Mahkumlarni topshirishga oid xalqaro hujjat ratifikatsiya qilinmoqda

11:17 18 Mart 2025 Siyosat
816 0

Foto: Akmal Muhammadov, Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Senatning beshinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2024 yil 18 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. 

Shartnomaning asosiy maqsadi mahkumlar jazoni o‘z fuqaroligi bo‘lgan davlatda, ya’ni o‘z Vatanida, oilasi yaqinida o‘tash imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Shartnomada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni hukmni ijro etish uchun o‘z davlatiga topshirish asoslari, shartlari hamda tartiblari aniq ko‘rsatib o‘tilgan.    

Shuningdek, mazkur hujjatda mahkumni topshirish bilan bog‘liq xarajatlar, nizolarni hal qilish, ikki tomonlama aloqa tillari, Shartnomaga o‘zgartirish kiritish hamda uning kuchga kirishi kabi muhim masalalar o‘rin olgan. Shartnomada O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh prokuraturalari tomonlarning markaziy organlari etib belgilangan.

Qayd etilganidek, mazkur Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi mahkum o‘ziga belgilangan jazoni o‘z davlatida o‘tashini davom ettirishini ta’minlash orqali uni ijtimoiy reabilitatsiya qilishni jadallashtirish imkonini beradi.

Shubhasiz, mahkumlarning jazoni o‘z davlatida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam ko‘rishib turish imkoniyatini berish bilan birga mahkumlarning oilaviy munosabatlariga ijobiy ta’sir qiladi hamda ularning ijtimoiy hayotga moslashuvini tezlashtiradi. 

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.

Foto: Akmal Muhammadov, Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер