Masofaviy elektron deklaratsiyalash tizimi vaqtni tejashda qoʻl kelmoqda
“Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimizda uran oksidi va ammoniy perrenati ishlab chiqaruvchi va oʻz mahsulotini 100 foiz eksport qiluvchi mamlakatimizdagi yirik sanoat quvvatlaridan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlar Yaponiya, Hindiston, Kanada, Janubiy Koreya, Rossiya va Avstriya davlatlariga eksport qilinib, korxona tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi sifatida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi va uning tasarrufidagi bojxona postlari bilan doimiy hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Shu asosda korxona nomidan bojxona yuklarini deklaratsiyalash “Bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmati” mutaxassislari tomonidan elektron tarzda amalga oshirilib kelinmoqda.
— Elektron tarzda taqdim etilgan elektron yuk deklaratsiyalari xavfni boshqarish tizimi tomonidan avtomatik tarzda yoki masofaviy elektron deklaratsiyalash posti xodimlari tomonidan qisqa muddatlarda rasmiylashtirib berilmoqda. Ushbu tezkor jarayon rejalashtirilgan eksportning oʻz vaqtida amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega, — deydi “Navoiyuran” DK bojxona yuklarini deklaratsiyalash va sertifikatlashtirish xizmati boshligʻi Hasan Muxtarov. — Jumladan, oʻtgan 2023-yil davomida jami boʻlib 33 partiya uran oksidi va ammoniy perrenati tayyor mahsulotlari eksport jarayonida bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazildi. Eksport qilinayotgan tayyor mahsulotni qadoqlashda ishlatiladigan yogʻoch taxtalarni zararsizlantirilganligi toʻgʻrisida viloyat oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi bilan hamkorlikda 297 ta fitosanitar va muvofiqlik sertifikatlar rasmiylashtirildi. Natijada korxonamiz uran ishlab chiqarish boʻyicha 2023-yil yakuniga koʻra, eng yuqori koʻrsatkichlarni qayd etdi. Bu esa davlatimiz rahbarining uran ishlab chiqarishni 2030-yilga qadar uch barobarga oshirish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarning amaldagi ifodasi deyishimiz mumkin.

Korxona tomonidan oʻtgan 2023-yil yakunlari bilan mahsulotlar eksporti126 foizga bajarildi va 2022-yilga nisbatan oʻsish surʼati 133 foizni tashkil etdi. Shuningdek, joriy 2024-yil prognoziga koʻra mahsulotlar eksportini toʻliq bajarish va 2023-yilga nisbatan oʻsish surʼatini 110 foizga taʼminlash rejalashtirilmoqda. Albatta ushbu koʻrsatkichlarni bajarish va korxonaning xalqaro miqyosdagi mavqeining yuksalishida kasbiy salohiyati yuqori, tezkor va harakatchan bojxona organlari xodimlarining yordamlari katta boʻlmoqda.
— Bugungi kunda bojxona tizimida tadbirkorlik subyektlari va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun bir qator yengilliklar va qulayliklar yaratilgan, — deydi Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona posti katta inspektori Lola Xalilova. — Bunga bojxona tizimida bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona nazorati jarayonlari deyarli yuz foiz elektronlashganini misol qilib, hozirgi kunda 60 ga yaqin dasturlar va 30 ga yaqin interaktiv xizmatlardan foydalanishni keltirishimiz mumkin.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Respublikasi sertifikatlash milliy tizimining “Sanoat xavfsizligi” DM sertifikatlashtirish organi bilan hamkorlikda korxonada ishlab chiqarilgan mahsulot uchun muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirib borilmoqda. Oʻtgan 2023-yil davomida 28 ta bojxona yuk deklaratsiyasi qayta rasmiylashtiruvdan oʻtkazildi. Shuningdek, korxona xaridlari jarayonida xaridi rejalashtirilgan har bir tovarning tashqi iqtisodiy tovar nomenklaturalari aniqlanib, xulosalar berilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring