Margʻilon shahrida tumanlararo perinatal markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi

17:18 04 Iyul 2023 Jamiyat
617 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Margʻilon shahar tibbiyot birlashmasining tugʻruq boʻlimi negizida bir vaqtning oʻzida 150 nafar tugʻruq yoshidagi ayollar uchun xizmat koʻrsatadigan tumanlararo perinatal markazi oʻz faoliyatini boshladi.

Tantanali tadbirda taʼkidlab oʻtilganidek, bugungi kunda yurtimizda barcha sohalar qatori tibbiyotda ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

— Margʻilon tumanlararo perinatal markazi Margʻilon shahri, shu bilan birga Toshloq, Qoʻshtepa, Rishton va Yozyovon tumanlariga yuqori malakali tibbiy xizmat olishga muhtoj homilador, tugʻish yoshidagi ayollar va chaqaloqlarga jahon andozalari darajasida xizmat koʻrsatadi, — deydi Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Abduqayum Toʻxtaqulov. — Tugʻruq majmuasini mukammal taʼmirlash, moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun 9,2 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

Aytish oʻrinliki, davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, bosqichma-bosqich mamlakatimizda 46 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tugʻruq boʻlimlari negizida tumanlararo perinatal markazlarini tashkil etish belgilangan.

Oʻtgan davrda qaror ijrosini taʼminlash maqsadida birgina Fargʻona viloyatining Qoʻqon va Margʻilon shahrida tugʻruq kompleksi hamda Beshariq tumani tibbiyot birlashmasining tugʻruq boʻlimi negizida tumanlararo perinatal markazi tashkil etildi.

                                                                          Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер