Maktabning 60 yillik tantanasi yangi binoda nishonlanmoqda

16:17 13 Noyabr 2023 Jamiyat
206 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro shahridagi 17 – umumtaʼlim maktabi respublikamizdagi yetakchi bilim dargohlaridan sanaladi. Shu boisdan boʻlsa kerak koʻpgina ota-onalar oʻz farzandining ushbu maktabda oʻqishini istashadi. Ayni damda bu yerda ikki ming nafarga yaqin oʻgʻil-qiz taʼlim-tarbiya olmoqda.

Ammo faoliyatini boshlaganiga oltmish yil boʻlgan bilim dargohida imkoniyat ehtiyojni qondirmay kelayotgandi. Aniqrogʻi, sinfxonalar yetishmovchiligi vajidan oʻqish ikki smenada olib borilayotgan, darsdan keyingi toʻgarak mashgʻulotlari, oʻquvchilar bilim va salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan tadbirlarni oʻtkazishda qiyinchiliklar uchrayotgan edi.

Endilikda aynan shu ogʻriqli masala kun tartibidan tushdi. Davlatimiz tomonidan ajratilgan 13 milliard 600 million soʻm mablagʻ evaziga 990 oʻrinli besh qavatli yangi oʻquv binosi qurilib foydalanishga topshirildi.

— Zamonaviy jihozlangan sinfxonalar, laboratoriya xonalari, axborot- resurs hamda kovorking markazi, monobloklar, chigilyozdi mashgʻulotlar maydonchasi — bularning barchasi yubiley yoshini nishonlayotgan bilim dargohimiz jamoasiga, oʻquvchilarimizga ajoyib tuhfa boʻldi, — deydi maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Dilshoda Toʻyeva. — Eʼtiborlisi, yangi oʻquv binosi lift bilan taʼminlangan. Bunaqasi mamlakatimizda juda kam uchraydi. Aytmoqchi, maktab sport zali ham taʼmirlanyapti.

— Qadrdon maktabimizda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni koʻrib, ishlagisi keladi kishining, — deydi 41 yil davomida yoshlarga ona tili va adabiyoti fanidan saboq bergan mehnat faxriysi, “Shuhrat” medali sohibi Habiba Qahhorova. — Fursatdan foydalanib, shogirdlarimga, oʻqituvchilarga qarata “shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yoshlar ongu shuuriga ilmu maʼrifatni obdan singdiring. Toki, ertaga ular shunday dorilamon kunlarning qadru qimmatiga yetadigan, el-yurt ravnaqiga hissa qoʻshadigan kishilar boʻlib yetishsin”, deyman. Biz shogirdlarimizga Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Sadriddin Ayniy kabi zabardast yozuvchilarimiz asarlari magʻzini chaqib berish orqali shu ezgu ishga baholi qudrat ulush qoʻshdik. Negaki, yozuvchilarning hayoti bu xalqimiz, sizu bizning hayotimizdir.

Maktab yangi oʻquv binosining ochilish marosimi bayramona tus oldi. Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov toʻplanganlarni ushbu shodiyona bilan qutlab, yoshlar taʼlim tarbiyasi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida ekanini taʼkidladi va bilim maskanidan el-yurt ravnaqiga xizmat qiladigan yoshlar yetishib chiqadi, deya ishonch bildirdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?