Mulkdorlar huquqlari kafolatlanadi

18:27 05 Yanvar 2024 Jamiyat
312 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kafolatlanishi belgilanmoqda.

— Qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni soʻzsiz amalga oshirishga xizmat qiladi, uy-joyidan mahrum etilganda uy-joyini hamda u koʻrgan zararlarni oʻrni belgilangan tartibda qoplanishini taʼminlaydi. Bu esa xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarini yanada kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov.

Yigʻilishda qonun loyihasi yuzasidan bir qator fikr-mulohazalar, asosli takliflar ilgari surildi. Ushbu takliflar ishchi guruh aʼzolari tomonidan tahlil qilinib, ularning asosli, deb topilganlari loyihani takomiliga yetkazishda eʼtiborga olinadigan boʻldi.

Ayni paytda masʼul qoʻmita tomonidan ushbu loyiha mutaxassislar, ekspertlar ishtirokida maromiga yetkazilib, Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritishga tayyorlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?