Mamlakatimizning mahsuloti 100 foiz eksport yoʻnaltirilgan korxonasini bilasizmi?!
Haqiqatan ham shunday korxona bor. Unda nodir va strategik xom-ashyo - uran ishlab chiqariladi.
Qizigʻi, oʻtgan asrning yetmishinchi yillari boshida asos solingan ushbu quvvat, dastlab maxfiylik nuqtayi nazaridan qoʻshni Tojikistondagi kimyo kombinatining bir sexi-tajriba maydonchasi sifatida faoliyat olib borgan.
Bugun esa tashkil etilganligining 50 yilligini nishonlagan ushbu korxona — 5-kon boshqarmasi maqomi bilan Navoiy kon metallurgiya kombinati tarkibida faoliyatini davom ettirmoqda. Shu munosabat bilan boshqarmaga NKMK matbuot xizmati ish rejasiga koʻra press-tur uyushtirildi.
Viloyat va Respublika OAVlari vakillari hamda blogerlardan iborat press-tur ishtirokchilariga boshqarma direktori Valijon Nazarov kon boshqarmasi istiqlol yillarida 4,8 ming kishilik mehnat jamoasining zahmati tufayli tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi toʻrt, burgʻulash toʻqqiz, mahsuldor eritmalarni qayta ishlash miqdori sakkiz, ammoniy parrenati ishlab chiqarish hajmi esa yetti baravarga oshirganligi va bu yutuqlarning omillari xususida maʼlumot berdi.
— Ayniqsa, mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalar mahsulot tannarxini pasaytirish bilan birga ishlab chiqarishda korxonamiz barqarorligini taʼminlamoqda, — dedi V. Nazarov. — Dasturga koʻra boshqarmaning taʼmirlash-mexanika sexida 2021-yilda jami 743,2 million soʻmlik yangi tipdagi burgʻulash uskunalari hamda choʻktirma nasos qurilmalari uchun jami 52 turdagi ehtiyot qismlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgan boʻlib, yil boshidan buyon ularning 49 turi oʻzlashtirildi.
Taʼkidlash joiz, boshqarma tasarrufidagi 14 ta konda choʻktirma nasoslarning texnik uzilishlarsiz ishlashi barqarorlikning muhim omili hisoblanadi. Shu sabab xom-ashyoga yer ostida ishlov berishga asoslangan ushbu konlardagi 40dan oshiq qurilmaning 150dan 600 metrgacha chuqurlikda ishlaydigan choʻktirma nasoslar toʻxtashlarining oldi olinmoqda. Misol uchun ilgari nasos qurilmasining 700 ming soʻm evaziga chetda keltirilgan ishchi gʻildiragi endilikda boshqarma taʼmirlash- mexanika sexida tayyorlanib, import xarajatlari qariyb 30 marotaba tejalishiga erishilgan. Eng muhimi, birgina shu nasosning 60ga yaqin butlovchi qismiga ishlatiladigan xom-ashyoning barchasi respublikamizdagi korxonalardan olinmoqda.
Kon boshqarmasida jamoaning ijtimoiy muhofazasi, sport va sogʻlomlashtirish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilgan.Shu maqsadda korxona maʼmuriy markazida qad rostlagan inshootlar bugun Zafarobod qoʻrgʻoni koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda. Xususan, qoʻrgʻonda “Yoshlik” madaniyat va sport markazi bunyod etilishi, boʻsh turgan binoning taʼmirlash va qayta rekonstruksiyalash natijasida 42 nafar yosh mutaxassis va ular oilasi uchun namunaviy uy-joyga aylantirilishi, Bolalar sport majmuasi, 2-sonli maktabgacha taʼlim muassasasining toʻliq rekonstruksiya qilinishi qoʻrgʻon markazida barpo etilgan musiqali favvora, yopiq suv havzasiga ega “Yangi hayot” sogʻlomlashtirish majmualari kuchli ijtimoiy himoyaning eng muhim mezonlaridan biridir.
Qatrada quyosh aks etganidek istiqlol yillarida mamlakat miqyosida roʻy bergan oʻzgarishlar Navoiy kon metallurgiya kombinati va uning yetakchi tizilmasi 5-kon boshqarmasi hayotida ham oʻz aksini topib, uning koʻp ming kishilik va koʻpmillatli jamoasi oʻzlarining ellik yillik yubiley tantanalarini yorugʻ yuz bilan kutib oldilar. Ularning fidokorona mehnatlari natijasida asosiy mahsulotlar ishlab chiqarish va mahsulot eksporti boʻyicha joriy yil birinchi chorak rejalari ham sharaf bilan uddalandi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring