Millionlab yoshlar muammosi yechiladigan boʻldi

22:08 04 Mart 2021 Jamiyat
926 0

Odatda yoshi ulugʻlarimiz uy-joyni kichik Vatanga qiyoslashadi. Bu bejiz emas. Chunki Vatanning mavjudligi har qanday insonga kuch-quvvat beradi, oldinga intilishiga yoʻl ochadi, ragʻbat uygʻotadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 3-mart kuni oʻtgan yigʻilishidagi tashabbuslari shuning uchun ham millionlab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlaydi, deya olamiz.

2020-yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijonda boʻlganlarida “Kambagʻallikdan chiqishning eng asosiy zamini — uy-joy. Odamlarning boshpanasi boʻlsa, oʻzi harakat qilib, roʻzgʻorini oyoqqa qoʻyib oladi”, degan edilar.

Chindan ham keyingi yillarda aholini uy-joy bilan taʼminlash, bu borada kam taʼminlagan oilalarni qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifaga aylandi. Buni toʻrt yil davomida 140 mingta uy-joy barpo etilganidan yiliga qurilgan uylarning oʻrtacha soni avvalgi davrdagi koʻrsatkichdan 4-5 baravar koʻpayganida ham koʻrish mumkin.

Oʻrganishlardan maʼlum boʻlishicha, muammolarning 23 foizi aynan uy-joy bilan bogʻliq. Aholining uy-joyga boʻlgan talabi vaqtida qondirilmagani natijasida esa hatto odamlar dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarda oʻzlari uchun boshpana qurib oldilar. Ammo bularning muammolari asorati haligacha saqlanib qolyapti.

Albatta, qisqa vaqt ichida ehtiyojmand aholi qatlamini boshpana bilan toʻla taʼminlash imkoni yoʻq. Hisob-kitoblarga koʻra, xalqimizning uy-joyga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirish uchun yiliga 145 ming xonadondan iborat uylar qurilishi kerak. Buning uchun esa, qariyb 30 trillion soʻm mablagʻ zarur boʻlarkan. Shuning uchun bunda xususiy sektor xizmatidan foydalanish tizimi yaratilib, koʻp qavatli uy-joylar qurishda davlat sherikchiligidan keng foydalanilmoqda. Davlat esa oʻz navbatida yer va imtiyozli ipoteka kreditlari ajratyapti.

Bu tizim eng yaqin hamkorlarimiz Yaponiya va Janubiy Koreyada muvaffaqiyatli sinovdan oʻtganini taʼkidlash joiz. Kunchiqar yurtda 1950-yillarda uy-joy kredit korporatsiyalari, Koreyada esa 1962-yilda milliy uy-joy korporatsiyalari tashkil qilingan. Yaʼni, bozor iqtisodiyoti davrida aholini, ayniqsa, kam daromadli oilalarni arzon boshpana bilan taʼminlashda xususiy sherikchilik xizmatidan keng foydalanilgan. Finlyandiyada esa 30 yildan buyon uy-joy muammosini yechishga katta eʼtibor qaratiladi.

2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, mamlakatimiz aholisi 34,5 mln kishiga yetdi va har yili 500 ming kishiga oshayapti. Ayrim tahlilchilarning fikricha, Oʻzbekiston aholisi eng kamida yana 40 yil oʻsishdan toʻxtamaydi va 20 yil ichida 40 milliondan oshadi. Demak, bu boradagi ishlarimizni yana-da faollashtirish, ehtiyojmand oilalarni boshpana bilan taʼminlashda xalqimiz uchun eng maqbul yoʻllardan foydalanish kerak.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus shu maʼnoda ham jamiyatda ijobiy qarashlarga sabab boʻladi. Endigi vazifa ana shunday katta maqsad ijrosini toʻgʻri nazorat qilishimizda. Yaʼni, bunda parlament oʻz kuchini koʻrsatishi kerak.

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер