Maʼnaviy uygʻoqlik — vatanparvarlik nishonasi

19:30 08 Fevral 2024 Madaniyat
249 0

Bugun yurtimiz boʻylab gʻayrati baland, matonatli, jasoratli oʻgʻil-qizlarimiz ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari birlashaylik!”, “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” shiorlari ostida maʼnaviy-maʼrifiy festivallar bejiz oʻtkazilmayapti. Mazkur tadbirlar yoshlarimizda vatanparvarlik, erksevarlik, yurtsevarlik tuygʻularini, maʼnaviy immunitetni mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi, desak, adashmaymiz.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, ona Vatanga, xalqqa xizmat qilish qanday boʻlishi kerakligini Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur kabi ulugʻ allomalarimiz, sarkardalarimiz, shoir va mutafakkirlarimiz oʻz hayotlari, faoliyatlari misolida koʻrsatib bergan.

Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon singari ziyolilarimiz asarlarida tarannum etgan el-yurtga muhabbat, oʻz tili va diniga sadoqat, mamlakat taqdiriga daxldorlik hislari bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Ularning serzahmat umr yoʻli — azob-uqubatlarga qaramay jasorat va matonat bilan bugungi farovon kunlar uchun kurashishi, hatto jonini ham fido qilishi har birimiz uchun oʻrnak.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, tarixdan maʼlumki, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqan.

Bugun ana shu jasoratli shaxslar barchamizga ibratdir. Chunki hozirgi axborot globallashuvi davrida mamlakatimizga, bugungi dorilamon kunlarimizga axboriy tahdidlar, salbiy taʼsir koʻrsatishga urinishlar koʻpaysa koʻpaymoqdaki, aslo ozaygani yoʻq.

Bunday gʻoyaviy xurujlarni, siyosiy “oʻyin”larni xalqimiz eng ulugʻ boylikni — mustaqillikni qoʻlga kiritgan kunlardanoq boshidan oʻtkazib kelmoqda. Oʻsha vaqtda “Siz mustaqil boʻlib, nima qila olasiz?”, “Qanday yutuqlarga erishasiz?”, “Kimlar bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlaysiz?” deb kinoya qilgan insonlar bugun endi yutuqlarimizga hasad koʻzi bilan qaramoqda. Toʻgʻri yoʻldan chalgʻitishga, millatlar oʻrtasiga nifoq solishga, yoshlarda ertangi kunga ishonchsizlik ruhini uygʻotishga harakat qilmoqda.

Oʻzini “tarixchi” deb bilgan kimsalarning mamlakatimizning shonli oʻtmishini kamsitishga urinayotganini — bunday axloqsizlikni, bilimsizlikni hech qanday sabab bilan oqlab boʻlmaydi. Axir jahon taraqqiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan birinchi Renessans hamda ikkinchi Renessansni aynan Oʻzbekiston hududida azaldan yashab kelgan turkiy xalqlar roʻyobga chiqarganini, bu xalqlar ne-ne ulugʻ saltanatlar qurganini butun dunyo biladi va oʻqib-oʻrganadiku!

Biz bunday soxta olimlarga asosli javoblar berishimiz kerak. Ayni paytda yoshlarimizga oʻtmishimizni puxta oʻrgatishimiz, qalblarida Vatanimizga hurmat-ehtiromni yanada kuchaytirishimiz lozim. Buning uchun taʼlim-tarbiya ishlarini yangi bosqichga koʻtarishimiz zarur.

Prezidentimiz yoshlarimizning intellektual salohiyatini oshirishga urgʻu berib, bejizga yangi shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni ochmayapti, ularning oʻquv dasturlarini boshqa maktablarda ham joriy etish zarurligini taʼkidlamayapti. Maqsad — yurtimizda koʻngil koʻzi ochiq, bilimi yuksak, zamonaviy fikrlaydigan, oʻz kasbining ustasi boʻlgan yosh avlodni tarbiyalash.

Zotan, chinakam Beruniy izdoshlari, Mirzo Ulugʻbek vorislari, Alisher Navoiy davomchilari oʻz yutuqlari bilan butun dunyoga biz kim, qanday buyuk zotlarning avlodlari ekanimizni nafaqat soʻzda, balki amaliy faoliyatida koʻrsata oladi. Ayniqsa, buni koʻrgan ayrim gʻalamislarning koʻzi yanada kattaroq ochilishiga shubha yoʻq.

Yangi Oʻzbekistonda yoshlarga zamonaviy bilimlarni oʻrgatish bilan bir qatorda, qalblariga ajdodlarimiz qonida boʻlgan davlat va siyosiy boshqaruv, harbiy vatanparvarlik hamda oʻz yurtining himoyachisi boʻlishdek ezgu fazilatlarni singdirishga intilmoqdamiz. Ularning fikrini, taklif va tashabbuslarini eshityapmiz. Hatto parlamentda ham oʻz oʻrni, ovozi, imiji boʻlishi uchun barcha imkoniyat va imtiyozlarni yaratmoqdamiz. Bunga bugun chet el ekspertlari ham havas bilan boqmoqda. Binobarin, biz yoshlarimizga ishonamiz. Chunki ular bizning davomchimiz!

Navqiron avlod bagʻrikenglik, hamjihatlik ruhida tarbiyalanyapti. Ular dunyoga ochiq yuz bilan qarayapti. Chunki mamlakatimiz ana shunday ichki va tashqi siyosatga ega. Jahon mamlakatlari, barcha millat va din vakillari bilan bagʻrikenglik, doʻstlik, xalqaro iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar oʻrnatish, bir-birini hurmat qilish, oʻzaro tenglik, hamkorlik tamoyillari asosida umrguzaronlik qilish tarafdori boʻlib kelmoqda. Buni Prezidentimizning jahonning eng yuksak minbarlarida turib bildirayotgan fikrlari, ilgari surayotgan tashabbuslari misolida ham koʻryapmiz.

Bugungi geosiyosiy jarayonlar biz, yoshlar siyosatiga daxldor insonlar, maʼnaviyatchilar zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Yurtimizga chetdan boʻlayotgan har qanday igʻvo, tuhmat ildizlariga bolta urishda oʻrnak koʻrsatibgina qolmay, yigit-qizlarimizning dovyurak, mard va jasur, milliy gʻururi baland, vatanparvar boʻlishiga hissa qoʻshishimiz shart. Hazrat Alisher Navoiy: “Odam borki, odamlarning naqshidir, odam borki, hayvon undan yaxshidir”, deganidek, biz yoshlarimizni millatidan, irqidan, dinidan, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, Oʻzbekistonning, dunyoning naqshi boʻladigan darajada tarbiyalashimiz kerak.

Amir Temur taʼkidlaganidek, biz yoshlarga kuch birlikda, adolatda ekanini uqtirsak, maʼrifatning beqiyos kuch-qudratini ajdodlarimiz hayoti, bebaho merosi misolida koʻrsata bilsak, shubhasiz, farzandlarimiz Vatanimizga sadoqatli, yangi Oʻzbekistonni avaylab asrashga qodir, turli axborot xurujlariga, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “mamlakatimizdagi islohotlar jarayoni hech qachon ortga qaytmaydi”, deya javob beradigan insonlar boʻlib ulgʻayadi.

Jamila SHERMUHAMMEDOVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi eksperti,

“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер