Musavvirlarimiz ijodi Turkiyada eʼtirof etilmoqda

Mamlakatimizda ijod qilayotgan xalq amaliy sanʼati ustalari, musavvirlar ijodiga chet ellarda ham qiziqish ortib bormoqda. Eng quvonarlisi xorijiy davlatlarda oʻzbek rassomlarining sara asarlari koʻrgazmalari tashkil etilyapti.
Ayni kunlarda Turkiyada shunday tadbirlardan biri oʻtkazilmoqda. “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy yordam” assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmaga bir guruh oʻzbekistonlik ijodkorlar taklif etildi. Ular orasida Buxoro shahridagi “Abri bahor” tasviriy sanʼat markazi rahbari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlari uyushmasi aʼzosi Rahim Hakimov ham bor.
— Bizni turk qardoshlarimiz juda iliq qarshi oldilar,— deya oʻz taassurotlarini telefon orqali oʻrtoqlashdi R. Hakimov.-— Kayseri shahrida oʻtkazilgan koʻrgazmamiz tasviriy sanʼat muxlislari bilan gavjum boʻldi. Bu yerda hamkasblarimizning eng sara asarlari namoyish etilyapti. Tadbir asnosida turk musavvirlari, sohaning yetakchi mutaxassislari bilan ijodiy uchrashuvlar oʻtkazib, oʻzaro tajriba almashyapmiz. Bu yerda xususan, “ Abri bahor” sanʼatini juda qadrlashadi.
Musavvirning taʼkidlashicha, “Abri bahor”ning ikki xil usuli bor. Ishlash jarayoni bir – biriga oʻxshash. Unda asosan suvda eriydigan boʻyoqlar ishlatiladi. Har biri alohida idishda eritib tayyorlanadi. Har bir rang uchun alohida moʻyqalam ishlatiladi. Aks holda ranglar musaffoligi buziladi. Turli xil qalinlikdagi simlardan tayyorlangan bigiz va taroqlar kerak boʻladi. Ular yordamida butasimon qitʼa oʻsimligi shirasi ustiga sepilgan ranglarga turlicha shakllar beriladi. Jarayonda qoramol zardobidan ham foydalaniladi. U boʻyoqlarni suyuqlik ustiga yoyilishini taʼminlaydi. Pirovardida hayratomuz ranglar uygʻunligi hosil boʻladi.
Aytish joizki, Rahim Hakimov “Abri bahor” sanʼatining zamonaviy yangi yoʻnalishini yaratgan ijodkor sanaladi. Joriy yilda Amsterdam (Niderlandiya)ning Yunus Emre nomidagi institutida rassomning “Afsonalar yurtiga sayohat” deb nomlangan koʻrgazmasi boʻlib oʻtgan edi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring