Mir Arab madrasasining 500-yilligiga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Mir Arab madrasasining 500-yilligiga bagʻishlab “Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi oʻrni” mavzusida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Unda Xalqaro musulmon ulamolar kengashi va Abu Dabi Tinchlik forumining obroʻ-eʼtiborli ulamolari, Oʻzbekiston, Misr, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari muftiylari, taniqli ulamolar, islomshunos olimu tadqiqotchilar va diniy soha vakillari, jumladan, Mir Arab madrasasi bitiruvchilari qatnashdilar.
Tadbir avvalida ishtirokchilar Bahouddin Naqshband qadamjosini ziyorat qildilar, Poyi Kalon majmuida boʻldilar. Anjuman esa taomilga koʻra, Qurʼoni karim tilovati bilan ochildi.
Tadbirni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor Muhammadolim Muhammadsidiqov olib bordi.
Bilamizki, koʻhna Sharqda taʼlim markazi vazifasini madrasalar bajargan. Chunonchi, Buxoro davlat universiteti professorlari, tarix fanlari doktorlari Sulaymon Inoyatov hamda Shodmon Hayitovlarning taʼkidlashlaricha, yurtimizda dastlabki oliy taʼlim beruvchi Farjak, Faqih, Ibrohim Tavgʻochxon madrasalari IX-XII asrlardayoq vujudga kelgan. Tarixiy manbalarda musulmon olamida birinchi madrasa X asrda Buxoroda barpo etilib, unda ilohiyot bilan bir qatorda qonunshunoslik (fiqh), mantiq, matematika (riyoziyot), geometriya (handasa), tibbiyot, tarix, joʻgʻrofiya, adabiyot, sheʼriyat (ilmi aruz), arab tili kabi dunyoviy fanlar oʻqitilganligi taʼkidlanadi. Shu dalilning oʻziyoq Buxoro azal – azaldan ilmu maʼrifat goʻshasi boʻlib kelganini koʻrsatadi.
Mir Arab madrasasiga kelsak, bu moʻtabar dargoh Ubaydullaxon davrida Sayyid Abdulloh Yamaniy tomonidan qurdirilgan. U XV asrda 22 yoshida ilm olish maqsadida Yamandan Movarounnahrga keladi. Samarqandda Xoja Ahror Valiyga shogird tushib, uning izdoshlaridan biriga aylanadi. Keyinchalik ustozining oq fotihasi bilan Buxoroga yoʻl oladi. El – yurt orasida Mir Arab nomi bilan ham tanilgan Sayyid Abdulloh asrlar osha ilmu ziyo maskaniga aylanajak ushbu madrasani barpo etadi. Mir Arabda islom dunyosining koʻplab taniqli zotlari tahsil olishgan. U oʻtgan asrning 25 – 30 yilini istisno etganda besh asrdirki, uzluksiz faoliyat yuritib kelayotgan mintaqadagi yagona madrasa sanaladi.
Anjumanga qaytsak, tadbir shoʻbalarga boʻlingan holda davom etdi. “Buxoro allomalari ilmiy merosining ahamiyati”, “Mir Arab madrasasi tashkil topganining 500-yilligi: oʻtmish va hozirgi zamon”, “Boboxonovlar sulolasining islom dinini saqlash, targʻib va himoya qilishga qoʻshgan hissasi” kabi mavzulari boʻyicha maʼruzalar qilindi. Shuningdek, mavzu doirasidagi muhim vazifalar haqida soʻz bordi, takliflar oʻrtaga tashlandi. Oʻz navbatida xorijdan hamda yurtimizning turli goʻshalaridan tashrif buyurgan anjuman qatnashchilari mazkur madrasa talabasi boʻlganlaridan gʻururlanishlarini, bu davr hayotlarida oʻchmas iz qoldirganini taʼkidlashdi.
Xalqaro anjuman fikr – mulohazalarning rang – barangligi, ilmiy xulosalarning puxtaligi, oʻzaro hamkorlik rishtalarini mustahkamlagani bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring