Maʼnaviy matonat va uygʻoq vijdon timsoli — Ozod Sharafiddinov
Qush parvoz uchun, odamzod yashash uchun yaratiladi. Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov aytgan ushbu fikr bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Chunki u zot talqinida “yashash” — shunchaki biologik jarayon emas, balki millat dardi bilan nafas olish, haqiqatni himoya qilish va tafakkur erkinligi uchun kurashish demakdir. Bugun mamlakatimizda “Uchinchi Renessans” poydevori barpo etilayotgan bir davrda bu jarayonning maʼnaviy tayanchlaridan biri sifatida Ozod Sharafiddinov merosiga murojaat qilish tobora dolzarb tus olmoqda.
1929-yil bahorida Qoʻqonning Oxunqaynar qishlogʻida tugʻilgan olimning hayot yoʻli XX asr oʻzbek maʼnaviyatining eng murakkab va sinovli bosqichlarini oʻzida mujassam etgan. Qatagʻon va mafkuraviy tazyiqlar kuchaygan muhitda voyaga yetgan boʻlsa-da, u qalbidagi jadidona maʼrifat ruhini saqlab qoldi. Uning “Zamon. Qalb. Poeziya” asari adabiy tanqid doirasidan chiqib, fikr va tafakkurni yangilashga daʼvat etgan konseptual chiqish sifatida baholanadi. Muallif adabiyotni mafkuraviy qoliplardan chiqarib, uning markaziga shaxs va uning ichki dunyosi masalasini qoʻydi. Bugun taʼlim jarayonida tanqidiy tafakkurni shakllantirish ustuvor vazifa sifatida tilga olinayotgan boʻlsa, bu gʻoyaning ilk nazariy asoslari aynan shu maktab tomonidan ilgari surilganini unutmaslik kerak.
Olimning fuqarolik pozitsiyasi va maʼnaviy jasorati, ayniqsa, “Eʼtiqodimni nega oʻzgartirdim?” maqolasida yaqqol namoyon boʻladi. Unda muallif shaxsiy qarashlar evolyutsiyasini ochiq tan oladi, kechagi fikrlarga bugungi nuqtayi nazardan xolis baho beradi. Bu — ziyoli insonga xos masʼuliyat va ichki halollik namunasidir. Ayniqsa, bugun axborot maydonida yuzaki mashhurlik ortidan quvish, xatoni tan olmaslik holatlari uchrab turgan bir paytda, bunday yondashuv yoshlar uchun muhim ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.
“Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan...” maqolasida esa Vatan tushunchasiga chuqur maʼnaviy taʼrif beriladi. Muallif Vatanni faqat hudud emas, balki ona tili, adabiyot va tarixiy xotira uygʻunligi sifatida talqin qiladi. Globallashuv sharoitida milliy oʻzlik masalasi yanada keskin tus olgan bir paytda bu fikrlar alohida ahamiyat kasb etadi. Milliy qadriyatlar bilan yashagan inson qayerda boʻlmasin, maʼnan Vatan bagʻrida ekani, oʻz tili va madaniyatidan uzilish esa eng ogʻir yoʻqotish ekani taʼkidlanadi.
Ozod Sharafiddinov hayotining soʻnggi yillari matonat va iroda namunasi sifatida eʼtirof etiladi. Ogʻir xastalik va jismoniy cheklovlarga qaramasdan, u ijod va tarjima faoliyatini toʻxtatmadi. Lev Tolstoyning murakkab “Iqrornoma” asarini oʻzbek tiliga oʻgirishi, “Jahon adabiyoti” jurnalini yoʻlga qoʻyishdagi tashabbusi — maʼnaviy kuch va fidoyilikning yorqin ifodasidir. Bu tajriba qiyinchilik oldida tushkunlikka tushayotgan yoshlar uchun amaliy namuna boʻla oladi: jism cheklanishi mumkin, ammo ijodiy ruh va tafakkur erkinligini toʻxtatib boʻlmaydi.
Olimning “Ziyoli odam — jamiyatning asab tolasi” degan fikri bugun ham dolzarb. Chunki zamonaviy jamiyat faqat texnologiya bilan emas, balki maʼnaviy immunitet bilan ham rivojlanadi. Bugun yosh avloddan raqamli koʻnikmalar bilan bir qatorda milliy gʻoya va qadriyatlarni targʻib qila olish salohiyati ham talab etilmoqda. Bu borada Ozod Sharafiddinov qoldirgan ilmiy va publitsistik meros mustahkam maʼnaviy asos vazifasini oʻtaydi.
Xulosa shuki, uning qarashlari va asarlari bugun ham faol fuqarolik pozitsiyasi, xolis tafakkur va maʼnaviy masʼuliyatga chorlovchi manba boʻlib qolmoqda. Zero, u taʼkidlaganidek, adabiyot — millat vijdonining hisobotidir. Bu vijdonning uygʻoq boʻlishi esa jamiyat taraqqiyotining eng muhim shartidir.
Sirojiddin SAMANDAROV
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- Oʻzbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sunʼiy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring