Mingbuloq barxanlari muhofazaga muhtoj

16:46 27 Sentyabr 2024 Jamiyat
515 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Yer maydoni jihatidan Namangan viloyatida ikkinchi oʻrinda turuvchi Mingbuloq tumani oʻtgan asrning elliginchi yillarida Markaziy Fargʻona choʻllarini oʻzlashtirish orqali tashkil etilgan. Oʻshanda yuz minglab gektar qoʻriq yerlarni ekinzorga aylantirish borasida avj olgan shiddatli harakat natijasida choʻllar chekindi, asrlar davomida shakllangan hamda oʻziga xos flora va fauna dunyosini bagʻriga olgan qumliklardan uncha koʻp boʻlmagan barxanlargina qoldi, xolos.

Tobora qisqarib borayotgan hududni saqlab qolish va uni avlodlarga yetkazish maqsadida bundan oʻttiz uch yil avval – 1991-yilning dekabrida Namangan viloyat hokimining bu yerda 1000 gektarlik qum barxanlarini tabiiy yodgorlik sifatida eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi.

Xoʻsh, noyob hududni tabiiy holda saqlash va turli tahdidlardan muhofaza etishga yoʻnaltirilgan ushbu hujjat hamon kuchdami, uning ijrosiga qanday yondashilmoqda? Ana shu savolga javob topish maqsadida yastanib yotgan Oqqum choʻllarida boʻldik.

Asosan tuya oʻrkachsimon barxanlar va turli notekisliklardan iborat qumliklardagi suvsizlikka dosh berib, koʻkarib turgan butalar, ahyon-ahyonda inson qadamini sezishi bilan shuvoq oʻsimligi ostidan yugurib chiqqan kaltakesak yoki boshqa mitti jonivorlar bu yerning oʻziga xos hayvonot va nabotot olami mavjudligidan darak beradi. Ular – quyon, chiyaboʻri, tulki, yovvoyi it, boʻz echkiemar, dumaloq boshli kaltakesak (agama), koʻlvor ilon, choʻl kirpisi, tustovuq va boshqa turlar, faqatgina yer osti suvlari, yomgʻir va qordan bahra oladigan yulgʻun, toʻrongʻil, saksovul, yantoq singari pakana va yarim pakana butasimon oʻsimliklar.

Aksariyati “Qizil kitob”ga kiritilgan. Mavjud turlarni saqlab qolish va ular koʻpayishini taʼminlash uchun avvalo bu yerda muhofaza ishlarini qatʼiy yoʻlga qoʻyish, xususan, hududga brakonyer ovchilar kirishi, aholi va fermer xoʻjaliklari tomonidan ekinzor yaratish maqsadida qumliklarni buzish va suv keltirish koʻrinishidagi xatti-harakatlarga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik talab etiladi.

— Bu masalada targʻibot va nazorat tadbirlari amalga oshirilayotganiga qaramay hudud muhofazasiga aks taʼsir koʻrsatayotgan huquqbuzarlik holatlari hamon uchrab turgani kishini tashvishlantiradi, — deydi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha Mingbuloq tumani boʻlimi bosh mutaxassisi Azizbek Ortiqov. — Masalan, keyingi bir yilning oʻzida 15 dan ortiq huquqbuzarlik holatlariga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirish va aybdorlarga nisbatan qatʼiy chora koʻrishga toʻgʻri keldi. Misol uchun, fuqaro Qodirjon Sulaymonov belgilanmagan joyda miltiq bilan qush ovlagani uchun eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida jarima toʻladi. Yana bir huquqbuzar Sultonboy Mirvaliyev choʻl boʻz echkiemarini tutib, olib ketayotganda qoʻlga tushdi. Jonivorni choʻlga qoʻyib yubordik. Tabiat kushandasi esa tegishli jazosini oldi.

Odamlar oʻrtasidagi echkiemar goʻshti ayrim kasalliklarga davo, degan fikr koʻproq bu jonivorni tutib, sotish orqali daromad olish ilinjidagi shaxslarni qumliklarga yetaklaydi. Quyon, tustovuq, ilonlarni ovlash dardidagi brakonyerlarning maqsadi ham shu. Afsuski, bu yerdan oʻlja tutish uchun qilingan har bir urinish shundoq ham noyob hisoblangan turlarning yoʻqolishini tezlashtirishi bilan xavotirli.

— Biz Ekologiya vazirligidan Yozyovon va Mingbuloq tabiat yodgorliklaridan sudralib yuruvchilarni tutish uchun ruxsatnoma olgan edik, — deb yozadi bu yerga ekspeditsiya uyushtirgan Moskva davlat universiteti Zoologiya muzeyi ilmiy xodimi Roman Nazarov ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida. — Tutilgan kaltakesaklar suratga olinib, soʻng tabiatga qoʻyib yuboriladi. Olingan maʼlumotlar esa Moskva davlat universiteti, AQSHning La Sierra universitetlari ilmiy laboratoriyalariga oʻrganish uchun joʻnatiladi. Ularni kelajakda saqlab qolish uchun qoʻriqlanadigan hududlar tashkil etish kerak. Mavjud tabiat yodgorliklarining muhofaza qilish maqomi juda zaif. Iloji boricha bu yerda landshaft buyurtma qoʻriqxonasi tashkil etilishi zarur. Bu kelajak uchun kerak.

Mingbuloqdagi noyob turlarni oʻrganish, asrash va koʻpaytirish masalasida yurtimiz olimlari, xususan, namanganlik tadqiqotchilar ham faol izlanish olib borayotganligini taʼkidlash oʻrinli. Buni birgina Namangan davlat universiteti oʻqituvchilarining tabiat yodgorligi bilan bogʻliq ilmiy natijalari tasdiqlaydi.

— Geografiya fanlari doktori Abugʻaffor Nazarov, ikkinchi bosqich doktoranti Shaxboz Solijonov va boshqa bir qator hamkasblarim bilan Markaziy Fargʻona choʻllariga antropogen faoliyatning taʼsiri, iqlim oʻzgarishi sharoitida choʻllardagi ekologik vaziyat, landshaft biologik resurslarining muhofazasi mavzusidagi loyihalarimiz nihoyasiga yetkazildi, — deydi dotsent Sohibjon Abdurahmonov. — Barcha xulosalar negizida ajdodlardan bizga yetib kelgan tabiiy merosni oʻz holicha saqlab qolish uchun amaliy ishlarni qatʼiy yoʻlga qoʻyish masalasi dolzarb vazifa sifatida oldinga suriladi.

Aytish lozimki, amalda tabiat yodgorligi hisoblangan maydonlarni dehqonchilik uchun oʻzlashtirish qonunan taqiqlangan. Shunga qaramay baʼzi paytlarda bu talab mahalliy rahbarlar tomonidan yetarlicha eʼtiborga olinmagani kishini taajjubga soladi. Masalan, Mingbuloq tumani hokimligining 2019-yil 25-yanvardagi qarori bilan “Mingbuloq betakror obod zamin” fermer xoʻjaligiga 30-yillik ijara shartnomasi asosida 48 gektar yer baliqchilik koʻli uchun ajratib berilgan. “Oltinkoʻl Namangan baliqchilik”, “Baxtiyor sahro ummoni” fermer xoʻjaliklari ham shunday huquqni beruvchi hujjatlar bilan tabiiy hududga kirib borishgan. Ajablanarlisi, ular oʻzlariga ajratilgan maydonlar chetiga oʻzboshimchalik bilan bino va inshootlar qurishga ham ulgurishgan.

Yana bir tadbirkor Abuvohid Malikovning tabiatga, uni asrab-avaylashga oid qonunlarga bepisand munosabati hammasidan oshib tushgan ekan. “Mehnatobod oltin baligʻi” fermer xoʻjaligini boshqargan bu shaxs tuman hokimligining baliqchilik uchun yer ajratish haqidagi qarorini qoʻlga kiritishi bilan qum barxanlarini “oʻzlashtirish”ga kirishadi. Vaholanki, u ketmon solgan maydonda Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan 20 tup saksovul va 6 tup yulgʻun butalari oʻsayotgan edi. Ustiga ustak “ishbilarmon” fermer bu yerdan anchagina qumlarni qazib olib, tashib ketishning ham uddasidan chiqadi. Lekin har bir nojoiz ishning oxiri bor. Pirovardida, uning oʻzboshimchaligi qimmatga tushib, sud hukmi bilan 13 oy ozodlikdan mahrum etish va tabiatga yetkazgan zarari uchun 115 million soʻm miqdoridagi jarima bilan jazolanish koʻrinishida yakun topadi.

Hozirgi mavjud vaziyat Mingbuloq tabiat yodgorligiga munosabatni oʻzgartirish dolzarblik kasb etganini koʻrsatadi. Buning uchun xalqaro tajribalarda kelib chiqqan holda obyektga davlat tomonidan muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi berilishi lozim. Toʻgʻri, ayni maqomni olish uchun oʻsha joy qator kriteriyalarga javob berishi kerak. Bular: u yer inson faoliyati aralashmagan yoki kam aralashgan nisbatan katta maydonlar boʻlishi, unda Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan hayvonot va oʻsimlik turlari, odamlar tomonidan oʻzgartirilmagan tabiiy landshaft mavjudligi va boshqalar.

Qoʻriqlanish taklif etilayotgan massiv bu talablarning barchasiga mos tushadi. Boshqa jihati, yodgorlikni ihotalash, qoʻriqlash ishlarini yoʻlga qoʻyish uchun maʼlum xarajatlar talab qilinadi.

Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi bu masaladagi taklifini tegishli idoralar oldiga bir necha bor qoʻygan. Orada mutaxassislar poytaxtdan kelib, obyektni oʻrgangan holda zarur xulosalar bilan tanishib ketishdi. Endi gap tegishli idora va vazirliklar tomonidan tezroq amaliy harakatlarga kirishishda qoldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер