Manfaatli hamkorlik: “C5+1” sammiti — yangi imkoniyatlar eshigi
Illyustrativ foto
Nuriddin ISMOILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri
Dunyodagi yangi siyosiy muvozanatlar tez oʻzgarib borayotgan hozirgi davrda, geoiqtisodiy raqobat, energiya xavfsizligi, iqlim oʻzgarishi va transchegaraviy muammolar davlatlardan yangi yondashuvni talab qilmoqda.
Prezidentimizning mamlakatimiz va mintaqamiz manfaatlaridan kelib chiqib olib borayotgan oʻziga xos faol tashqi siyosati oʻzining ijobiy natijalarini berayotganligi bugungi kundagi muhim voqealardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining ochiqlik va oʻzaro ishonchga asoslanib yaqin qoʻshnilar bilan olib borayotgan siyosati, mintaqamizga yangi mazmun, ruh olib kirdi.
Qoʻshni mamlakatlar oʻrtasida raqobatdan koʻra hamkorlik kayfiyati hukm surmoqda, mintaqada birdamlik va yangi muvozanat shakllanmoqda.
Prezidentimizning AQSH Prezidenti Donald Tramp va AQSHning boshqa yuqori martabali rahbarlari bilan uchrashuvlari ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ikki tomonlama uchrashuv yakunlari, ayniqsa, AQSH Prezidentining bizning Prezidentimiz haqidagi fikrlari AQSHning Oʻzbekistondagi islohotlarga ishonch bilan qarayotganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammiti esa Markaziy Osiyoning nafaqat mintaqaviy, balki global masalalarni hal etishda ishonchli hamkor sifatida oʻrni oshib borayotganini koʻrsatmoqda.
Darhaqiqat, mintaqamizda xavfsizlikni taʼminlash bilan birga barqaror rivojlanishga erishish muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston uchun ushbu platforma nafaqat diplomatik muloqotni, balki iqtisodiy rivojlanish, innovatsiyalarni joriy qilish va xalqaro maydonda faol ishtirok etish imkoniyatini ham taʼminlaydi.
Davlatimiz rahbari sammitda soʻzga chiqib, “C5+1” formati doirasida amaliy xarakterga ega boʻlgan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, “C5+1” doirasida doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyat tashkil etish, Investitsiyalar va savdo boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamgʻarmasini yoʻlga qoʻyish, Mintaqaviy agrotexnologik sheriklik platformasiga asos solish kabi tashabbuslari, albatta, “C5+1” formatidagi aloqalar natijadorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va AQSH munosabatlari nafaqat davlat rahbarlari, balki qonun chiqaruvchi organlar oʻrtasida ham izchil rivojlanmoqda. Sammit doirasida Prezidentimiz AQSH Kongressi Vakillar palatasi aʼzolari bilan ham uchrashuv oʻtkazgani ahamiyatli jihatlardan biri boʻldi. Bu mamlakatimiz rahbarining har bir xalqaro tashrifda parlament diplomatiyasiga alohida eʼtibor qaratayotganining yaqqol ifodasidir.
Uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, AQSH Kongressida Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha kokus faoliyati orqali parlament diplomatiyasi yanada rivojlanmoqda. Har yili Vakillar palatasida kokus koʻmagida Oʻzbekiston kunlari oʻtkazib kelinayotgani ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning AQSHga tashrifi faqat siyosiy emas, iqtisodiy, investitsiyaviy jihatdan ham yuksak tarixiy ahamiyat kasb etdi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Amerika Qoʻshma Shtatlarining yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan samarali uchrashuvlar oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari Amerika biznesi bilan strategik sheriklikning yangi yoʻnalishlarini ochiq va aniq tarzda koʻrsatib oʻtdi.
Albatta, Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan iqtisodiy aloqalarning izchil kengayishi mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, xususiy sektorni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalar jalb etishga xizmat qiladi. Bu esa milliy manfaatlarimizga toʻla mos keladi va davlatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning tashrifi yakunlari keng koʻlamli boʻlib, davlatimiz va jamiyatimizni faol rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Oʻzbekiston parlamenti Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosiy yoʻlini toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentning taʼsirchan ishtirokini taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrib, milliy va mintaqaviy darajada kelishuvlarning samarali amalga oshirilishi uchun zarur qonunchilik bazasini mustahkamlaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring