Murojaatnoma: erishilgan natijalar va yangi marralar

13:01 27 Dekabr 2025 Jamiyat
304 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatning soʻnggi toʻqqiz yillik ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini tizimli ravishda sarhisob qilgan, shu bilan birga, oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini aniq ustuvor yoʻnalishlar asosida belgilab bergan muhim siyosiy voqelik hisoblanadi. Ushbu nutqda Oʻzbekistonni daromadi oʻrtadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga olib chiqishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilanib, unga erishish yoʻllari aniq vazifalar bilan asoslab berildi.

Mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2025-yilda Oʻzbekiston tarixida ilk bor yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi. Eksport hajmining 23 foizga oʻsib, 33,4 milliard dollarga yetishi, oltin-valyuta zaxiralarining 60 milliard dollardan oshgani mamlakat iqtisodiy salohiyati mustahkamlanib borayotganining yaqqol ifodasidir.

Mazkur koʻrsatkichlar faqat statistik natijalar emas, balki bozor munosabatlarini chuqurlashtirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash hamda ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib borish samarasidir. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan Oʻzbekistonning suveren kredit reytingining “BB-” darajadan “BB” pogʻonasiga koʻtarilishi, xorijiy investitsiyalar hajmining 43,1 milliard dollarga yetishi, investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etishi mamlakat iqtisodiyotiga boʻlgan xalqaro ishonch sezilarli darajada oshganini koʻrsatadi.

Murojaatnomada ijtimoiy siyosat va kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida ham muhim yutuqlarga erishilgani alohida taʼkidlandi. Jumladan, 2025-yilda 5 million aholining daromadli boʻlgani, ishsizlik darajasining 4,9 foizga tushgani, kambagʻallik koʻrsatkichining 8,9 foizdan 5,8 foizga qisqargani olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning amaliy samaradorligini tasdiqlaydi.

Ayniqsa, 8,5 milliondan ortiq fuqaroning kambagʻallikdan chiqarilgani davlat tomonidan joriy etilgan yangi ijtimoiy himoya tizimining eng muhim natijasi sifatida baholanishi mumkin. Mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlarning yoʻlga qoʻyilishi, ehtiyojmand oilalar farzandlarining davlat bogʻchalariga qabul qilinishi jamiyatda teng imkoniyatlar muhitini mustahkamlab, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Murojaatnomaning konseptual jihatdan muhim gʻoyalaridan biri — mahalla tizimini jamiyat taraqqiyotining tayanch boʻgʻini sifatida eʼtirof etilishidir. 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilish tashabbusi ushbu yondashuvning mantiqiy davomi boʻldi. Ijtimoiy soʻrovlarga koʻra, aholining 90 foizi oʻzini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi mahalla institutining kuchli ijtimoiy kapitalga ega ekanini yaqqol koʻrsatadi.

Mahalla bugungi kunda nafaqat tarixiy qadriyat, balki zamonaviy boshqaruvning samarali modeli sifatida ham namoyon boʻlmoqda. Agar mahallalar infratuzilma, ijtimoiy xizmatlar va iqtisodiy tashabbuslar bilan tizimli qoʻllab-quvvatlansa, jamiyatda birdamlik, masʼuliyat va ishonch muhitini yanada mustahkamlash mumkin. Shu bilan birga, ushbu jarayonlarning shaffof va korrupsiyasiz ijro etilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, Murojaatnomada mamlakat taraqqiyotining yangi marralari va strategik vazifalari aniq belgilab berildi. Xususan, 2026-yilda iqtisodiy oʻsish surʼatini 6,6 foiz darajada taʼminlash, yalpi ichki mahsulotni 167 milliard dollarga yetkazish, 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasini amalga oshirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish kabi ustuvor vazifalar ilgari surildi. Shuningdek, sunʼiy intellekt, data-markazlar va kosmik dasturlarni rivojlantirish rejalari mamlakatni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu rejalar Oʻzbekistonni xomashyo yetkazib beruvchi davlatdan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zamonaviy iqtisodiyotga ega mamlakatga aylantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ekologik muvozanatni saqlash, suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish masalalarining Murojaatnomada alohida oʻrin egallagani davlat siyosatining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishga qaratilganini koʻrsatadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi erishilgan natijalar va yangi marralarni uygʻunlashtirgan, mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichini belgilab beruvchi strategik dasturdir. Ushbu hujjat nafaqat oʻtgan davrga xolis baho beradi, balki Oʻzbekistonning kelajak taraqqiyot yoʻlini aniq maqsadlar va vazifalar asosida belgilab, jamiyatni umumiy maqsad sari safarbar etadi.

Iskandar OʻROQBOYEV,

Barqaror rivojlanish markazi eksperti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?