Markaziy Osiyoda volontyorlik holatini oʻrganish boʻyicha mintaqaviy uchrashuv oʻtkazilmoqda

15:37 03 Aprel 2024 Jamiyat
193 0

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

BMT Koʻngillilar tashkiloti Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda volontyorlik holatini oʻrganish boʻyicha mintaqaviy uchrashuvini oʻtkazmoqda.

Maʼlumot uchun: Mazkur xalqaro doiradagi uchrashuv BMT Bosh Assambleyasi 2026-yilni barqaror rivojlanish uchun xalqaro koʻngillilar yili deb eʼlon qilganligi munosabati bilan tashkil etilmoqda.

Mintaqaviy uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlarining (Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasidan) 15 nafar ekspertlari va amaliyotchilari, shuningdek, koʻngillilar tashkilotlari va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

BMT Koʻngillilar tashkiloti barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda koʻngillilar va koʻngillilar harakatlarining hissasini tahlil qilishga qaratilgan jahon koʻngillilik xisobotini (State of the Worldʻs Volunteerism Report (SWVR) report) tayyorlashga kirishgan. Mazkur hisobot natijalari 2025-yilda eʼlon qilinadi.

BMT Koʻngillilar tashkiloti tomonidan hozirgi kunda 5 ta Markaziy Osiyo davlatlarining (Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi) tahliliy maʼlumotlarni tayyorlash yuzasidan oʻrganishlar va tadqiqotlar oʻtkazilmoqda.

Mintaqaviy uchrashuv doirasida Markaziy Osiyo davlatlari boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotning dastlabki bosqichi natijalari, shuningdek, hukumat va koʻngillilar oʻrtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.

BMT Koʻngillilar tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotning dastlabki natijalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasida koʻngillilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida namuna qilib koʻrsatishga loyiqligi maʼlum qilingan.

Shu munosabat bilan, Markaziy Osiyoda volontyorlik holatini oʻrganish boʻyicha mintaqaviy uchrashuvini Oʻzbekistonda oʻtkazish yuzasidan qaror qabul qilingan.

Mintaqaviy uchrashuvda:

Oʻzbekiston Respublikasida 2019-yil 2-dekabrda “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi, 2023-yil 18-avgustda ushbu qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, sohadagi vakolatli davlat organi etib — Yoshlar ishlari agentligi belgilanganligi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Volontyorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2022-yil 11-apreldagi 169-son qarori qabul qilinganligi va qarorga muvofiq vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan bugungi kunda volontyorlik guruhlari bilan qilinayotgan hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilinadi.

Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha har bir hududdagi 5 ta eng yaxshi volontyorlik loyihalarini amalga oshirish uchun volontyorlik guruhlari va volontyorlik tashkilotlariga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda grant mablagʻlari ajratilganligi hamda Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi tashkil etilib, bugungi kunda 104 ming nafar yoshni qamrab olgan 210 ta volontyorlik guruhlari doimiy faoliyat koʻrsatayotganligi yuzasidan taqdimotlar oʻtkaziladi.

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер