Moliyaviy piramida: onlayn tuzoqdan ehtiyot boʻling!

12:50 27 Avgust 2024 Jamiyat
473 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Insonning tabiati shunaqa — birdaniga boyib ketishni, eng qimmat avtomobilni minib, dangʻillama hovli joylarda yashashni, chiroyli kiyinib, yaxshi yeb-ichishni orzu qiladi. Tarixdan maʼlum, bu istak oltin topish ilinjida kimlarnidir oʻz hayotini garovga qoʻyib hali yaxshi oʻrganilmagan okean orti yerlariga yetaklagan boʻlsa, kimlardir lotereya oʻyinlari ishqiboziga aylangan, baʼzilar esa qimorga berilib bor-budidan ajralgan.

Hammamiz sevib tomosha qiladigan “Ajoyib xayolparast” filmi qahramonining fikr-u xayoli ham tez fursatda boyib ketish boʻlib, faqat u bu maqsadga mehnati orqali, tadbirkorligi evaziga yetishga harakat qiladi.

Afsuski, bugun osmondan chalpak yogʻishiga ishonadiganlar mehnatsiz moʻmay daromad topishni niyat qilib, pirovardida firibgarlar tuzogʻiga ilinmoqda. Zamonaviy dunyoda odamlarni “chuv” tushirishning juda koʻp sxemalari ishlab chiqilmoqda. Katta va oʻrta avlod vakillari Sergey Mavrodining oʻtgan asrning 90-yillarida keng tarqalgan “MMM” deb ataluvchi moliyaviy piramidasini yaxshi eslaydi. Oʻshanda bu moliyaviy oʻpqon oʻn minglab odamlarning mablagʻlarini oʻz domiga tortib ketgan edi. Yoki “Ahmadboy ishi” doirasida ham qancha fuqarolarimiz yiqqan-terganidan bir kunda mosuvo boʻlishdi. Bugungi kunda internet tarmoqlari va axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasida firibgarlar ham oʻzlarining ish uslublarini oʻzgartirmoqda. Mablagʻingizni maʼlum muddatda bir necha barobar koʻpaytirib berishni zoʻr berib targʻib qilayotgan turli elektron platformalar shular jumlasidan.

Yaqinda mahallamizda shu paytgacha tinch-totuv yashab kelayotgan, daromadi oʻrtahol oilada qiyomat qoyim janjal chiqib, er-xotinni murosaga keltirish uchun ikki taraf qudalar, mahalla oqsoqoli hamda xotin-qizlar faoli ancha ovora boʻlishdi. Maʼlum boʻlishicha, oila bekasi farzandining oliy oʻquv yurtida tahsil olishi uchun turmush oʻrtogʻi maoshidan orttirib yigʻib yurgan mablagʻni eridan yashirincha ana shunday moliyaviy piramidalardan biriga tikib yuborgan. Platforma kutilmaganda faoliyatini toʻxtatgach, qizining kontrakt toʻlovi uchun toʻplab qoʻyilgan mablagʻ havoga uchgan. Yangi oʻquv yili yaqinlashayotgani sababli oila boshligʻi toʻlov qilish uchun uyda yigʻib qoʻygan mablagʻni soʻragach, sir fosh boʻlgan.

Afsus, firibgarlar tuzogʻiga tushib qolayotgan bunday oilalar soni kam emas. Qoʻshni mahallada shu oyning oxiriga moʻljallangan toʻy nomaʼlum muddatga qoldirildi. Sababi xonadon egasi toʻyga atalgan mablagʻni toʻy muddati kelguncha koʻpaytirib olaman deb oʻylab, moliyaviy piramidalardan biriga tikib yuborgan va chuv tushgan. Bunisi hali holva, tekin daromad ilinjida bor-budini, mashinasini, qoramol-u qoʻy-echkisini sotib bunday moliyaviy piramidalarga aʼzo boʻlganlar qancha.

Elektron moliyaviy piramidaning achchiq oqibatlariga “Parker”, “Golden Cash Store”,”MetaGO” misolida guvoh boʻldik. Biroq shunga qaramasdan yurtimizda “Whats”, “Aif” platformalari ommalashib borayotgani tashvishli hol. Ushbu dasturlarning ishlash prinsipi ham deyarli bir xil: roʻyxatdan oʻtasiz, pul tikasiz, har kun topshiriq sifatida berilgan videolarni koʻrasiz va layk bosish orqali pul yigʻasiz. “Aif” dasturida piramida ishtirokchisi uchun qiymati 50, 70, 200, 250, 500, 1000, 21000 USDT (1 USDT taxminan 1 AQSH dollariga teng) boʻlgan paketlarni sotib olish taklif qilinadi va 75 kun davomida tikkan mablagʻingizni 3 barobar qilib koʻpaytirib berish vaʼdasi beriladi. Asosiysi, moliyaviy piramida tepasidagi aʼzolarga daromad piramidaga yangi jalb qilinayotgan aʼzolar tikkan pul mablagʻlari hisobidan yechib beriladi. Agar yangi aʼzolar qoʻshilishi kamaysa, piramida qulay boshlaydi va bu paytda tashkilotchilar tomonidan turli aksiyalar oʻtkaziladi, har xil bonuslar beriladi. Dengizdagi yirik muz boʻlagi — aysbergga eʼtibor bergan boʻlsangiz, uning kichik bir qismi suv yuzasida, asosiy qismi esa suv ostida boʻladi. Moliyaviy piramida ham xuddi shunday: piramida uchidagi aʼzolar qandaydir foyda oladi, asosiy katta koʻpchilik esa aysbergning suv ostidagi qismi kabi “choʻkadi”.

Xoʻsh, moliyaviy piramida shaklidagi firibgarlik toʻriga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak? Mutaxassislar fikricha moliyaviy piramidani xarakterlovchi quyidagi xususiyatlar mavjud:

— moliyaviy piramida tashkil qilgan kompaniya fuqarolardan pul jamgʻaruvchi faoliyat bilan shugʻullanishi haqida tegishli litsenziyaga ega boʻlmaydi;

— tashkilot faol reklamada boʻladi va bozor darajasidan ancha baland daromadni vaʼda qiladi;

— piramidaga jalb qilingan har bir mijoz hisobidan foyda undirib berilishi vaʼda qilinadi va shu orqali imkon qadar koʻproq odam firibgarlik toʻriga tortiladi;

— pulli oʻtkazmalarni qandaydir elektron yoki kriptohamyonga yuborish soʻraladi va kiritilgan pullar aynan qayerga ketishini bilishning imkoni yoʻq;

— kompaniya saytida na telefon raqami, na elektron pochta manzili, na pochta manzili koʻrsatiladi. Ishtirokchi faqat chatlar yoki messenjerlar orqali operatorlar bilan bogʻlanishi va qayta aloqaga chiqishlarini aytishi mumkin.

Achinarlisi, ayrim “uddaburonlar” joylarda moliyaviy piramida tashkil etgan kompaniyalarning goʻyoki “ofis”larini ochib, fuqarolarni bu noqonuniy faoliyatga jalb etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1881-moddasida jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablagʻlarini va (yoki) boshqa mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyat uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Shu oʻrinda xalqimizning dono maqoli yana esga keladi: “Tekin pishloq qopqonda boʻladi”. Ehtiyot boʻling, keyingi bekatlardan birida toʻr albatta, tortiladi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер