Mashhur yozuvchilarning rafiqasi haqida eshitganmisiz?
Soʻz odamlarining hayotida oila, ayniqsa, umr yoʻldoshlari alohida oʻringa ega. Bu ayollarning baʼzilari ularning hayoti davomida turmush oʻrtoqlarining shaxsiy hisobchilari, yordamchilari, stenograflari, kotiblari va hatto muharrirlari sifatida muhim rol oʻynagan.
Anna Grigoryevna Dostoyevskaya
Fedor Dostoyevskiyning oʻz ayoliga yozgan bir maktubi mazmuni quyidagicha edi:
«Farishtam Anna! Men oldingda choʻkkalayman, qoʻllaringdan oʻpaman. Azizim, men seni oʻn yil davomida yaxshi koʻrdim. Baʼzida janjallashgan, soʻzlarimiz tamomila bir-biriga zid kelgan boʻlsa ham men seni to oʻlim ayirmagunicha jonimdan ortiq sevdim».
Ularning taqdir yoʻllari birlashganida Anna bor-yoʻgʻi 20, Fyodor Dostoyevskiy esa 40 yoshda boʻlgan. Bu sevgi ular birga ishlagan paytlarida vujudga kelgan. Dastlab, Anna yozuvchining stenografi boʻlib faoliyat yuritgan. Keyinchalik ular birga yashashganida Anna uy ishlaridan, oilaviy byudjetni hisoblab borishdan, bundan tashqari, yozuvchiga ijodiy ishlarida yordam berishdan charchamagan. Chunonchi, oʻsha paytda ham turmush oʻrtogʻining yozuvlarini tahrirlar, stenograf sifatida ishlar, shuningdek kitoblarini nashr etar va sotardi. Oʻz oʻrnida Dostoyevskiyning qimorni tashlashida ayolining taʼsiri sezilarli darajada boʻlgan.
Sofiya Andreyevna Tolstoya
Ularning nikohdan keyingi hayoti taxminan yarim asr davom etdi. Bu vaqt mobaynida Sofiya Andreyevna turmush oʻrtogʻi Lev Tolstoy bilan birga boʻlgan — yaʼni Yasnaya Polyanadan tashqari chiqmagan. Sofiya butun hayoti davomida eriga mehr-muhabbat koʻrsatdi, ijodiy ishlarida koʻmakchi boʻldi, shuningdek, katta oilasiga gʻamxoʻrlik qildi. Ularning 13 nafar farzandi bor edi.
Sofiya Andreyevna oʻz xotiralarida shunday yozadi:
«Men kun boʻyi bolalarning darslari, sogʻligi, erimning kayfiyati, qarzlari, Samara koʻchmas mulkini sotish va boshqa narsalar haqida oʻylardim. “Kreyser sonatasi”ning yangi nashri, oʻn uchinchi jildning tahriri, Mishaning oqshom koʻylagi, yotoqxonasidagi kamchiliklar, Andryushaning nimchalarini yuvish, sigaralar, ilhom, qoʻlyozmalar, xullas... Bularning bari mening gardanimga tushgandi».
Lev Tolstoy umr yoʻldoshidan 16 yosh katta edi.
Yelena Sergeyevna Bulgakova
Bu Mixail Bulgakovning ham, Yelenaning ham hayotidagi uchinchi nikoh edi. Bulgakov xotinini juda yaxshi koʻrar va: Men faqat bitta ayolni sevaman — Yelena Nurenberg, deya taʼkidlardi.
Yelena Bulgakovning rafiqasi boʻlishdan tashqari ilhom manbai ham hisoblangan. Yozuvchi vafotidan soʻng Bulgakov arxivi ayolining saʼy-harakatlari natijasida saqlanib qolgan va keyinchalik butun dunyoga tanilgan. «Usta va Margarita» nashri Yelenaning fidoyiligi sabab nashr etilgan. Darvoqe, Margaritaning tasviri Yelenaning prototipi degan fikrlar ham yoʻq emas.
Vera Yevseyevna Nabokova
Vera Vladimir Nabokovning kotibi, muharriri, tarjimoni va maslahatchisi boʻlgan. Barchamizga maʼlumki, Vera «Lolita»ning qoʻlyozmasini saqlab qolgan. Vera har doim turmush oʻrtogʻi bilan birga boʻlgan — hatto yozuvchi universitetda maʼruza oʻqiganida va imtihon topshirganida ham uni yolgʻiz qoldirmagan. Ular haqida joylarda koʻplab gap-soʻzlar yurardi. Hatto Nabokovning romanlarini yozuvchining oʻzi emas, xotini yozgan degan mish-mishlar ham tarqalgan.
Nikohning dastlabki kunlarida yozuvchi ayoli uchun oʻzi oʻrgana olmagan va hech qachon oʻrgana olmasligini tan olgan narsalarning yarim jiddiy roʻyxatini tuzadi. Roʻyxat mashinani haydash, matn terish va oʻquvchilar bilan muloqotni oʻz ichiga olardi. Lekin har bir hazilda haqiqat bor. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, Vera roʻyxatda aytilgan barcha vazifalarni uddalay olgan.
Nabokovning aytishicha, Vera boʻlmaganida u ehtimol birorta roman yozolmasdi. Yozuvchi oʻz maktublaridan birida rafiqasi haqida shunday yozadi: «Men sizni juda yaxshi koʻraman, Vera! Sizning husnixatingiz ohista qadam tashlashingizga, ovozingiz esa bir xush tongga oʻxshaydi».
Nadejda Yakovlevna Mandelshtam
Ayoli shoirni bir daqiqa ham yolgʻiz qoldirmagan. Osip Mandelshtam vafotidan soʻng Nadejda Mandelshtam koʻp yillar davomida har kuni hibsga olinishidan qoʻrqib yashaydi. U erining arxivini saqlashga harakat qiladi, lekin oʻsha paytda bu xavfli boʻlgani uchun butunlay yodlab oladi.
Nadejda Yakovlevna adabiyot tarixida nafaqat Osip Mandelshtamning rafiqasi, balki isteʼdodli memuar yozuvchi sifatida ham nom qoldirgan.
Vera Muromseva — Bunina
Vera Ivan Bunin bilan ellik yil davomida birga yashagan. Vera yozuvchining sodiq, aqlli ayoli edi. U yillar davomida turmush oʻrtogʻining romantikasi va oʻyin-kulgilariga chidashi kerak boʻlgan. Chunki Buninning hayotida koʻplab ayollar bor edi. Biroq, Vera hech qachon eri bilan munosabatlarini toʻxtatmagan.
Yozuvchi Yanovskiy u haqida shunday deydi:
«Vera eri olis Sibirda, sovuq konlarda yohud Stokgolmdagi Monte-Karloda yashaganida ham oʻzini u uchun qurbon qilgan muqaddas rus ayoli edi».
Vera isteʼdodli tarjimon, shuningdek bir qator memuarlar muallifi edi. Yozuvchi vafotidan soʻng turmush oʻrtogʻiga bagʻishlangan «Buninning hayoti» va “Xotira bilan suhbat” kabi memuar asarlar yaratgan.
Zinaida Nikolayevna Gippius
Dmitriy Merjekovskiy va Zinaida Gippiy: XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi rus adabiyotini bu ajoyib juftliksiz tasavvur qilib boʻlmaydi.
Koʻplab yozuvchi ayollardan farqli oʻlaroq, Gippiy rafiqasi kabi mashhur boʻlgan. Kasbi oʻxshash va umumiy manfaatlarga ega boʻlgan er-xotinlardan biri (ayniqsa, ayol) koʻpincha oʻzini va isteʼdodini sherigiga hayotda, taqdirda va muvaffaqiyatda qurbon qilgan boʻlsada, bu oila oʻziga xos qonunlari va hayotga qarashlari bilan boshqa oilalardan ajralib turardi.
Toʻplovchi va tarjimon:
Rahmat Bobojon
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring