Mintaqaviy hamkorlik umumiy manfaatlarga xizmat qiladi

23:44 10 Sentyabr 2021 Siyosat
1556 0

Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida mintaqaviy va jahon miqyosida faol tashqi siyosat olib borib, xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirmoqda. Bunday izchil va konstruktiv tashqi siyosat xalqaro ekspertlar va kuzatuvchilar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Soʻnggi yillarda Janubiy Osiyoning strategik jihatdan muhim mintaqasida, ayniqsa, Afgʻoniston masalasida Oʻzbekistonning tashqi siyosiy faolligi yanada ortdi. Shu maʼnoda aytganda, Oʻzbekistonning Hindiston va Pokiston bilan bu mintaqa boʻyicha aloqalarini jadallashtirishga ham alohida eʼtibor qaratishi muhimdir.

Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabrda parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik masalasiga tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi sifatida alohida toʻxtalib oʻtgandi. Shu yilning 15-16-iyul kunlari Toshkentda oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya bu boradagi muhim qadam boʻldi. Mazkur konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida Yurtboshimiz «Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamin yaratadi. Oʻzaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib, bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib boʻlmasligini chuqur anglash vaqti keldi. Biz farovonlik va taraqqiyotga erishish yoʻlida birgalikda rivojlanish istiqbollari boʻyicha yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqishimiz lozim», deya taʼkidladi. Oʻshanda xalqaro anjuman ishtirokchilari mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni yanada chuqurlashtirish yoʻlida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Savdo, investitsiya, transport, energetika va innovatsiya, “yashil” texnologiyalar, aniq loyihalar va hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, turizm, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ilm-fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirish, ikki mintaqaning barqarorligi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha keng qamrovli fikr almashish va takliflarni ishlab chiqish amalga oshirildi. Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik va yalpi xavfsizlik bogʻliq boʻlgan muammolar majmuiga nazar tashlar ekanmiz, bunda hamkorligimizning iqtisodiy jihatlari ham katta ahamiyatga ega boʻladi. Chunki mamlakatlarimizning tinchlik, barqarorlik, farovonlik va osoyishtalik sari odimlashi koʻp qirrali iqtisodiy hamkorlik, iqtisodiy taraqqiyot evaziga taʼminlanishi mumkin.

Ikki mintaqaning oʻzaro bogʻliqligi masalasi tasodifan yuzaga kelmadi. Markaziy Osiyoda milliy davlatlarni qurish va yangi suveren rivojlanishda falsafiy va amaliy maʼnolarni izlashning zamonaviy savollariga javob berish uchun tarixga, madaniy ildizlarga murojaat qilish hamda oʻzligini anglashda faol izlanish muhimdir. Bu esa mavjud farqlarga qaramay, ikki mintaqaning muhim sivilizatsion roli va ularning umumiy taqdirini anglashga keng yoʻl ochib beradi.

Ayni paytda mintaqamizning xalqaro xavfsizlik tizimidagi ahamiyati keskin oshib, xavfsizlikning uzviy bogʻliqligi yaqqol namoyon boʻlmoqda. AQSH qoʻshinlari olib chiqilganidan keyin keskin yomonlashgan Afgʻonistondagi harbiy-siyosiy vaziyatni yumshatishga asosiy vazifa sifatida urgʻu berilmoqda. U yerdagi vaziyatni barqarorlashtirish, shubhasiz, ikki mintaqa xavfsizligiga tahdidlarni kamaytirishga koʻmak beradi. Bunga ularning oʻzaro bogʻliqligi va ijtimoiy-iqtisodiy makondagi muammolarni izchil hal etish orqali erishish mumkin. Jafokash Afgʻoniston zaminida tinchlik va xotirjamlikka faqat siyosiy vositalar, muloqotlar yoʻli bilan erishish mumkinligidan kelib chiqib, afgʻon muammosini hal etishning aniq-ravshan yagona yoʻli ushbu mamlakatda tinchlik jarayonini boshlash uchun dunyo hamjamiyatining koʻmak berishidir. Oʻzbekiston tinch va barqaror Afgʻoniston bilan xalqaro huquqning qabul qilingan umumiy meʼyor va tamoyillari asosida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini qurishga tayyordir. Mamlakatimiz Afgʻoniston bilan bevosita chegaradosh boʻlgan yagona davlat sifatida mintaqada yashayotgan xalqlar taqdiri uchun masʼuliyatini ham yaxshi anglaydi.

Bugungi eng muhim maqsad – Janubiy va Markaziy Osiyoni bogʻlash masalasidir. Ammo ular oʻrtasida hamon notinch boʻlib kelayotgan Afgʻoniston mavjudligini inobatga olgan holda, ikkala mintaqa davlatlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash orqali Afgʻonistondagi vaziyatni imkon qadar tezroq barqarorlashtirish muhim hisoblanadi. Toshkent konferensiyasi esa Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasida mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish va mustahkamlashning bir qator dolzarb masalalarini ochiq muhokama qilish uchun oʻziga xos imkoniyat yaratdi. Davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusida haqli ravishda taʼkidlaganidek: “Azal-azaldan oʻzaro qardosh va birodar boʻlgan mamlakatlarimiz koʻpgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot boʻyicha yaqin hamkorlikda harakat qilishni boshladi. Jahon siyosatshunosligida «Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʻldi».

Shu oʻrinda konferensiya natijalarini tavsiflovchi bir necha jihatlarga eʼtibor qaratsak. Avvalo, anjuman ishtirokchilarning fikricha, har ikki mintaqaning gumanitar va iqtisodiy salohiyatidan toʻliq foydalanish lozim. Mavjud transport va tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanib, Markaziy va Janubiy Osiyoning butun hududini investitsiya, texnologiya va innovatsiya, faol gumanitar va sayyohlik almashuvlar uchun jozibador makonga aylantirishda qadimiy Buyuk Ipak yoʻlini tiklash orqali istiqbolli yagona bozorni yaratish zarur boʻladi. Shu bilan birga, transport-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan bogʻliq koʻp tomonlama loyihalarni amalga oshirish muhim. Anjumanda taʼkidlangan mintaqalararo integratsiya konsepsiyasini amalga oshirish zarurligi munosabati bilan Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan ulkan hamjihatlik gʻoyasi oldindan koʻra bilish va toʻgʻri prognozlash natijasi sifatida baholandi. Eng muhimi, Oʻzbekiston mintaqaning ilgʻor davlati, uning “lokomotiv”i yoki “Osiyoning yangi yoʻlbarsi” maqomini oldi. Qolaversa, mazkur xalqaro anjuman yangi Oʻzbekiston olib borayotgan faol tashqi siyosatning ulkan yutugʻi va mantiqiy davomi sifatida baholandi. Bu esa oʻz navbatida, millionlab turli madaniyat, til va dinga mansub kishilar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch hamda samimiy muloqot, bagʻrikenglik, hamjihatlik, doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini tubdan mustahkamladi. Shu bilan birga, ikki mintaqa oʻrtasidagi ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi davrni ochdi.

Mazkur anjumanda mintaqalararo integratsiya konsepsiyasini amalga oshirish zarurligi taʼkidlanib, ulkan hamjihatlik gʻoyasi oldindan koʻra bilish va uni uzoq istiqboli natijasi sifatida ham baholandi. “Markaziy Osiyo — Janubiy Osiyo” oʻzaro manfaatli bogʻlanish modelini amalga oshirish ikki mintaqaning oʻzaro hamkorligi va oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan strategik loyihadir.

Toshkent konferensiyasida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikning yangi formati mustahkamlandi. Chunki barcha mamlakatlar mintaqalararo munosabatlar doirasidagi hamkorlikdan manfaatdor. Yaʼni oʻzaro manfaatli, mintaqaviy hamkorlik natijasida xavf-xatarlar kamayadi, xavfsizlik darajasi ortadi. Ayni anjuman nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashga yordam beradi, balki ikki Osiyo mintaqasi mamlakatlarining farovonligi hamda rivojlanishiga hissa qoʻshib, xavfsizlikni taʼminlash va oʻzaro ishonch muhitini mustahkamlashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Omonulla MUHAMMADJONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori,
yuridik fanlar doktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?