MIBning vazifasi faqat aliment undirishdan iborat emas

15:29 29 Iyun 2022 Jamiyat
1293 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 14-noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni doirasida hududlarda ijro tizimi shaklan va mohiyatan rviojlanib bormoqda. Jumladan, Andijon viloyatida sohada samaradorlikni oshirish boʻyicha hududiy kengashlar tashkil etilgan boʻlib, ularning oldiga ijro ishi yuritishda mavjud muammolarni aniqlash, bartaraf etish, davlat organlari va mutasaddi tashkilotlarning hamkorligini taʼminlash kabi vazifalar qoʻyildi.

Yangi tizim qisqa fursatda oʻz samarasini bera boshladi. Misol uchun, 2021-yilning 1-dekabridan boshlab davlat foydasiga undiruvlarning muayyan qismi “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash maqsadiga yoʻnaltirila boshlandi. Shu asosda Andijon viloyatida yilning oʻtgan davrida 27,9 mlrd. soʻm mablagʻ ushbu toifa hamyurtlarimiz ehtiyoji yoʻlida sarflandi.

— Oʻtgan besh oy davomida viloyatda 30 ming nafardan ziyod aliment oluvchi fuqarolarning har biriga plastik kartasi ochilishi taʼminlandi va shu orqali aliment amaliyotini muntazam nazorat qilib borish imkoni yaratildi, — deydi MIB Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Otabek Salmanov. — Ular orqali 18,9 mlrd. soʻm aliment pullari oʻtkazib berildi. “Majburiy ijro byurosi” deyilsa, koʻpchilik faqat aliment undiruvchi idorani koʻz oldiga keltiradi. Biroq asosiy maqsad oilalar yaxlitligini taʼminlashdir. Byuro xodimlari ham dastlab nizoli vaziyatga tushib qolgan er-xotinlarni yarashtirishga harakat qiladi. Yilning ortda qolgan davrida 3 ming 520 ta yarashtiruvni amalga oshirganimiz bunga misoldir. Mabodo harakatlarimiz besamar kechgandagina aliment undirishga majbur boʻlamiz. Bu borada ham insoniylik tamoyillariga asoslanamiz. Yaʼni aliment toʻlovchining doimiy daromad manbaiga ega ekanligiga ahamiyat qaratamiz. Toki u ikkinchi toʻlovni amalga oshirguniga qadar moddiy qiyinchilikka tushib qolmasligi kerak. Ana shu maqsadda 911 nafar alimentchi otalarni ishga joylashtirdik.

Byuro xodimlari tomonidan, shuningdek, soliq qarzi bilan bogʻliq 5275 ta, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni undirish boʻyicha 12 ta, jinoiy va maʼmuriy jarima undirish bilan bogʻliq 26 ming 820 ta ijro ishlari boʻyicha harakatlar amalga oshirildi. Bundan tashqari qonunga xilof ravishda ishdan boʻshatilgan 9 nafar hamyurtimiz qayta ishga joylashgan boʻlsa, toʻlanmay qolgan 639 mln. soʻmlik ish haqlari undirib berildi.

 

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?