“Mitti koinot” festivalning ahamiyati nimada?

21:15 21 Dekabr 2022 Madaniyat
857 0

Foto: Illustrativ foto

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Yoshlari ishlari agentligi va Kinematografiya agentligi hamkorligida “Mitti koinot” bolalar uchun yaratiladigan animatsion filmlar va videokontent gʻoyalari festivali boʻlib oʻtdi.

Festivalda animatorlar, ssenariy yozuvchilari, tadbirkorlar, jurnalistlar hamda bolajonlar va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Festival doirasida oltin fondda saqlanayotgan milliy multfilmlar namoyishi, animatsiya ustalari tomonidan mahorat darslari, mutaxassislar ishtirokida sohadagi muammo va yechimlarga bagʻishlangan konferensiya, bolalar uchun ochiq mikrofon, milliy komiks taqdimoti, qiziqarli estafeta va yutuqli viktorinalar tashkil etildi.

Qayd etish joizki, mazkur loyiha yoshlar, ayniqsa, bolalarning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri, dunyoqarashini yuksaltirish, ona Vataniga, xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan milliy animatsiya sohasini rivojlantirish, kelgusida sifatli, raqobatbardosh milliy multfilmlar va animatsion videokontentlar soni va sifatini oshirish maqsadida tashkil qilingan.

Shuningdek, festival doirasida “Mitti koinot” bolalar uchun yaratiladigan animatsion filmlar va videokontent gʻoyalari tanlovi gʻoliblarining ishlari taqdimot qilindi.

Tanlovga 30 ga yaqin ish kelib tushgan boʻlib, 20-dekabr kuni saralash bosqichi oʻtkazildi. Saralashda mutaxassislardan iborat hakamlar hayʼati tomonidan har bir ish tahlil qilinib, baholandi. Yakuniy xulosalarga koʻra gʻolib deb topilgan ikki nafar gʻolib festival doirasida noutbuk bilan taqdirlandi. Shu bilan birga ularning ssenariy va gʻoyalari kelgusi yilda ishlab chiqarish uchun ikki hamkor tashkilot tomonidan moliyalashtirilishi maʼlum qilindi.

— Tanlovning “Animatsion film gʻoyasi” nominatsiyasida oʻzimning “Quvnoq shaharcha” multfilm ssenariyim bilan ishtirok etdim. — dedi Abdulatif Haydarov. — Bolalarga zavq ulashish bilan birga qalbiga taʼsir qiladigan, dunyoqarashini kengaytiradigan multfilmlar yaratishni maqsad qilgandim. Bugun tanlovda qatnashib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgach bu ishni albatta uddalayman deb oʻzim-oʻzimga vaʼda berdim. Xudo xohlasa, bolajonlarimiz uchun sifatli va yaxshi multfilmlar yaratishga harakat qilaman.

Tadbir davomida ishtirokchilar va bolajonlar uchun uchun turli koʻrgazmali oʻyinlar, koʻzboylogʻich tomoshalari, musiqali chiqishlar namoyish qilindi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?