rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, professional kasb mahoratini shakllantirish kabi vazifalar yaqin 10-yillikda bu qatlam davlat va jamiyat boshqaruvida hal qiluvchi kuchga ega boʻlishi “Yoshlar kelajagi bilan bogʻliq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega” ekanini ochiqlab beradi. Bu jarayonlar esa “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida ham oʻz aksini topgan. Birgina misol bilan ushbu muhim hujjatning “Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlangan 44 banddan iborat birinchi yoʻnalishining 25 dan ortigʻi bevosita yoshlar manfaatlariga qaratilgan.

Yoshlar siyosati — tizimli, yangi va samarali bosqichga koʻtarildi

Navqiron avlod muammosi barchaning muammosi, desak, mubolagʻa emas. Yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari bir martalik, “ura-ura”chilikda emas, tizimli, yangi va samarador yoʻnalishlarda davom ettirilmoqda. Mamlakat rivoji va farovonligi, eng avvalo, unda istiqomat qilayotgan yoshlarni toʻgʻri tarbiyalash va zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bilan bogʻliq. Yoshlarning hayotiy qiyinchiliklari, kelajak maqsadlari yoʻlidagi toʻsiqlarni yengib oʻtishiga har birimiz yakdil va hamjihatlikda harakat qilsakkina koʻmaklasha olamiz. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan eng avvalo, ishsiz, davlat koʻmagiga muhtoj 120 mingdan ortiq yoshlar har bir vazir va uning oʻrinbosarlari, viloyat, tuman hamda shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga nomma-nom biriktirildi. Bu ham mamlakatimizda hech bir yosh davlat eʼtiboridan chetda emasligini anglatadi. Milliy, umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ushbu tizim orqali masʼullar oʻz himoyasidagi oʻgʻil-qizlarning kasb-hunar oʻrganishiga, kredit, subsidiya va kafillik olish orqali bandligiga koʻmaklashmoqda.

Shuningdek, 4 mln. nafar yoshlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan otaliqqa olindi. Quvonarlisi, otaliqqa olingan yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashilib, ijtimoiy va maishiy muammolari hal etilmoqda. Misol uchun, Andijon shahri “Qalandarxona” mahallasida yashovchi Muhammadusmon Muqimov Mudofaa organlari tomonidan otaliqqa olinib, psixotrop moddalar taʼsiridan chiqarildi. Natijada Muhammadusmonning hayot tarzi oʻzgarib, Andijon shahridagi 14014-harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni oʻtamoqda.

Yangi tajriba asosida vatanparvarlik oromgohlari, “Jasorat” maktablari, harbiy xizmatga jalb etish boʻyicha yoshlar yetakchilari tomonidan 116 mingdan ortiq tadbirlar oʻtkazilib, millionlab yoshlar qamrab olindi. Bundan tashqari, harbiy xizmatga borish istagidagi 25 mingdan ortiq yoshlarning roʻyxati shakllantirilib, harbiy xizmatga jalb etildi va 10 mingdan ortiq yoshlar kelgusi yil uchun zaxiraga olindi.

“Yoshlar balansi” — imkoniyatlar maydoni

Joriy yil yosh avlodning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish va bandligini taʼminlash maqsadida respublikamizdagi 9 452 ta mahallada 8,3 mln. nafar “Yoshlar balansi” shakllantirildi. “Yoshlar balansi”ga olingan yoshlarga kasb-hunar oʻrgatilib, chet tillarga oʻqitildi, bandligi taʼminlanib, boʻsh vaqti mazmunli tashkil etildi.

“Yoshlar balansi” asosida 138 ming nafar yoshlar boʻyicha mahallalar kesimida “fuqarobay”, “Yoshlar bandligi dasturlari” ishlab chiqildi. Ishsiz va norasmiy band boʻlgan yoshlarning bandligini taʼminlashda “Uychi tumani namunasi”dan kelib chiqib, “Yoshlar bandligi dasturlari”dagi 109 ming nafar ishsiz yoshlarning rasmiy bandligi taʼminlandi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 57 ming yoshga 1 mlrd. soʻmdan ortiq imtiyozli kredit ajratildi, minglab yoshlar kasb-hunarga oʻqitilib, bandligi taʼminlandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 105 ming yoshga “Yoshlar daftari” orqali 209 mlrd. soʻmdan ortiq ijtimoiy-iqtisodiy (kasblar va xorijiy tillarni oʻrganish, taʼlim toʻlov-shartnomasi, harbiy xizmat badali, davolanish xarajatlari, mehnat qurollari va boshqa) yordamlar koʻrsatildi.

Bundan tashqari, 155 mingdan ortiq yoshga dehqonchilik qilishi uchun “mahalla yettiligi” tavsiyasi bilan 60 ming gektar unumdor yer maydonlari ajratildi. Misol uchun, Koson tumanidagi “Tinchlik” mahallasida yashovchi 21 yoshli Madamin Xushvaqtov oʻziga ajratilgan 1 gektar yer maydoniga dukkakli ekin — mosh ekkan va joriy mavsumda 50 mln. soʻm daromad kutmoqda. Keyingi mavsumda tarvuz yetishtirish orqali 55-60 mln. soʻm daromad olishni reja qilgan.

Chet tili va zamonaviy kasblarni oʻrganish — davr talabi

Yaqinda Germaniyaning Gettingen shahrida dunyoning 62 mamlakatidan 100 nafardan ziyod oʻquvchi ishtirokida boʻlib oʻtgan Butunjahon nemis tili olimpiadasida hamyurtimiz Rayyona Ibrohimova oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bugun Rayyona Ibrohimova kabi Oʻzbekiston farzandlari yuksak bilim va salohiyati bilan dunyoni lol qoldirayotgani har birimizga iftixor bagʻishlaydi.

Dunyoda taraqqiyot shiddat bilan ilgarilab borayotgan hozirgi davrda ilgʻor bilim va texnologiyalarni egallagan, xorijiy tillar hamda zamonaviy kasblarni mukammal oʻzlashtirgan yoshlar oʻz Vatanining haqiqiy tayanchi va suyanchi hisoblanadi. Shu sabab “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 1 mlndan ortiq yoshlar 23 ta xorijiy tillarni, “Ustoz AI” loyihasi doirasida 67 mingdan ortiq yoshlar 20 ga yaqin zamonaviy kasblarni onlayn oʻrganmoqda.

Xorijiy tillar boʻyicha xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasidagi sertifikatga ega boʻlgan 33 mingdan ortiq yoshga 61 mlrddan ortiq imtihon xarajatlari qoplab berildi. Buning natijasida bugungi kunda Vatanimizning 110 ming nafar oʻgʻil-qizi xorijda tahsil olmoqda.

Shuningdek, yuqori daromadli faoliyatga jalb etish maqsadida “Kelajak kasblari” loyihasida 18 mingdan ortiq yoshning oʻquv markazlardagi kurs xarajatlari ham toʻlab berildi. Bundan tashqari, Germaniyada dual taʼlim (Ausbulding) dasturi doirasida 8 mingga yaqin yoshlar nemis tili kurslarida oʻqitilib, shundan 500 dan ortigʻi Germaniyaga kasbiy taʼlim olish va ishlash uchun yuborildi.

Bunday saʼy-harakatlar natijasida yuzlab yoshlarimiz yurtimiz va xorijda ishlab, yuqori daromadga ega boʻlmoqda. Xususan, Chortoq tumanidagi “Navroʻz” mahallasida yashovchi talaba Saidismoil Dadaxoʻjayev Toshkent shahridagi “Olmon akademiyasi” oʻquv markazida oʻqituvchi sifatida oyiga oʻrtacha 12 mln. soʻm daromad olmoqda. Shuningdek, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Buyuk zamin” mahallasidagi 26 yoshli Nargiza Noʻmonjonova Germaniyadagi “Berlin Scharite universiteti medizin” klinikasida hamshira sifatida ishlab, oyiga 2 ming yevro pul topmoqda.

Quvonarlisi, bu yoʻnalishda olib borayotgan loyihalarimiz oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Yoshlarimiz dunyoning eng mashhur oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyapti, IT kompaniyalarida ishlayapti. Masalan, xorazmlik iqtidorli yosh Abdulaziz Sobirov dunyoning eng nufuzli “Garvard”, buxorolik Sayfullo Saidov “Prinseton”, Toshkentlik Allomaxon Fayzullayeva “Brovn” univesitetiga 100 foizlik grant bilan oʻqishga qabul qilindi. Yana bir yosh, Botir Qobilov yaqinda Garvard biznes maktabida doktorlik darajasini olgan birinchi oʻzbekistonlik boʻldi. Hamyurtimiz Damir Musayev esa AQSHdagi Yel universitetida genetika sohasida fan doktori ilmiy darajasini oldi.

Atoqli adibimiz Oybek domla taʼriflaganidek, kitob — tafakkurning tolmas qanotlaridir. Shu maʼnoda aytish mumkinki, kitob — insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasidir. Biroq hech kimda oʻz-oʻzidan kitobga mehr-muhabbat paydo boʻlib qolmaydi. Nimadir unga turtki, nimadir sababchi boʻladi. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatda yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “Besh muhim tashabbus” loyihasi doirasida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish orqali yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan “Yosh kitobxon” tanlovi minglab yoshlarni kitobxon qilmoqda. Eʼtiborlisi, bu mavsumdan tanlov bosh sovrini uchun Prezident sovgʻasi sifatida 3 ta elektromobil qoʻyiladi.

Kitobxonlik borasida Yoshlar ishlari agentligining “Mutolaa” loyihasi orqali 573 mingdan ortiq yoshlar qamrab olinib, loyiha doirasida 1 175 ta audio va 1 359 ta elektron kitoblar yaratildi. Bugungi kunda “Mutolaa” loyihasi orqali 1 mlndan ortiq kitob oʻqilmoqda. Ishonchim komilki, ushbu loyiha bugungi globallashuv jarayonida yoshlarni yot gʻoyalar xurujidan ishonchli himoya qilish uchun muqobil axborot resurslaridan biriga aylandi.

Bugungi kunda qiziqarli multfilm yordamida bolalar ruhiyatiga, ularning shaxs boʻlib shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatish mumkinligi dunyo olimlari tomonidan qayta-qayta isbotlanmoqda. Afsuski, yurtimiz bolajonlarini telefon, planshet yoki televizorga oʻzimizning multfilmlar emas, aksincha, turli gʻoyalar singdirilgan xorij animatsion mahsulotlari bogʻlab qoʻyayotgani bor gap. Begʻubor va mitti qalblarni “oziqlantirish” chet el multfilmlariga qolib ketayotgani xavotirli. Shu bois yaqinda bolalar uchun animatsion, qisqa metrajli multfilmlar tayyorlashga qaratilgan “Bek va Lola” loyihasiga start berdik. Qisqa muddatda loyiha doirasida ishlab chiqilgan 2 ta video internet tarmogʻida ommalashib, 10 mingdan ortiq tomosha qilindi.

Maʼnaviy barkamollik yoʻlida

Yoshlar qanchalik maʼnaviy barkamol boʻlsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shunchalik kuchli boʻladi. Shu bois yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda hududlarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida jami 224 ta koʻngilochar obyektlar, 65 ta “Yoshlar saylgohlari” va 93 ta “Yoshlar ijod koʻchalari”da turli tanlov va musobaqalar tashkil etilib, ular orqali millionlab yoshlar qamrab olinmoqda.

Shuningdek, hududlardagi 53 ta “Yoshlar markazi” va istirohat bogʻlarida har kuni “Kino namoyishi”, “Yoshlar oqshomi”, gala konsert, diskoteka va koʻngilochar musobaqalar tashkillashtirilib, bugungi kunga qadar 4 mlndan ortiq yoshlar qamrab olindi. Jumladan, Toshkent shahridagi “Gʻafur Gʻulom” bogʻi, Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi”, Termiz shahridagi “Vatanparvarlar” bogʻi va Nukus shahridagi “Yoshlar markazi” hududida turli festival, forum hamda konsertlar tashkil etilib, kunlik 50 ming yoshlar qamrab olinmoqda.

Iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da namunaviy “Kreativ park” tashkil etildi. Bunda zamonaviy “Animatsiya maktabi”, “Yoshlar nashriyotlari” va “Ibrat farzandlari” loyihalari, yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan “Fitrat media”, “Shaxmat klubi”, “Volontyorlar maktabi” hamda “Kulolchilik akademiyasi” faoliyati yoʻl qoʻyilib, hozirga qadar 700 mingdan ortiq yoshlar qamrab olindi. Shu bilan birga, yoshlarning ITga qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash va ular oʻrtasida kibersport musobaqalarini ommalashtirish maqsadida Jizzax shahrida “Kibersport arenasi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashil etish maqsadida Talabalar shaharchasida tashkil etilgan “Zakovat arena”da intellektual oʻyinlar, koʻngilochar tadbirlar, tanlovlar oʻtkazilmoqda. Yana bir yangilik, oʻzbekistonlik zakovatchilar joriy yilning 5-avgust kuni Qozogʻistonning Ostona shahrida birinchi marotaba tashkil etilgan “Zakovat Asian Cup” intellektual musobaqasida Qozogʻiston jamoasini magʻlub etib, birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi”ni yil davomida oʻtkazish amaliyoti joriy etilib, hozirga qadar 1 mlndan ortiq yoshlar ishtirokida “Boʻzatov — yoshlar ovozi” tanlovi, yosh musavvirlar, mushoira, zakovat, yengil atletika, stol tennisi, strit vorkaut, shaxmat-shashka musobaqalarining mahalla bosqichlari oʻtkazilib, jami 7 mlndan ortiq yoshlar qamrab olindi.

“Davlat xavfsizlik xizmati” kubogi musobaqalari ham yoshlar oʻrtasida futbolni yanada ommalashtirishga xizmat qilmoqda. Ushbu musobaqa joriy yilning oʻzida 560 mingdan ortiq yoshlarni qamrab oldi.

Yangi tashabbuslar — yangi imkoniyatlar sari yoʻl ochadi

Bilasiz, yoshlarga oid davlat siyosati hech qachon toʻxtab qolmaydi, u izchil va hayotiy islohotlar davr talabi hamda mavjud shart-sharoitdan kelib chiqib, takomillashtirib boriladigan uzluksiz jarayondir. Shu bois bundan keyin ham yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularni kamol toptirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida doim eʼtibor markazda boʻladi.

Bu borada davlatimiz rahbari joriy yil “Yoshlar kuni” arafasida yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilib, yoshlar bilan ishlash borasida bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surgandi. Shunga muvofiq, “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” tomonidan yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihalari tanlab olinib, ularga “biznes paket” qilib beriladi. Shuningdek, loyihani tayyor biznesga aylantirib, daromad keltirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarda koʻmaklashadigan tizim yaratilmoqda. Hududiy hokimliklar bilan birgalikda 14 ta tuman tanlab olinib, “toʻrtinchi sanoat” kasblariga oʻqitish markazlari ochiladi.

“Surxondaryo tajribasi” asosida har bir viloyatda bittadan yangi yondashuv asosida “Yoshlar sanoat zonasi”da sanoat binolari quriladi. Har bir viloyatda bittadan “Kreativ sanoat parklari” tashkil etiladi. Ushbu parklar oliy taʼlim muassasalari va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi. Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes oʻrtasida muloqot maydonchasi boʻladi. Magistral yoʻllar boʻyida 50 mingta koʻchma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi.

Oʻzbekistonga yuksak eʼtibor namunasi

Quvonarlisi, Oʻzbekistonda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda. Oʻtgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga koʻra, yurtimiz yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb eʼtirof etilgani buning yaqqol isbotidir. Shuningdek, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi — 2030”ni namunaviy tarzda amalga oshirish boʻyicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biri ham aynan bizning mamlakatimizdir.

Bu yil mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilgan Butunjahon yoshlar festivali ham Oʻzbekistonga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasidir. Asosiysi, yurtimiz yoshlarining butun dunyoda doʻstlari, hamkorlari koʻpaymoqda, bilim va kasb oʻrganish, global muloqot hamda almashuvlarda ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda.

Agar hammamiz yakdil, hamjihat harakat qilsak, yoshlarning hayotiy qiyinchiliklari, maqsadi yoʻlidagi toʻsiqlarni yengib oʻtishiga koʻmaklashgan boʻlamiz. Bugun jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etiluvchi kelajak avlodga yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaralmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor boʻlib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir”.

Alisher SAʼDULLAYEV,

Yoshlar ishlari agentligi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер