Milliy oʻzlikni anglashda toponimik merosning roli beqiyos

14:43 26 Dekabr 2025 Jamiyat
141 0

Har bir xalqning tarixini, madaniyatini va milliy oʻzligini aks ettiruvchi eng muhim manbalardan biri – bu joy nomlaridir. Togʻu toshlar, daryo va koʻllar, shahar va qishloqlar nomlari, yaʼni toponimlar, nafaqat geografik belgilovchi elementlar, balki oʻtmishdan kelayotgan boy maʼnaviy xazinamizdir. Ular avlodlarning xotirasini, yashash tarzi, urf-odatlari va dunyoqarashini oʻzida mujassam etgan noyob madaniy meros hisoblanadi. Toponimik merosni oʻrganish nafaqat tarixiy jarayonlarni chuqurroq anglashga, balki milliy oʻzlikni shakllantirish va mustahkamlash imkonini beradi.

Darhaqiqat, milliy oʻzlikni anglash, avvalo, oʻzi tugʻilib oʻsgan yurt, uning tabiat va joy nomlariga samimiy mehr bilan qarashdan boshlanadi. Har bir joy nomi – bu ona yurtimizning qadr-qimmati, xalqimizning buyukligi va barqarorligining timsolidir. Shu nomlar orqali biz avlodlar zanjiri, ularning hayoti va urf-odatlarini his qilamiz, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylaymiz.

Bugun har bir toponim bejiz yaratilmaganligi koʻproq eʼtirof etilmoqda. Axir, joy nomlari oʻzida nafaqat geografik joylashuvni, balki chuqur tarixiy, etnografik va madaniy qatlamlarni ham aks ettiradi. Ularning kelib chiqishi, zamonlar osha qanday oʻzgarib, qay shaklga kirgani xalqimizning koʻhna tarixi, qadimiy urf-odatlari, dunyoqarashi va hayot tarzidan darak beradi. Baʼzan birgina joy nomi orqasida butun bir elatning koʻchishi, muhim tarixiy voqea yoki buyuk shaxslarning xotirasi yashiringan boʻladi. Ayrim toponimlar qadimiy urugʻlar nomidan, baʼzilari esa tabiiy-geografik sharoitdan, tarixiy janglar, diniy anʼanalar yoki iqtisodiy faoliyat turlaridan kelib chiqqan. Demak, toponimlarni oʻrganish orqali biz faqatgina joy nomining maʼnosini emas, balki butun boshli madaniy kontekstni, tarixiy tafsilotlarni va milliy ong shakllanishining muhim bosqichlarini ham chuqurroq anglashimiz mumkin.

Albatta, nomlar orqali til va madaniyat yashaydi. Qadimiy soʻzlar, lahjaviy iboralar, eski oʻzbekcha, forscha yoki turkiy ildizlar toponimlar tarkibida saqlanib qolgan. Misol uchun, Boʻston — bogʻ maʼnosini anglatsa, Qiziltepa yerning rangi va relyef shakliga, Sharqiy Osiyo esa ushbu hududning geografik joylashuviga ishora qiladi.

Aksariyat toponimlar faqatgina oʻsha yerning nomi boʻlib qolmay, balki hududning tabiiy sharoiti, iqlimi, relyefi, madaniy va tarixiy xususiyatlari, baʼzida esa foydali qazilmalari yoki xoʻjalik faoliyati haqida aniq maʼlumot beradi. Masalan, Nurota togʻlari etak qismida joylashgan Temirqobiq, Temirkon, Zarmitan, Zarband qishloqlari oʻrnida qadimdanoq temir hamda oltin foydali qazilmasi qazib olingan, joyning bu xil nomlanishi zamonamizda ushbu hududlar boʻylab yirik konlarning ochilishiga sababchi boʻlgan.

Afsuski, tarixning ayrim davrlarida, ayniqsa mustamlaka yillarida koʻplab tarixiy joy nomlari oʻzgartirilgan, milliy ildizlardan uzilgan. Bu esa milliy ongning susayishiga olib kelgan. Shu sababdan, bugungi kunda tarixiy toponimlarni tiklash, ularni oʻrganish va asrab-avaylash, milliy oʻzlikni anglash, yosh avlodga toʻgʻri yetkazish muhim vazifa hisoblanadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, toponimlarni oʻrganishda ajdodlarimizning boy ilmiy merosidan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Oʻrta Osiyo va Oʻzbekistondagi toponimlarga oid yozma ilmiy maʼlumotlarni buyuk ajdodlarimiz Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”, Beruniyning “Qonuniy Masʼudiy”, “Hindiston”, “Saydana”, Narshaxiyning “Tarixi Buxoro”, Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” kabi asarlarida uchratish mumkin. Memuar asarlar durdonasi hisoblangan “Boburnoma”da ham toponimlarga doir qimmatbaho maʼlumotlar mavjud. Unda mingga yaqin geografik joy nomlari tilga olingan.

Ushbu asarda geografik nomlar — mamlakat, shahar, qishloq, qalʼa, dasht, togʻ, dovon, dara, daryo, koʻprik, kechuv, koʻl, chashma, bogʻ, yaylov, oʻtloq va boshqa joy nomlari tilga olingan. Xususan, asarda hozirgi Qashqadaryo viloyatida joylashgan Shahrisabz shahrining nomlanishi quyidagicha izohlanadi: “Bahorlar sahrosi va shahri va bomi va tomi xub sabz bilur uchun Shahrisabz... derlar”. Demak, Shahrisabz “koʻkalamzor shahar”, “yashil bogʻ-rogʻlarga boy shahar” maʼnosidadir.

Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻat-it-turk” asarida keltirilgan xalq geografik terminlari asosida shakllangan joy nomlari turkiy xalqlarning tabiat bilan bogʻliq dunyoqarashi va hayot tarzi haqida muhim maʼlumot beradi. Misol uchun, “Sayram suv” — “toʻpiqdan past oqadigan oz suv” degan maʼnoni anglatadi; bugungi kunda Sayram nomli shahar mavjud. “Qazgʻan” esa “oʻnqir-choʻnqir, seryoriq yer” degan maʼnoga ega boʻlib, hozirda shahar maqomini olgan Gʻozgʻon qishlogʻi nomi aynan shu soʻz bilan bogʻliq.

Hozirgi oʻzbek tili bugungi zamon mahsuli emas, balki maʼlum bir tarixiy bosqichda shakllangan, boshlangʻich va sodda tilning oʻzgargan hamda takomillashgan koʻrinishidir. Shu bois toponimlar orqali hududlarning oʻtmishdagi va hozirgi holatini, xalqning turmush tarzi hamda qadriyatlarini oʻrganish zaruriyatga aylanadi. Zotan, toponimik merosni oʻrganish nafaqat tarixiy haqiqatni tiklash, yuqori aytilganidek, milliy oʻzlikni anglashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Charos MAHMUDOVA,

Chirchiq davlat pedagogika universiteti

katta oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?