Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazishga doir xarajatlar smetasi tasdiqlandi

19:38 19 May 2023 Siyosat
1058 0

Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bagʻishlangan navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etdi.

Majlisda okrug saylov komissiyalari tuzish, saylov oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirish, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish, Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 25-oktyabrdagi 969-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishni moliyalashtirish hamda mablagʻlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar smetasini tasdiqlashga doir masalalar koʻrib chiqildi.

Avvalambor, majlisda Saylov kodeksiga muvofiq muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining tarkibi tasdiqlandi va qaror qabul qilindi.

Okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolarini oʻqitish tizimini takomillashtirish, saylovchilar hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining huquqiy savodxonligini oshirish Markaziy saylov komissiyasining muhim vazifalari sirasiga kiradi.

Qayd etilganlarni inobatga olgan holda majlisda muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilindi.

Mazkur konsepsiyaga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha nazariy bilimlari hamda amaliy koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan kaskad usulida oʻquv-amaliy mashgʻulotlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Shuningdek majlisda, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazini tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi va qaror qabul qilindi.

Matbuot markazi okrug saylov komissiyalari huzurida hududiy filiallariga ega boʻladi hamda oʻz faoliyatini qonuniylik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiradi. Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan yaqindan hamkorlik olib boradi.

Majlisda kun tartibidagi navbatdagi — Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 25-oktyabrdagi 969-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish masalasi koʻrib chiqildi.

Unga koʻra, saylov komissiyasi aʼzolari uchun nazarda tutilgan bir martalik kompensatsiya toʻlovlarining miqdorini oʻzgartirish, saylov jarayonlari uchun taqdim etilgan tovar-moddiy qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlashga qaratilgan qoidalarni belgilash taklif etildi va komissiya aʼzolari tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uning oʻtkazishga doir xarajatlar smetasi ham tasdiqlandi.

Qayd etilganidek, mazkur smetani tasdiqlashda byudjet mablagʻlarining iqtisod qilinishiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, 2019-yilda vakillik organlari saylovida davlat byudjetidan ajratilgan umumiy mablagʻlarning 19,8 foizi, 2021-yildagi prezidentlik saylovida 26 foizi va joriy yilda boʻlib oʻtgan referendumda 13,5 foiz byudjet mablagʻlari iqtisod qilingan.

Markaziy saylov komissiyasi Saylov kodeksi talablariga rioya qilgan holda muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar smetasini 174 milliard 130 million soʻm miqdorida ishlab chiqdi.

Qayd etish kerakki, mazkur mablagʻ avvalgi prezidentlik saylovi uchun ajratilgan mablagʻdan 41 foizga kamdir.

Xarajatlar smetasiga koʻra mablagʻlarning deyarli 82 foizi okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil etish uchun ajratilmoqda. Ushbu mablagʻlarning 76 foizi okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolari (aʼzolarning aksariyat qismi oʻqituvchi, shifokor, faol fuqarolar tarkibidan shakllantirilgan) mehnati uchun toʻlab beriladigan kompensatsiya toʻlovlari uchun sarflanishi uchun rejalashtirilgan.

Xarajatlar smetasini shakllantirish jarayonida qonun talablaridan kelib chiqib, avvalgi siyosiy tadbirlarda amalga oshirilgan sarf-xarajatlarni maqbullashtirishni hisobga olgan holda barcha mablagʻ talab etiladigan jihatlari eʼtiborga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?