Mirzo Ulug‘bek madrasa darvozasiga yozdirgan mashhur kitoba qayerda?
Foto: Istam Ibrohimov / “Xalq soʻzi”
Tariximizdan xiyla xabardor kishi yaxshi biladi: Mirzo Ulug‘bek buyrug‘i bilan Buxoro, Samarqand va G‘ijduvonda madrasa bunyod etilgan. Dastavval Buxoro shahridagi madrasa qad rostlagan. Manbalarda uning 1417-yilda qurilgani aytiladi. Madrasa qurilishiga Usta Ismoil ibn Tohir Isfaxoniy boshchilik qilgan.
Sharq me’morchiligining ajoyib namunasi sanalgan ikki qavatli bu dargohda tolibi ilmlar diniy va dunyoviy ilmlardan saboq olishgan. Madrasaning o‘z kutubxonasi ham bo‘lgan. Bular haqida uzoq to‘xtalish mumkin, albatta. Qizig‘i, madrasa darvozasi tabaqida (ayrim manbalarda madrasa peshtoqida deyilgan) Mirzo Ulug‘bek “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir” degan hadisni yozdirgan.
– Birgina mana shu kitobani o‘qiboq buyuk ajdodimizning aqlu zakovatiga tahsin aytasan kishi,– deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori K. Rahimov. – Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, ota-bobolarimiz 600 yil muqaddam ham ilmu ma’rifatga najot yo‘li sifatida qarashgan.
Tabiiyki, Mirzo Ulug‘bek madrasasi juda ko‘p kechmishlar guvohi bo‘ldi. Tashqi ta’sirlar oqibatida ta’mirtalab holga keldi. Ammo ulug‘vorligini yo‘qotmadi va bizning davrimizgacha yetib keldi. Mashhur hadis tushirilgan kitoba-chi, degan savol tug‘iladi.
Shaharda uzoq yillar me’morlik qilgan marhum arxitektor Ismat Muhsinovning yozib qoldirishicha, 1980 yilda bu bitik eskirgani uchun qaytadan yozilgan va eskisi Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasiga eksponat sifatida topshirilgan.
Bu osori atiqaning keyingi taqdiri bilan ham qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, Mirzo Ulug‘bek xohish-irodasi bilan yog‘ochga darj qilingan bu yozuv hozirda muzey-qo‘riqxonaning Bahouddin Naqshband majmuasida joylashgan filialida saqlanmoqda. U bu yerda 200 ga yaqin eksponat orasidagi eng nodir buyumlardan biri sanaladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring