Mahalliy xomashyolardan PVX va keramik mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalari yaratiladi

16:35 13 Iyul 2020 Jamiyat
2575 0

2020-yil 11-iyul kuni «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi qoshidagi Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashining 11-yigʻilishi majlisi onlayn tarzda boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, Kengash raisi, akademik I.Abdurahmonov raislik qildi.

Yigʻilishda mahalliy xomashyo asosida polivinilxloriddan (PVX) buyumlar ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish boʻyicha ilmiy loyihalar muhokama qilindi. Loyihani amalga oshirish natijasida polivinilxloridning mahalliy minerallar bilan yuqori darajada toʻldirilishi, bu bilan yangi tarkibli va sifatli kompozit materiallar olinishiga imkoniyat kengayadi. Mahalliy minerallar — vollastonit, bazalt, vermikulit kabilarning modifikatsiya qilish, sirt faol moddalar bilan ishlov berish hisobiga polimer asoslar bilan bogʻlanishida barqarorlik va mustahkamlikni taʼminlash masalalari hal qilinadi. Olingan yangi tarkibli materiallardan davlat standartlari talablariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasi ilmiy jihatdan asoslanadi.

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda polimerlar ichida aynan PVX qurilishda eng keng qoʻllaniladi. AQSHda PVXning 50 foizi, Yevropada 60 foizi qurilishida foydalaniladi. Eskirmaydigan, pishiq, qattiq, yengil, zanglamaydigan, kimyoviy, ob-havo va harorat taʼsiriga chidamli mazkur material yongʻinga chidamliligi bilan ham ajralib turadi. Elektr oʻtkazmasligi esa uni izolyatsiya materiali sifatida qoʻllanishiga ham imkon beradi. PVXdan ishlab chiqarilgan quvurlarning yaroqlilik muddati 40 yil boʻlib, bu sohadagi yangi ishlanmalar ularning yaroqlilik muddatini 100-yilgacha yetkazishi mumkin.

PVX boshqa qurilish materiallariga qaraganda arzon va yengil. Demakki, PVXni qayta ishlashga, transportirovka qilishga, demakki yoqilgʻiga kamroq mablagʻ sarflanadi. Shuningdek undan uzoq muddat davomida foydalanish mumkinligi ushbu materiallardan yasalgan rom va eshiklar, quvurlar va boshqa anjomlarni almashtirishga ketadigan xarajatlarni qisqartiradi.

Hozirgi kunda sanoat korxonalarida ishlab chiqarishning yuqori surʼatlarda oʻsishi polimer kompozitsion materiallarga boʻlgan talabning yildan yilga ortishiga sabab boʻlmoqda. Bu oʻrinda avtomobilsozlik va qurilish sohasida polimer kompozitsion materiallarga yuqori konstruksion talablar qoʻyilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 512 ming tonna poliyetilen, 83 ming tonna polipropilen va 17,5 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqarilmoqda.

Yangi loyiha boʻyicha amalga oshiriladigan tadqiqotlar tufayli esa mahalliy polimer - polivinilxlorid mineral toʻldiruvchilar - vermikulit, dispers bazalt, vollastonit, bazalt tolalari, antipirenlar va boshqa qoʻshimchalar asosida yuqori bosimli va termik barqaror polimer PVX buyumlari olishda ishlatiladigan polimer kompozitlar tarkibi ishlab chiqiladi. Shuningdek, mahalliy xomashyolar asosida PVX buyumlar ishlab chiqarishning innovatsion texnologiyasining texnik reglamenti tuzilib, tegishli hujjatlapi tayyoplanadi.

Yigʻilishda Davlat ilmiy-texnik dasturlariga ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi Hayʼatida tasdiqlanadi.

Yigʻilishning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 26-27-iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga koʻra Namangan viloyatida ilmiy asosda va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etgan holda noruda qazilma boyliklarini qayta ishlash masalasi muhokama etildi. Xususan kaolinni qayta ishlash asosida yuqori qoʻshilgan qiymatli qurilish materiallari (keramika va b.) ishlab chiqarishni kengaytirish va ularning tannarxini pasaytirish boʻyicha chora tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Bu dasturni amalga oshirishda Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashi va “OʻzqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi faoliyatini tubdan takomillashtirish nazarda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?