Manasliklar hayotini oʻzgartirgan qirq besh kun

10:13 07 Avgust 2025 Jamiyat
101 0

Foto: Arxiv surat

Qirq besh kun... Bu jumla aytilganda milliy adabiyotimizning taniqli namoyandasi, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadning shu nomdagi asari yodga tushadi.

Maʼlumki, Katta Fargʻona kanali xalqimizning fidokorona mehnati tufayli qirq besh kunda qurib bitkazilgan va bu shonli voqelik xalq qahramonligining yorqin namunasi sifatida mamlakatimiz tarixi solnomasiga zarhal harflar bilan bitib qoʻyilgan. Bundan qariyb sakson yil oldin umumxalq hashari yoʻli bilan qurilgan bu ulkan obihayot manbai ona zamin bagʻrini gul-u chechaklarga, dov-daraxtlarga, noz-neʼmatlarga burkagancha hamon hayot qoʻshigʻini aytib, sharqirab yotibdi.

Oradan sakson yil oʻtib yana “Qirq besh kun”ning yangi nafasi, yangroq sasi xalqimizning qalbini junbishga keltirdi. “Obod qishloq” dasturining mamlakatimizda eng birinchi boʻlib Mirzachoʻlning bir boʻlagi boʻlmish Jizzax viloyatining Doʻstlik tumanidagi Manas qishlogʻida hayotga tatbiq etilgani va bu ilk tajribaning ham qirq besh kunda amalga oshishida ulugʻ hikmat bordek...

Qirq besh kun ichida eng xarob qishloq eng obod qishloqqa aylanib qolsa deng... Ming avaylansa-da, poyabzali loyga belanib safarga ketgan manaslik, qirq besh kun oʻtib qishloqqa qaytganda asfalt yotqizilgan keng va ravon koʻchalar boʻylab kirib kelsa... Borliq endigina uygʻonib, yoʻl chetiga ekilgan anvoyi gullar hamalning ilk kunlaridayoq sarafroz aytib sollanib tursa deng!..

Bu ham mayli, mahalladagi baʼzi birovlar uyini taniy olmay, ancha payt koʻchada angrayib yurganini aytmaysizmi! Axir, yaqindagina chiqib ketayotganda, nurab, mungʻa­yib qolgan koʻcha devorlari-yu shiferlari sinaverib, ming yamoq boʻlgan uyining tomiga qarab yuragi ezilib ketmaganmidi? Ha, devorlari qulamay, yozgacha chidab bersa, bir amallab taʼmirlashi kerakligini oʻylab ketgandi. Bugun esa uyim, deb taxmin qilgan imoratning oldida ichkariga kirishga jurʼat qilolmay turibdi. Tushmi bu yo oʻng? Xayolotmi yoxud haqiqat?

Yuqoridagi savollarga javob topish uchun koʻpam qiynalish shart emas, yaqin oʻtmishga qaytish kifoya.

Bundan yetti yil muqaddam davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ezgu ish xalqimizga chinakam umid bagʻishladi, oilasi va koʻngliga xotirjamlik nuri, baxt hidini olib kirdi.

Oʻsha yil vazirlik va idora rahbarlari hamda mutaxassislardan iborat ishchi guruhi Doʻstlik tumanidagi barcha qishloq va mahallalarning ijtimoiy holatini oʻrgandi. Shundan soʻng “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish maqsadida birinchilardan boʻlib viloyat markazidan 70 km. uzoqlikda joylashgan Manas qishlogʻi tanlandi.

Endi eng quvonarli jihatga toʻxtalsak. Oʻshanda dastur asosida qishloqda 34 ta koʻp qavatli uyning tomi toʻliq yangidan yopildi. Rejasiz qurilgan koʻrimsiz bino va obyektlar olib tashlanib, yangidan yordamchi inshootlar qurildi. Atrofga mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida 65 km. uzunlikda suv quvuri yotqizildi. 41 kilometrlik kollektor-drenaj tarmoqlari tozalandi. Eski qishloq vrachlik punkti oʻrnida zamonaviy oilaviy poliklinika bunyod etildi. Ikkita umumtaʼlim maktabi va maktabgacha taʼlim muassasasi kapital taʼmirlanib, qayta jihozlandi.

Qisqacha aytganda, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Obod mahalla” dasturi doirasida oʻsha yili Jizzax viloyatining Doʻstlik tumanidagi qirgʻiz millatiga mansub 6 mingdan ortiq aholi yashaydigan Manas qishlogʻi infratuzilmasi tubdan yangilanib, atigi 45 kunda goʻzal shaharchaga aylantirildi.

Qirq besh kun insoniyat tamadduni oldida lahzadek gapdir, ammo mana shu lahzada manasliklar nazdida asrlarga tatigulik hodisa roʻy berdi. Quvonarlisi, qishloq ahli ham chetda jim qarab turmadi, qariyb qaytadan qurilgan taʼlim va tibbiyot muassasalari topshirilishga tayyor boʻlguncha ular ham qoʻlidan kelgancha mehnat qildi. Joʻmraklardan oqayotgan toza ichimlik suviga quvonch bilan kaftlarini tutayotgan hamqishloqlar sevinchi yer-u koʻkka sigʻmadi. Asfalt yotqizilgan yoʻllar atrofiga ekilgan mevali va manzarali koʻchatlarning barq urib yashnashida koʻngillarida orzular gullayotgan yoshlarning kelajagi koʻringandek boʻldi. Negaki, oʻrtada maʼlum muddat darz ketgan oʻzbek — qirgʻiz munosabatlaridan soʻng manasliklarning ham ruhlari tushib, ahvol oʻnglanishiga umid qilmay qoʻyishgan, qishloqning navqiron avlod vakillari ish izlab, birin-ketin oʻzga yurtlarga keta boshlagandi.

— Butun umrim shu qishloqda oʻtdi, — deydi “Manas” qishloq fuqarolar yigʻini raisi, “Shuhrat” medali sohibi Jalil Kenjayev. — Maktabda yetakchilikdan ish boshlagan boʻlsam, keyinchalik xoʻjalik bosh hisobchisi, xoʻjalik rahbari lavozimlarida faoliyat yuritdim. Qishloqdagi har bir oilaning quvonch-tashvishlariga sherik boʻlib kelmoqdaman. Har qaysi fuqaroning qanday yashashi-yu nima bilan bandligi menga besh qoʻlday ayon. Orada qancha qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazdik. Qiyinchiliklarga bardosh berolmaganlar xorijdan baxtini izlashga tushdi, Manasdan ham 300 xoʻjalik koʻchib ketdi. Ularning aksariyati yosh oilalar edi. Biz, shu yurt tuprogʻida ildiz otib, tomir yoyganlar esa ketmadik, toʻgʻrirogʻi, biz uchun muqaddas boʻlib qolgan zaminni tashlab ketolmadik. “Sabrning tagi — sariq oltin” deganlari rost ekan. Mana, yorugʻ kunlar kelib, hayotimiz ijobiy oʻzanga tushdi.

2018-yil 30-mart kuni davlatimiz rahbari Manas mahallasidagi “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgach, madaniyat saroyida oʻtkazilgan yiQilishda aytgan “Men “Obod qishloq” dasturini bekorga Manasda boshlamadim, chunki bu yerda tanti va mehnatkash xalq yashaydi”, degan soʻzlari butun manasliklar koʻnglini koʻklarga koʻtarib yubordi. Obodlik koʻngildan boshlanadi, deganlari shu boʻlsa kerak-da!

Darhaqiqat, qirgʻiz eposi qahramoni nomi bilan ataluvchi Manas qishlogʻi oz fursatlarda chinakam doʻstlik qoʻrgʻoniga aylandi. Zotan, oʻzbek va qirgʻiz millatlari ildizi bir, tili bir, dili bir qardosh xalqlar ekaniga shak-shubha yoʻq. Ming yilliklar davomida birga, yonma-yon yashab kelgan oʻzbek va qirgʻiz xalqlari doʻstligi-yu birodarligi tahsinga loyiq. Baʼzan bir koʻchaning ikki tomonida, bir soyning ikki sohilida istiqomat qilib, toʻyu maʼrakalarini birga oʻtkazgan, yaxshi-yomon kunlarida birga boʻlgan oʻzbek va qirgʻiz xalqi doim bir-biriga uyining toʻrini bergan va berayotir.

Rost, bu ikki millat tashqi dushmanlarga qarshi yelkama-yelka turib kurashgan, muqaddas Turon oʻlkasining ozodligi, mustaqilligi uchun jonini fido qilgan. Masalan, qirgʻiz xalqining jahonga mashhur dostoni “Manas”da bosh qahramon Manas botir Turon oʻlkasiga koʻz tikkan dushmanlar — qoraxitoylar va jungʻorlarga qarshi mardonavor kurashgan. Manas botirning ishonchli lashkarboshilari esa oʻzbek qavmi vakillaridan, suyukli yori Qonikey Buxoro xoni Temirxonning qizi boʻlgan. Dushmanlar Manasni hiyla yoʻli bilan halok etgach, Manasning yolgʻiz oʻgʻli Semetey Buxoroda tarbiya topgan. Olimqul mingboshi, Qurmonjon dodxoh va boshqa qahramonlar haqida tarixdan juda koʻp misollarni keltirishimiz mumkin.

Bugun ushbu qishloq yanada koʻrkamlashganidan qardosh qirgʻizlar ham juda xursand. Deylik, Bolosogʻun nomidagi Qirgʻiziston milliy universitetining dotsenti Mirsaid Anarbayev “Ochiq soʻz” gazetasining 2018-yil 13-sentyabr sonining yarim sahifadan koʻprogʻini egallagan “Beqiyos oʻzgargan Manas” sarlavhali maqolasida oʻzining koʻrganlarini maroq bilan hikoya qiladi. Qirgʻiz olimi maqolani shunday yakunlagan: “Manas qishlogʻi Oʻzbekistonning 10 ta viloyati oralab oʻtib, mamlakatni Eron, Afgʻonis­ton va Turkmaniston bilan bogʻlaydigan ulugʻ yoʻlga yaqin joylashgan. Eng muhimi, qishloqqa Prezidentning nazari tushdi. Uni koʻrgani atayin uzoqlardan tashrif buyuruvchilarning qadami uzilmayapti. Istagimiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshlagan ushbu xayrli tashabbus qanot yozib, butun mamlakat obod va farovon boʻlsin”.

Shuningdek, Qirgʻiziston Milliy yozuvchilar uyushmasi raisi Nurlanbek Qallibekovning Oʻzbekistonga safari chogʻi bir tadbirda aytgan soʻzlari ham hali-hamon esimda...

— Odatda, turli xalqlarni bir-biriga koʻrsatilgan mehr-oqibat rishtalari tom maʼnoda oQa-ini, doʻst-birodar qiladi, — degandi u. — Qirgʻiz xalq qahramonligining timsoli nomi bilan ataluvchi bu qishloqning obod etilishi, avvalo, qirgʻiz xalqiga boʻlgan hurmat, deb bilamiz. Eng muhimi, millatdoshlarimiz turmush tarzi bilan tanishib, ularning Oʻzbekistonda millatlararo tinchlik, doʻstlik, totuvlik tamoyillari asosida yashayotganiga guvoh boʻldik. Atoqli adib, ulkan jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludi Oʻzbekistonda ham keng nishonlandi. Bu ikki xalqning tili, dili birligi, tomirlari tutashligining dalolatidir. Bu ishlarning boshida turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Xudo siylasin!

Bunday eʼtiroflar har qanday oʻz yurtini sevuvchi, vatanparvar insonni befarq qoldirmaydi, albatta.

Qirgʻizlarda qishloqning achchigʻi-yu chuchugida, yaxshi-yu yomonida bosh boʻlib turadigan, oʻtidan kirib, suvidan chiqadigan ulugʻlari “oʻtogʻa” deb nomlanadi, izzat-hurmat qilinadi. Jalil Kenjayevga ham mahalla raisidan ham koʻra, oʻtogʻa sifati juda mos keladi.

Bugun yana yoʻlimiz Manasga tushib, mahalla idorasiga kirib borar ekanmiz, u yerdagi obodlik, ozodalikdan koʻnglimiz ravshan tortdi va oʻtogʻamizni savolga tortdik: “Xoʻsh, kechagi kun quvonchlari nafaqat bugunni, balki ertani ham yoritishi uchun qanday amallar qilinyapti? Natijalar qanday? Manasliklarning kayfiyati yaxshimi?”

— Aʼlo darajada, — deydi u. — Manasliklar oʻzlariga koʻrsatilgan gʻamxoʻrlikdan soʻng hayotga yangicha ruh bilan qarab, imkoniyatlardan unumli foydalanmoqda. Koʻp qavatli uylarda yashovchi hamda aholining kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar tarkibiga kiruvchi qatlamlariga moddiy yordam koʻrsatish maqsadida 30 ta shunday oilaga 7 foizlik imtiyozli kreditlar ajratilib, ona-bola sigirlar olib berilgandi. Kimdir shartnoma bilan chorvachilik fermalaridan pul oʻtkazish yoʻli bilan, kimdir bozorda oʻzi tanlagan molga bank toʻlovi bilan chorva mollari xarid qildi. Eng asosiysi, qishloqdagi 34 ta koʻp qavatli uyda yashovchi oilalarga oʻz qoramollarini saqlash uchun qishloq chetidan 150 bosh qoramolni boqishga moʻljallangan zamonaviy molxonaning qurib berilishi fuqarolarni kuz-qish mavsumida joy qidirish tashvishidan xalos etdi.

Hozirgi kunda oʻsha oilalar mollari tuyogʻini ancha koʻpaytirib olishgan. Ana shunday oila vakillaridan birini suhbatga tortdik.

— Qishlogʻimizda “Obod qishloq” dasturi boshlanganida turmush oʻrtogʻim va uch nafar farzandim bilan 2 qavatli uyda yashar edik, — deydi Saodat Tapkanova. — Men maktabda farrosh, turmush oʻrtogʻim esa fermer xoʻjaligida mavsumiy ishchi boʻlib ishlardik. Uyimiz taʼmirtalab edi. Farzandlarimizni sut-qatiq bilan taʼminlash uchun sigir olaylik, desak, qurbimiz yetmasdi, chunki topgan daromadimiz kunlik roʻzgʻordan ortmasdi. Dastur doirasida bizning uyimiz taʼmirlandi, 7 foizlik imtiyozli kredit asosida bizga ona-bola sigir olib berildi. Bugungi kunda qoramollarimizning tuyogʻi koʻpayib qoldi. Farzandlarimiz doimiy sut-qatiq bilan taʼminlanyapti, ulardan ortganini sotyapmiz, bu ham oilamiz byudjetiga qoʻshimcha daromad keltirmoqda.

— Qoramolimizning tuyogʻi koʻpaydi, deysiz-da, sonini aytmaysiz. Qoramolingiz necha boshga koʻpaydi? — deymiz quvlik bilan opaga.

— Aytsam, koʻz tegadi, deb qoʻrqaman. Keling, shuni aytmay qoʻya qolay, — deydi opa qishloq ayollariga xos soddalik bilan jilmayib. Men ham uning ochiq chehrasiga boqib:

— Hay, mayli, tuyogʻi koʻpayaversin, — deyman.

Yana bir sevinchli xabar. Oʻtgan yili kam taʼminlangan oilalar farzandlari boʻlgan 20 nafar yoshga 1 gektardan 20 gektar yer ajratib berilgan ekan. Qaysi mahsulot ekilsa, dehqon koʻproq hosil olib, daromadi oshadi, degan savol qoʻyilib, brokkoli ekishga qaror qilinibdi. Mahalla ahli bu ekinni avval yetishtirmagan, parvarishda xatoga yoʻl qoʻysa, butun mehnat chippakka chiqishi mumkin. Shu xavotirda shu ishning hadisini bilgan dehqonlardan amaliy saboq olish kerak, degan maslahat bilan surxondaryolik dehqonlarni Manasga olib kelishibdi. Ular Surxondaryodan oʻzlari bilan koʻchat olib kelib, manaslik yoshlarga brokkoli ekish va parvarishlash sirlarini oʻrgatib ketishibdi.

Yoshlar birinchi yili ikkinchi ekinga brokkoli ekib, yaxshi daromad olishibdi. Bu yil esa birinchi ekinga qovun-tarvuz yetishtiribdi, ular yigʻib olingach, ikkinchisiga yana shu ekinni ekishni moʻljallab turishibdi ekan.

Xayrli tashabbuslar ortidan xayrli ishlar ergashib yurishiga koʻpchilik ishonadi. Gap shundaki, 1 gektardan yer olgan har bir yoshga oʻziga ajratilgan yerning bir chekkasidan 4 sotixdan issiqxona ham qurib berilibdi. Mazkur issiqxonalarda pomidor, bodring singari rezavor ekinlar yetishtirgan yosh dehqonlarning bugun qoʻli-qoʻliga tegmayapti. Rustam Norboyev oʻsha yoshlardan biri. U Rossiyada ishlab, hayotning achchiq-chuchugini totgan, yurt qadrining nechogʻli ulugʻligini anglagan yigit. Yoshlarga berilayotgan imtiyozlarni koʻrgan Rustam ona qishlogʻida qolib, dehqonchilik qilishni maʼqul koʻrdi. Oʻtgan yili Prezident va yoshlar uchrashuvida ishtirok etib, oʻz kechinmalarini izhor qilgandi. Bugun esa u Manasning eng faol yoshlaridan biriga aylangan.

Qayd etish joiz, Manas yurtimizda eng qisqa fursatda qayta qurilgan qishloq hisoblanadi. Qirq besh kun davomida amalga oshirilgan ishlarning barchasini sanab chiqishning oʻzi mushkul. Bu ishning butun koʻlami va mahobatini anglash uchun bu yerga kelib koʻrish, odamlarining toʻlib-toshib aytgan soʻzlarini eshitish, qalb ila his qilish kerak, albatta.

Mehribon ABDURAHMONOVA

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер