Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi

12:13 14 Mart 2024 Iqtisodiyot
537 0

Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish boʻyicha noaniqliklar va inflyatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib hamda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasaytirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayib, fevral oyida 8,3 foizni tashkil etdi. Biroq, soʻnggi oylarda yuqori talab va bir qator tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi kuzatildi. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari deyarli oʻzgarishsiz, yuqoriligicha qolmoqda.

Joriy yil oxiriga inflyatsiya 8-9 foizlik prognoz diapazoni doirasida shakllanishi kutilmoqda. Prognoz davrida tartibga solinadigan narxlar oʻzgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga taʼsiri boʻyicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, asosiy ishlab chiqarish koʻrsatkichlari oʻtgan yilning yanvar fevral oylariga nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsdi. Shuningdek, ayrim tarmoqlarda, xususan yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasining sustlashishi qisqa muddatli istiqbolda ichki bozorda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qoʻshimcha bosimni yaratishi mumkin.

Umuman olganda, birinchi chorak yakunlari boʻyicha iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari nisbatan yuqoriroq shakllanishi, keyingi choraklarda esa bazaviy prognoz doirasida 5,5-6 foiz boʻlishi borasidagi kutilmalarni kuchaytirmoqda.

Oʻtgan yilgi va joriy yil boshidagi yuqori fiskal xarajatlar kelgusi choraklarda yalpi isteʼmol faolligini qoʻllab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan boʻladi.

Ayni paytda, transchegaraviy pul oʻtkazmalarining oʻtgan yilgi koʻrsatkichlar doirasida shakllanayotganligi hamda aholi real daromadlarining joriy oʻsish surʼatlari kelgusida isteʼmol talabiga qoʻshimcha proinflyatsion bosim yaratmaydi.

Mehnat bozorida yuqori faollik va ishchi kuchiga talabning oshishi kuzatilmoqda. Ishchi kuchiga talabning asosiy oʻsishi xizmatlar sohasiga toʻgʻri kelib, ushbu sohada ish haqining yuqori shakllanishga ham olib kelmoqda. Ayni paytda, xizmatlar sohasida narxlar va daromadlarning muntazam oshishi sharoitida iqtisodiyotda mazkur sohalarga investitsiyalar hajmi va joriy isteʼmol xarajatlaridagi ulushi ortib boradi.

Import dinamikasida mashina va uskunalar, energetika va neft mahsulotlari, qora metallar importining yuqori oʻsishi davom etishi bir tomondan kelgusida ishlab chiqarish hajmlari oshishiga zamin yaratsa, ikkinchi tomondan savdo balansi taqchilligining saqlanib qolishini ham bildiradi.

Joriy operatsiyalar hisobining muvozanatga kelishi belgilangan fiskal intizomning taʼminlanishi, xorijiy investitsiyalar oqimi va iqtisodiyotni eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarning natijadorligiga bogʻliq boʻladi.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari keyingi choraklarda ham saqlanib qoladi. Banklararo pul bozorida yil boshidan yuqori faollik va pul-kredit instrumentlaridan foydalanish hajmining ortib borishi fonida UZONIA foiz stavkasi asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanib boradi.

Jamgʻarish faolligi oshishda davom etib, bu xususan, milliy valyutadagi depozitlar hajmi oʻsishida namoyon boʻladi. Umuman olganda, depozitlarning yillik oʻsish surʼatlari kreditlash hajmining oʻsishidan sezilarli darajada yuqori boʻlishi kutilmoqda.

Banklarning resurs bazasida ichki va xususiy manbalar ulushi ortib borishi, oʻz navbatida, bozor foiz stavkalarida aks etadi.

Milliy valyutada ajratilgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalarida soʻnggi oylarda sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi.

Ayni paytda, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmiga kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlar qisqa muddatli pullar narxini pasaytirish orqali kelgusida kreditlar boʻyicha foiz stavkalarining ham pasayishiga zamin yaratib boradi.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan izchil pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga, inflyatsion kutilmalarga va tartibga solinadigan narxlarning oʻzgarish dinamikasiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2024-yil 25-aprelga belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?