Moʻynoqda “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik festivali oʻtkazildi
Foto: Xalq so‘zi
Shu yilning 29-30-sentyabr kunlari Orolboʻyida, xususan Moʻynoq tumani va Nukus shahrida bir necha xalqaro tadbirlar boʻlib oʻtadi. Tadbirlar doirasida «Hakimota» Sulaymon Boqirgʻoniy tavalludining 900-yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya, “Orol va Moʻynoqning qayta tiklanishi” mavzusida xalqaro ekofestival hamda “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik festivali oʻtkazilishi nazarda tutilgan edi.
Bugun ushbu tadbirlarga mamlakatimiz va boshqa davlatlardan Orolboʻyiga tashrif buyurgan mehmonlar Moʻynoq aeroportida tantanali kutib olindi. Mehmonlar Moʻynoqning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

Hozir Moʻynoq yanada goʻzal va koʻrkam shaharga aylangan. Tadbirlarni oʻtkazishga koʻrilgan tayyorgarlik, bayramona bezatilgan maydonlar va hunarmandlar, rassomlar va oshpazlarning taomlar koʻrgazmalari hamda sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilari, mehmonlar va moʻynoqliklarga ham oʻzgacha shodlik bayramona kayfiyat ulashmoqda.

Albatta, mamlakatimizning har bir hududida tayyorlanadigan xos taomlari boʻladi. “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik festivali oʻtkazilayotgan maydonda Qoraqalpogʻistonning oʻziga xos taomlarini koʻrish hamda oshpazlardan ularni tayyorlash jarayoni haqida maʼlumot olish mumkin. «Bes barmaq», «jugeri gurtik», «Aqsaulaq», “Turama”, «Mayek borek» va baliqdan tayyorlangan “Baliq qarma”, “Ilonbaliqdan kotletlar”, «Balыq sorpa» kabi taomlari oʻzining mazasi bilan har bir tashrif buyuruvchini bahramand qiladi.
— Oʻzim “Qozoqdaryo” ovulda tugʻilib oʻsganim uchundir xonadonimizda deyarli har kuni baliqdan taom tayyorlanar edi, — deydi moʻynoqlik Biybisara opa Turimbetova. — Bolaligimda Orol dengizining mavjlanib turganlarini koʻp bor koʻrganman. Uyimizga yaqin joydagi suvda qayiq bogʻlanib turardi, bobom baliq ovlaydigan toʻrlarini joylab, suzib ketishi va qayiq toʻla baliq bilan qaytganlarini eslayman. Bizda nimanidir koʻproq isteʼmol qilsa, “tishi shundan chiqqan” degan ibora bor. Demoqchimanki, Moʻnoqdagi biz qatori katta avlod vakillarining tishi baliqdan chiqqan.
Shu oʻrinda baliq taomlari ichida bilishimcha faqat Moʻynoq tumanida tayyorlanadigan kotlet haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtsam. Ushbu taom baliqlar orasida ajralib turadigan ilonbaliqdan tayyorlanadi. Unda boshqalarga nisbatan mayda suyak boʻlmaganligi sababli goʻshtli taomlarni tayyorlash juda qulay. Yumaloq shakldagi kotletlar yogʻda qovuriladi va piyoz va koʻkatlar bilan dasturxonga tortiladi.

Moʻynoqda faqat oshpazlar emas, barchamiz baliqdan turli taomlar tayyorlashni bilamiz. Mana bugungi tadbirda mohir oshpazlar bilan birgalikda moʻynoqlik oddiy uy bekalari ham baliqdan tayyorlagan taomlari bilan festivalda ishtirok qilmoqda. Shu bois mana shunday festivalning aynan Moʻynoqda oʻtkazilishi anʼanaga aylangani biz moʻnoqliklarni juda quvontiradi.

Moʻynoqni madaniyat va ana shunday festivallar oʻtkaziladigan markazga aylantirgani uchun avvalo Davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz.
Azaldan Moʻynoq tumani tarixi Orol dengizi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib kelgan. Oʻz vaqtida dengiz va atrofdagi boshqa suv havzalaridan ovlangan laqqa baliq, «bekre» (choʻrtanbaliq), “sazan” (zogʻorabaliq), «belыy amur», «pyostrыy» kabi turfa xil baliqlardan anʼanaviy usullarda turli xil taomlar tayyorlanib kelgan. Bundan tashqari nomi chiqqan Moʻynoq konserva zavodida tayyorlangan baliq konservalari ham oʻz vaqtida dunyoning boshqa davlatlarida yaxshi tanilgan.

Tadbir davomida, shuningdek, mahalliy oshpazlarning baliq taomlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari ham oʻtkazildi. Shundan soʻng hududlardan tashrif buyurgan oshpazlar oʻrtasida baliqdan taomlar tayyorlash boʻyicha bellashuv boʻlib oʻtdi.

Gastronomik festival doirasida oʻtkazilgan oshpazlar bellashuvida 1-oʻringa Beruniy tumani oshpazlari munosib deb topildi. Ikkinchi oʻrinni Qoʻngʻirot tumanidagi va 3-oʻrinni Amudaryo tumanidagi oshpazlar egalladi. Tadbir yakunida konsert dasturi va boshqa koʻngilochar tadbirlar va musobaqa gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring