Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish — davr talabi

10:03 05 Yanvar 2024 Madaniyat
1701 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi oʻzgaryapti. Huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh gʻoyaning ahamiyati ham ortib bormoqda.

Biroq bugun dunyoda roʻy berayotgan iqtisodiy, mafkuraviy, gʻoyaviy qarama-qarshiliklar, shu bilan birga, taraqqiyot surʼatlarining shiddatli tus olgani, oʻta ziddiyatli jarayonlarning taʼsiri mamlakatimizda ham sezilayotgani erishilgan natijalar va toʻplangan boy tajribadan kelib chiqqan holda belgilangan maqsadlarni yana bir bor qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

2023-yil 22-dekabrda Prezidentimiz raisligida maʼnaviyat va madaniyat faollari, adabiyot va sanʼat namoyandalari, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligiga masʼul rahbarlar ishtirokida ilm-fan, taʼlim va tarbiya, maʼnaviyat masalalarining bugungi holati tahliliga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda bu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Sababi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yuksak choʻqqisiga qarab rivojlanayotgan davlat va jamiyatlarda maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlarning toʻgʻri tashkil qilinganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqadi.

Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi Gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur ekanligi taʼkidlandi.

Shu oʻrinda eʼtirof etish kerakki, soʻnggi yetti yilda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samarasi va taʼsirchanligini oshirish, koʻlami va miqyosini yanada kengaytirish, mamlakat aholisi, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirishning yagona tizimi yaratildi.

“Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Milliy anʼanalarimizni asrab-avaylash va boyitish maqsadida Maqom, Baxshichilik va Askiya sanʼati markazlari tashkil etildi. Shuningdek, “Bahor” raqs ansambli, Davlat filarmoniyasi, Davlat simfonik orkestri kabi 20 dan ortiq muassasalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, 11 ta yangi muzey, 2 ta teatr, 28 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 5 ta oliy taʼlim muassasasi ochildi.

Sohaning mustahkam iqtisodiy asoslarini yaratish maqsadida 2016-yildagiga nisbatan mablagʻ ajratish koʻrsatkichi 5,6 barobardan ziyodga oshirildi. Xususan, bu yil ijtimoiy sohaga eng koʻp — 134 trln. soʻm mablagʻ ajratildi. Bunday iqtisodiy imkoniyatlarning yaratilganligi, ushbu yoʻnalishda talab va ehtiyoj yuqori boʻlgan kadrlarni tayyorlash imkonini beradi.

Shuningdek, uchrashuvda soha rivoji uchun alohida Prezident qarori qabul qilinishi, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochilishi hamda “Jadid” nomli yangi gazetaga asos solinishi aytildi. Bu oʻz ijrosini topdi.

Gap shundaki, Yangi yilning ilk kunlarida uygʻoq qalbli yurtdoshlarimiz uchun yana bir minbar boʻlgan ushbu gazetaning birinchi soni chop etildi.

Davlatimiz rahbarining “Jadid” gazetasi jamoasi va mushtariylariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, oʻtmishda jadidchilik harakati markazlaridan biri sifatida shuhrat qozongan Vatanimizda bugun shu nomda yangi gazetaning faoliyat boshlayotgani bu boradagi ishlarimizning yana bir amaliy natijasi, tarixiy adolat tantanasi, desak, ayni haqiqat.

Nashrda Oʻzbekiston xalq shoiri, atoqli ijodkor Iqbol Mirzoning “Muharrir minbari” rukni ostidagi “Birlashmoq davri” sarlavhali bosh maqolasida mazkur yangi nashrning mazmun-mohiyati, maqsad-muddaolari, yoʻnalishi oʻz ifodasini topgan. Unda: “Tarixdan maʼlum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar”, degan soʻzlari shunchaki tarixiy maʼlumot emas, balki biz uchun jiddiy chaqiriq ekanini har birimiz teran anglashimiz shart”, deb yozadi muallif.

Yangi nashrning aynan ana shunday vazifani koʻp yillar ado etib kelgan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi negizida tashkil etilganida nafaqat ramziy, avvalo, chuqur tarixiy maʼno, vorisiylik tuygʻusi bor. Shu maʼnoda, ikki jilgʻa birlashib, katta bir daryoga aylanadi, deb ishonamiz.

Shu bilan birga, madaniy-maʼrifiy sohadagi ishlarda hokimlarning masʼuliyati oshirilib, tuman va shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari ishga tushiriladi. Hududlardagi 4 ta sektorga qoʻshimcha ravishda maʼnaviyat sektori tashkil etilib, ular joylardagi Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat koʻrsatadi.

Kelgusi yildan har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va toʻgarak xonalari boʻlgan bittadan madaniyat markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Joylardagi 600 dan ziyod badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha dastur qabul qilinib, bunga 100 mlrd. soʻm yoʻnaltiriladi. Maqom va baxshichilik sanʼatini ilmiy asosda oʻrganish va rivojlantirish kuchaytiriladi.

Shu bilan birga, jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish qoʻllab-quvvatlanadi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga toʻlanayotgan qalam haqi koʻpaytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ular 5-yilga soliqlardan ozod qilinadi. Musiqa va sanʼat maktablari muallimlarining oylik maoshlari oshirilib, ushbu muassasalarning kommunal xarajatlari byudjetdan qoplab beriladi.

Umuman olganda, belgilab olingan maqsad va vazifalar, avvalo, oilada, qolaversa, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash, jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish imkoniyatini yaratib beradi.

Sevara Botirova,

Namangan davlat pedagogika institutining Xotin-qizlar masalalari boʼyicha rektor maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?