Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor — Prezident

16:44 03 Iyul 2022 Siyosat
844 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda. Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz va Joʻqorgʻi Kenges deputatlariga murojaat qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev:

«Ilgari xabar qilinganidek, bir guruh shaxslar 2022-yil 1-iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni oʻziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalgʻitib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.

Ular 2022-yil 2-iyul kuni jamoat tartibini buzishga qaratilgan harakatlarni toʻxtatish haqidagi talablarga quloq solmasdan, respublikaning maʼmuriy markazidagi asosiy koʻchalarda buzgʻunchi harakatlarni davom ettirdi.

Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan toʻqnashuvlarni keltirib chiqarishga, qoʻriqlanadigan hududlarga zoʻravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi.

Shahar boʻylab yurish davomida ular infratuzilma obyektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishdi. Binolarning oynalarini sindirib, yongʻinlar sodir etishdi. Bir nechta guruhlar qurol-yarogʻlarni qoʻlga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi.

Ushbu kimsalar son jihatiga koʻra nisbiy ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilishdi, ularni ayovsiz kaltaklab, ogʻir tan jarohatlari yetkazishdi.

Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?