Men ham seni sogʻindim, bahor!

Bahor... Naqadar yoqimli, qalblarga iliqlik, koʻngillarga orzu-umid olib kiruvchi soʻz bu. Fasllar nomlari orasida eng nafis va eng goʻzali ham bahor. Bahor kalomining hatto talaffuz etilishida ham oʻzgacha maʼno borday...
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, tilimizda bahorga koʻplab maʼnodosh soʻzlar mavjud. Uni fasllar kelinchagi, koʻklamoyim, goʻzallik va poklik timsoli, bobodehqonni dalaga chorlovchi fasl deb ham ataydilar. Bu bejiz emas, chunki koʻklam tarovati, yasharish va yashnash tuygʻusi avvalo koʻngillarda kurtak ochadi, keyin esa dasht-u qirlar, bogʻ-u rogʻlarda asta-sekin koʻrinish bera boshlaydi.
Nazarimizda inson ona tabiat bilan bir butunligini ham aynan shu mavsumda, bahorning ilk kunlaridayoq yaqqol his etadi. Biz unga har yil bahridilimizni ochib, oʻpkamiz toʻlib, koʻzlarimiz quvonchdan porlab “Xush kelding, aziz Bahor! Xush kelding, qadrdon Koʻklamoy” deymiz.
Qayd etish joizki, bahor ilhombaxsh, koʻngillarga olam-olam zavq-u shavq ulashadigan, chanqagan ruhga oziq boʻladigan mavsum. Bu bejirim fasl haqida ne-ne shoirlar-u ijodkorlar toʻlqinlanib, orziqib, sogʻinib ashʼorlar bitmagan deysiz. Xususan, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf oʻzining bir sheʼrida bu faslni suyib, quyidagicha tarannum etadi:
Sochimda oq, men bahordan oʻtindim,
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber, bir chimdim.
Qor qoʻynida seni qoʻmsab, oʻkindim,
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber, bir chimdim.
Bu nafaqat ijod sohasida. Tabiat uygʻonishi bilan intiq qalblarda yashnatuvchilik, bunyodkorlik his-tuygʻulari joʻsh ura boshlaydi. Yerni sogʻinib qolgan qadoq qoʻlli, pok niyatli insonlar dala yumushlariga kirishib ketadi. Shu tariqa, baraka va rizq-u roʻz urugʻi yaxshi tilaklar ila tuproqqa qadaladi.
Bahorning ilgʻab boʻlmas dastlabki nafasini birinchilardan boʻlib begʻubor qalbli bolajonlarimiz sezadi, desak, mubolagʻa emas. Hali izgʻirin ketmasa-da, ular varrak uchirishni boshlab yuboradilar. Ana, qaranglar, endigina yurishni oʻrgangan bolakaylar ham akalariga ergashib bormoqda. Xayollari musaffo osmonda, musaffo osmon kabi orzulari esa bir olam ularning. Ularning bu intilishlari, yugurishlariga boqib, shoʻx qiy-chuvlariga quloq tutib, aziz bolajon, varraging kabi parvoz qil, parvozing yuksak boʻlsin, degimiz keladi.
Ayniqsa, bahor kunlari toʻyib nafas olsangiz, havoda oʻzgacha hid, ajib bir tarovat kezayotganini butun vujudingiz bilan tuyasiz. Kechagina tarashaday qotgan zamindan maysalar barq urib chiqmoqda, yaqinda xonadonlarni sumalakning xushboʻy isi tutib ketadi, odamlar esa samimiyat bilan bir birlarini tabriklashadi. Bunday kunlar faqat va faqat jonajon Oʻzbekistonimizga yarashdi.
Rostini aytsam, men ham seni sogʻindim, bahor! Ilohim, bu yil ham poyqadaming qutlugʻ kelsin koʻklamoyim!
Saidahmad SHUKUROV
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring