Margʻizorlik temirchining kutubxonasi
Ikki daryo oraligʻidagi Norin tumanida joylashgan Margʻizor qishlogʻini koʻpchilik mirishkor dehqonlar qoʻrgʻoni sifatida biladi. Tadbirkorlik harakatiga keng yoʻl ochilishi bilan bu yerda ishbilarmonlar ham koʻpayib qoldi. Ular safida temirchilik kasbini eʼzozlab kelayotgan Muhammadamin Abdullayev ham bor. U koʻhna hunarni bir umr sandon ustida temirni bolgʻalab oʻtgan padari buzrukvori Mirzamahmud otadan oʻrgangan. Olti mingga yaqin aholi yashaydigan mahallada uning ishiga hamisha ehtiyoj bor. Kimdir ketmon yasatgani kelsa, boshqa birov keskir bolta yoki teshaga buyurtma beradi. Ancha boʻldi, ishini yakka tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazib, Margʻizor va yondosh mahallalar ahliga xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Bolalikdan kitobga mehr qoʻygan usta oltinchi sinfda oʻqiyotganda Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarini oʻqib qattiq taʼsirlangani, hatto qahramonlar taqdiriga achinib xum-xum yigʻlaganini qayta-qayta xotirlaydi. Shundan boshlab mutolaa uning eng sevimli mashgʻulotiga aylandi. Oʻqish, roʻzgʻorga qarashishdan ortgan paytlarida vaqtini maktab kutubxonasida oʻtkazardi. Oʻshanda bu yerda adabiyotlar uncha koʻp boʻlmagan, qiziqarli kitoblarni oʻqish uchun kunlab navbat kutishga toʻgʻri kelardi. Oʻshandayoq “Katta boʻlsam eng yaxshi asarlarga toʻla kutubxona quraman”, degan niyatni diliga tugib qoʻyadi. 2019-yili asosiy ishi temirchilikdan orttirib, mahalladagi tashlandiq yerda ustaxona, unga yondosh moʻjazgina kutubxona binosini tikladi. Oʻzi oʻqigan kitoblari besh yuztadan oshgandi. Qoʻni-qoʻshnilar, oʻqituvchilik kasbida ishlayotgan yaqinlari tuhfasi bilan adabiyotlari soni uch mingdan oʻtib ketdi. Tarkibida keksayu-yosh, turli kasb egalari boʻlgan mushtariylar soni kundan kunga ortib borayotgan kunlarning birida maʼrifatparvar insonning xayrli ishiga koʻz tegdi. Shundoq yonginasida savdo ishini yoʻlga qoʻygan tadbirkor turli vaju korsonlarni roʻkach qilib, uning joyini egallash harakatiga tushadi. Vaholanki, Muhammadaminning qurilish uchun zarur boʻlgan barcha qonuniy hujjatlari mavjud edi. Ikki oʻrtadagi tortishuvlar keyingi daʼvogarning foydasiga hal boʻldi, joy qoʻldan ketdi. Oʻshanda ichidan nimalar oʻtganini oʻzi biladi. Biroq, hafsalasi pir boʻlmadi. Sal nariroqdan kim oshdi savdosiga qoʻyilgan joyni sotib olib, boshqa bir imoratni tez fursatda tikladi. Kitoblar yangi binoga koʻchirildi. Hozir bu yerda oʻn mingdan ortiq adabiyot bor. Koʻpchilik “Xalq kutubxonasi” deb ataydigan maskanga kunda-kunora tashrif buyurgan ixlosmandlar soni ming nafardan koʻproq.
– Inson oʻz ishidan zavqlangani sari oldinga intilaveradi, – deydi 53 yoshli M. Abdullayev. – Keyingi paytlarda kitobga kelayotganlar gavjumlashgani sari kutubxonamiz torlik qilib qolgandek tuyuldi. Buning ustiga oʻquv zalining yoʻqligidan ular kitobni uylariga olib ketib oʻqishiga toʻgʻri kelayotgandi. Oila aʼzolarimiz bilan kelishib hovlimizning bir qismiga kattaroq binoni tiklashga ahd qildim. Unda qadriyatlar muzeyi, milliy hunarmandchilik xonasi, qirqqa yaqin kishiga moʻljallangan mutolaa zalini barpo etdik.
Bugun fidoyi inson hovlisidagi qurilish deyarli nihoyasiga yetib qoldi. Muhammadamin uni qishli-qirovli kunlarga qoldirmay yaqin vaqtda kitobxon mahalladoshlariga tuhfa etish harakatida. Taqdimotga norinliklardan tashqari poytaxt va viloyatdan taniqli ijodkorlar, hatto, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻizistondan kitobsevarlik tufayli tanishgan doʻstlarini taklif etish niyatida. Biroq unga qadar hovlidagi maʼrifat binosini yangidan-yangi adabiyot, tarixiy ashyolar, hunarmandchilik buyumlari bilan toʻldirish zarur. Nufuzli mehmonlar tashrifi oldidan bu yerga olib keladigan koʻchani asfaltlab qoʻyish zarurati tugʻilyapti. MFY yettiligi, mahalliy hokimiyat bu masalada M. Abdullayevga yelka tutib yuborsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi. Axir, bu insonning oʻziga hashamatli koshonadan koʻra koʻpchilikka ziyo ulashadigan maskan qurishni ixtiyor etganining oʻzi katta ibrat.
Qudratilla NAJMIDDINOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring